Shu o‘rinda bir ibratli rivoyatni keltirish maqsadga muvofiqdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo unga oliy martaba ato qilgan edi. Vafot etgandan keyin bir kishi tushida u zotdan: “Alloh sizga qanday muomala qildi?” deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi. Lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi”, dedi.
Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka nasib qilmagan narsa unga berilganini o‘ylab, uning mahallasiga bordi.
Surishtirib, Abdulloh ibn Muborakning temirchi qo‘shnisi borligini, u ham o‘sha kunda vafot etganini aniqladi. Borib, temirchining xotinidan: “Eringiz nima qilar edi?” deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi.
Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib: “Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda tuni bilan tahajjud o‘qir edim”, der edi. Yana u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirib: “Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi”, deb masjidga ketar edi», dedi.
Temirchi halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz ro‘baro‘ keldi. Birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan
Avval xabar berganimizdek, bugun Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘zining 55 yilligiga bag‘ishlangan tadbir hamda “Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un domla G‘afurov so‘zga chiqib, anjuman qatnashchilarini mazkur qutlug‘ ayyom bilan samimiy qutladi va institutning 55 yillik shonli faoliyati haqida nutq so‘zladi.
So‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlarni Toshkent islom oliy ma’hadi tashkil etilganining 55 yilligi hamda anjuman ochilishi bilan muborakbod etib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilm-fan rivojiga, xususan, diniy ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tiborni alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari o‘z nutqlarida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishida diniy ta’lim muassasalarining ilmiy hay’atini tuzish taklifi ma’qullangani hamda Qozonda bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada institut talabasi Abdulaziz Odiljonov mutlaq 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani munosabati bilan uni magistraturaga imtiyozli qabul qilish xushxabarini e’lon qildilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Davronbek Maxsudov esa o‘z tabrik so‘zida mazkur dargohning yarim asrlik faoliyatini yuksak baholab, bugungi kunda yetishib chiqayotgan olimlar xalqaro miqyosdagi aqidaviy va fiqhiy ixtiloflarga asosli raddiya bera oladigan darajaga yetganini e’tirof etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Irgash Daminov so‘zga chiqib, 1971 yilda asos solingan ushbu bilim dargohining tub maqsadi diniy va zamonaviy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash ekani va bugun bu vazifa chiroyli ado etilayotganini bayon etdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov esa ushbu dargoh nafaqat O‘zbekiston, balki butun sobiq Ittifoq hududida ham o‘ziga xos maktab yaratganini ta’kidlab, uning 55 yillik faoliyatining tarixiy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, "Muftiy Boboxonlar" jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov ham so‘zga chiqib, institutning bosib o‘tgan yo‘lini e’tirof etdi. U o‘z nutqida mazkur dargohning dastlabki kamtarona sharoitlaridan tortib bugungi kungacha erishgan yutuqlarini yodga olib, jamg‘arma va institut o‘rtasidagi izchil hamkorlikni, xususan, "Muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon" stipendiyasi ta’sis etilgani va yangi o‘quv xonasi jihozlanganini ma’lum qildi.
Tadbir doirasida "Toshkent islom institutining 55 yillik shonli yo‘li" mavzusida o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari — ustozlar va talabalar tantanali ravishda taqdirlandi.
Qozon shahrida 20 ta davlatning 32 ta ta’lim muassasasi ishtirokida o‘tkazilgan islom ilmlari va arab tili bo‘yicha xalqaro olimpiadada Toshkent islom instituti talabalari yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, 4-bosqich talabasi Abdulaziz Odiljonov «Islom huquqi — hanafiy mazhabi» yo‘nalishida birinchi o‘rinni, 2-bosqich talabalari Abdulloh G‘ofurov va Mirjalol Abdusalimov esa mos ravishda «Arab tili» hamda «Din asoslari» yo‘nalishlarida uchinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu yutuqlari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan Abdulaziz Odiljonovga magistraturaga imtiyozli qabul qilinish taklifi hamda 20 BHM miqdorida pul mukofoti berildi. Shuningdek, uchinchi o‘rin sohiblarining har biriga 10 BHM miqdoridagi pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir so‘ngida ko‘p yillik xizmatlari va ustozlarning ezgu duolari ijobati sifatida yurtimiz tinchligi va diniy ta’lim rivoji yo‘lida xatmi Qur’onlar va duoyi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
ISHONCHLI VA RASMIY MANBA OBUNA BO'LING
YouTube | Instagram | Facebook