Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Ayollarga xos zamonaviy fiqhiy masalalar

29.01.2025   14797   13 min.
Ayollarga xos zamonaviy fiqhiy masalalar

Barchani dunyoga keltirgan, duogo‘y bo‘lgan mo‘tabar onalar, qadrdon opa-singillar va g‘amxo‘r qizlarning oilada, jamiyatda tutgan o‘rni beqiyosdir. Alloh taolo Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayh vasallam orqali muhtarama ayollarning qadr-qimmatini yuksaklarga ko‘tarib, O‘zining kalomi sharifida ham ular uchun alohida sura nozil qildi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining hadisi shariflarida ayollarga oid barcha masalalarni, jumladan, ularning jamiyatdagi o‘rni, oiladagi, farzand tarbiyasidagi roli, ilm tarqatishdagi mas’uliyati kabilarni batafsil bayon qilib berdilar. Saodat asridan to zamonamiz ulamolarigacha, barchalari o‘zlarining ilmiy asarlari va kitoblarida ayollar uchun alohida boblar ajratishgan.

Bugungi kunga kelib, ayollarning jamiyatdagi o‘rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o‘rganish, turli salbiy oqibatlarning oldini olish ishlariga e’tibor kuchayib bormoqda.

Islom dini ozoda va ko‘rkam tashqi ko‘rinishni ma’qullaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadisda u zot: “Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi”, deganlar (Imom Muslim “Sahih”da Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 147-hadis).

Odamzodning tabiatida go‘zallikka intiluvchanlik bor bo‘lgani uchun o‘zgalar ko‘ziga chiroyli ko‘rinishni xohlab, o‘ziga oro berishda vaqtini ayamaydi. Ayniqsa hozirgi kosmetologiya sanoati rivojlanib, uning mahsulotlari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bir paytda.

Yuqorida aytganimizdek, Islom dini tashqi ko‘rinishni yaxshilashni to‘liq taqiqlamaydi. Aksincha, shunday holatlar borki, o‘ziga oro berish shart yoki matlub bo‘ladi. Masalan: er-xotinlik aloqalarini yaxshilash maqsadida Islom dini ayolning er uchun, erning ayol uchun bezanib yurishini tavsiya qiladi. Bu borada Abdulloh ibn Abbosning quyidagi so‘zlari rivoyat qilinadi: “Ayolimning men uchun ziynatlanishini yaxshi ko‘rganimdek, men ham ayolim uchun ziynatlanishni yaxshi ko‘raman”[1].

Shuning uchun ham Islomda tashqi ko‘rinishga oro berish umumiy holda ruxsat etilgan. Biroq bu ishda harom qilingan ayrim holatlar mavjud. Sabablari esa quyidagilardir:

a) agar kofir yoki axloqsiz odamlarga o‘xshash uchun qilinsa;

b) agar Alloh yaratgan tashqi ko‘rinishning o‘zgarib ketishiga olib keladigan g‘ayritabiiy narsalar bilan o‘z holatini o‘zgartirsa, mana shu sabablardan birginasi mavjud bo‘ladigan bo‘lsa ham, tashqi ko‘rinishni yaxshilash joiz emas.

Endi go‘zallik salonlarida aksariyat qo‘llaniladigan muolajalar hamda ularning me’yorlari bilan tanishib chiqsak:

Boshqa jins vakillarining sochini olish yoki turmaklash. Bu man qilingan.

Soch bo‘yash. Tim qora, shuningdek, ayol kishini axloqsiz yoki buzuq ko‘rinishga olib keluvchi ranglarga bo‘yalmasa, soch bo‘yashga ruxsat bor.

Sochni butunlay qora rangga bo‘yashning man qilinganligi quyidagi hadisda keltirilgan: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qaysi qavmga o‘xshasa (ya’ni o‘zini o‘xshatsa), u o‘shalardandir” (Abu Dovud, 4031-hadis. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan).

Qosh terish va shaklini o‘zgartirish. Bu ish taqiqlangan, chunki bunda qoshning asl tabiiy shakliga aralashish bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qosh teruvchi va qosh terdiruvchi ayollarni ochiq-oydin la’natlaganlar.

Ibn Ma’sud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Mijozning avrat bo‘lmagan joylaridan tuklarni ketkazish gunoh emas. Masalan: yuzdan (qoshlardan tashqari), qo‘ldan, oyoqdan va hokazo. Xuddi shu me’yorlar lazerli epilyatsiyaga ham taalluqlidir.

Sochni kesish hamda turmaklash. Ayollarga soch kestirish va turmak qilishga ruxsat berilgan. Ammo sharti shuki, turmak uslubi erkaklarnikiga o‘xshamasligi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarama-qarshi jins vakillariga taqlidni man qilganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Jahannam ahlidan bo‘lmish, men ularni ko‘rmagan ikki toifa kishilar bor. Ularning birinchisi, sigirlarning dumiga o‘xshaydigan qamchilarni ko‘tarib yuruvchilar bo‘lib, ular bilan odamlarni uradilar. Boshqalari esa kiyingan bo‘lsalar ham, lekin yalang‘och ayollardir. Ular (o‘zlarining bunday ko‘rinishlari bilan) boshqalarni Allohning amrlariga itoatsizlikka undaydilar va o‘zlari ham (behayoliklari bilan) Unga itoatsiz bo‘ladilar. Ularning boshi tuyaning o‘rkachiga o‘xshaydi. Ular jannatga kirmaydilar va uning hidini ham hidlamaydilar, vaholanki, uning hidi juda ham uzoq masofadan seziladi” (Muslim “Sahih”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 2128-hadis).

Hadisning sharhi. “Kiyingan bo‘lsalar-da, yalang‘och” iborasida shariat talablariga javob bermaydigan tarzda kiyingan ayollar nazarda tutilgan. Ular o‘ta yupqa matodan tikilgan yoki badanga juda yopishib turgani sababli tananing shaklini yaqqol ko‘rsatib turuvchi kiyimlarni kiyishadi. Agar ko‘ylak, ishton yoki hattoki plash ham badanga yopishib, uning shakli ko‘rinib turgan bo‘lsa, mazkur hadisda aytilgan ogohlantirish ushbu ayollarga taalluqli bo‘ladi.

Shuningdek, harir bo‘lmasa-da, badanni to‘liq bekitmaydigan (masalan, yirtiqlar, V shaklidagi qirqimlar, kalta yoki bilakni yopmaydigan yenglar va hokazo) kiyimlar ham shular jumlasidandir.

Sochlarga keladigan bo‘lsak, ularni boshning tepa qismiga yig‘ib olish haromdir. Chunki bunday turmakda bosh aslidan ko‘ra kattaroq ko‘rinib, tuyaning o‘rkachini eslatadi. Odatda sochlar ensa(gardan)da yig‘iladi, hadisda kelgan tarzda emas. Agar sochlar boshning pastki qismida, ro‘mol tagidan ko‘rinib qolmaydigan qilib yig‘ilsa, ana shu uslub afzaldir. Ayrim muhaddislarning aytishicha, yuqoridagi hadis nomahram erkaklarning huzurida boshini egmasdan, ko‘zini yerga qaratmaydigan ayollarga ham taalluqli bo‘ladi. Bunday ayollar jannatning hidini ham hidlamaydilar [2].

Makiyaj. Agar surtilayotgan moddalarda harom hisoblangan birikmalar bo‘lmasa, bunga ruxsat bor (Kosmetologik vositalarda sintetik spirt ishlatilgani sababli ulardan foydalanishga ruxsat beriladi).

Ayolning tashqi ko‘rinishini yaxshilashga o‘z-o‘zidan ijozat berilgan bo‘lib, makiyaj ham mana shu jumlaga kiradi. Bu ishning harom bo‘lishi esa zeb berilgan tana a’zolarini nomahram erkaklarga ko‘rsatuvchi ayollarga taalluqlidir. Bu uning gunohi bo‘lib, buning uchun o‘zi javob beradi. Shu sababli kosmetologning mijozga makiyaj qilishiga ruxsat beriladi. Agar mijoz makiyajni noto‘g‘ri ishlatadigan bo‘lsa, ya’ni bezatilgan yuzini nomahramlarga ko‘rsatsa, u holda bu gunohga kosmetolog emas, balki o‘sha ayolning o‘zi mas’ul bo‘ladi.

Pedikyur va manikyur. Agar oyoqlarga va qo‘llarga harom moddalar surtilmaydigan bo‘lsa, bunga ruxsat etiladi. Shuni aytib o‘tish kerakki, tahoratning haqiqiy bo‘lishining shartlaridan biri tirnoqning ustiga suv tegishi hisoblanadi. Uning ustiga bo‘yoq (lak) surtilgan bo‘lsa, suv unga yetib bormaydi. Shu bois, tahorat qilishdan oldin lakni ketkazish lozim bo‘ladi. Agar tahorat qilish vaqtida tirnoqda lak bo‘lsa, tahorat haqiqiy hisoblanmaydi [3].

Endi kosmetik jarrohlikka tegishli hukmlar bilan tanishib chiqiladi:

Bu mavzu bo‘yicha taqdim qilingan ilmiy ishlar munoqasha qilinib, u haqda bo‘lib o‘tgan tortishuvlarni eshitib, Islom Konferensiyasi Tashkiloti qoshidagi xalqaro Islom Fiqhi Akademiyasi quyidagicha qaror qiladi.

Birinchi: Kosmetik jarrohlikning ta’rifi: Kosmetik jarrohlik insonni zohiriy jismidagi bo‘laklaridan birini o‘zgartirish orqali chiroy kiritish yoki shikast yetganligi sababli vazifasini qayta izga tushirish uchun xizmat qiladigan jarrohlik

Ikkinchi: Kosmetik jarrohlik mobaynidagi umumiy shartlar va normalarga amal qilish:

  1. Jarrohlik shar’iy e’tibor bilan amalga oshirilgan bo‘lmog‘i lozim. Masalan, vazifani qayta yo‘lga qo‘yish, aybni isloh qilish va xilqatni asliga qaytarish.
  2. Jarrohlik umid qilingan manfaat o‘rniga zararni oshirib yubormasligi kerak. Bu ishni mutaxassis va ishonchli kishilar amalga oshirmog‘i lozim.
  3. Jarrohlik amaliyotini qiluvchi tabib yoki hamshira o‘sha kasbning ahli va mutaxassisi bo‘lishi va bu mas’uliyat Akademiyaning 142-raqamli qaroriga muvofiq bo‘lishi.
  4. Jarrohlik amaliyoti bemorning izni bilan bo‘lishi.
  5. Tabib ongli va voqe bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatarlarni ko‘ra-bila oladigan bo‘lishi lozim.
  6. Jarrohlikdan ta’siri oz bo‘lgan boshqa muolaja bo‘lmasligi lozim
  7. Shar’iy manbalarga muxolif bo‘lmasligi kerak.
  8. Davolanish qoidalariga amal qilmog‘i. Nomahram biqan xoli kolmaslik, avratlarni ochmaslik va shunga o‘xshash narsalardan chetlanish. Zarurat uchun yoki majbur bo‘lib qolganda zarari yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u zot: «Igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchini, soch ulaydiganni va ulatadiganni, husn uchun tishlarining orasini ochuvchini va Alloh xalq qilgan narsani o‘zgartiruvchini la’natlagan», deb aytdilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatda keltirilishicha, soch ulovchi ayol va soch ulatuvchi ayol, igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchi, og‘riqsiz badaniga surat chizuvchi la’natlangan. (Abu Dovud rivoyati). Va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zini ayollarga o‘xshatuvchi erkakka hamda o‘zini erkakka o‘xshatuvchi ayolga bunday qilishni man etganlar.

Uchinchi: Shar’iy ahkomlar:

  1. Kosmetik jarrohlik zarurat va hojat yuzasidan shar’an joizdir.
  2. Jismdagi a’zoning shaklini Alloh xalq qilgan holatiga qaytarish;

Alloh Qur’onda bu haqida: «Batahqiq, Biz insonni eng go‘zal tuzilishda yaratdik», deb aytgan (Tiyn surasi, 4-oyat).

  1. Jism a’zosiga taniqli ma’lum vazifasini qaytarish;
  2. Xalqiy ayblarni isloh qilish. Masalan, yirtilgan lab, qiyshiq burun, xol, barmoq va tishlarning ortiqchasi yoki barmoq yopishib qolib, uning shu tarzda turishi moddiy yoki ma’naviy zarar keltirsa;
  3. Baxtsiz hodisalar sababli, misol uchun, yong‘in, ma’lum bir kasallik va boshqa shunga o‘xshash narsalar natijasida shikastlangan terini olib tashlab, sog‘ terini yamash amaliyoti; ko‘krak bezi kasallikka olib borishidan xavfga tushilsa, uning ba’zi qismini yoki barchasini olib tashlash; soch to‘kilib ketganda soch ekish.
  4. badbasharalikni yo‘qotish, xususan, bu nafsiy aziyatga sabab bo‘lsa.
  5. Kosmetik jarrohlik amaliyoti tibbiy muolaja bo‘lmay, balki insonning tekis xilqatini o‘z havoyi nafsiga ergashib yoki boshqalarga taqlid qilib, rag‘batlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida bo‘lsa, joiz emas. Jumladan, yuzni muayyan ko‘rinishda ko‘rinish uchun yoki firib qasdi va adolatni buzish ma’nosida boshqacha tusga kiritish, burun shaklini o‘zgartirish, labni katta yoki kichik qilish va ko‘z shaklini o‘zgartirish, lunjni kengaytirish kabilar.
  6. Agar vazn biror kasallikni keltirib chiqarsa, uni ilmiy vositalar bilan kamaytirish. Jarrohlikdan boshqa yo‘l qolmasa, zarardan omonda bo‘lish sharti bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish joiz.
  7. Ajinni jarrohlik yo‘li orqali yoki ukol orqali modomiki kasallik holati bo‘lmasa, zarardan omonda bo‘lish sharti bilan joiz emas.
  8. Qizlik pardasi baxtsiz hodisa yoki zo‘ravonlik oqibatida yoki majburlash bilan yirtilib ketgan bo‘lsa, uni tikish joiz. Ammo fohishalik sababli o‘sha qilgan gunohini yopish uchun bo‘lsa, shar’an joiz emas. Bu amaliyotda shifokor ayollar boshchilik qilishlari lozim.
  9. Mutaxassis tabib tibbiy amallarda shar’iy qoidalarga amal qilishi va jarrohlik qildirayotganlarga nasihat qilishi lozim. Chunki «Din nasihatdir», deyilgan [4].

Islom Alloh taoloning mukammal barcha zamon va makonlarga salohiyatli dini o‘laroq, inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Islomda inson hayotining arzimaydigan tomonlari yo‘q, balki inson hayotining barcha sohalari baravar e’tiborga sazovordir.

Shuningdek, Alloh taolo insonni eng go‘zal suratda yaratgan. Uni sabablarsiz o‘zgartirishga hech kimning haqqi yo‘q. Shunday ekan, boshqa din vakillariga taqlid qilib, xilqatni o‘zgartirish musulmonning ishi emas.

Nafosat RAHMATOVA,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

[1] “Tafsir ibn Kasiyr”, I jild, 459-bet.
[2] Navaviyning “Sahihi Muslim”ga sharhi, XVII jild, 190-bet; “Ihyaat Turas” nashr.
[3] Muftiy Suhayl Tarmahomed Muftiy Ibrohim Desoiyning mulohazalari ila Jamiatul Ulama, Darul Ifta.
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. III juz. – T: “Hilol-Nashr”, 2021. – B. 640.

 

Ayollarga xos zamonaviy fiqhiy masalalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   42698   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari