Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston delegatsiyasi Parijda Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida qator uchrashuvlarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ushbu uchrashuvlar O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Taqdimotning o‘tkazilishi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bo‘lib, xalqaro hamjamiyatni mamlakatning ilmiy va madaniy merosi, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar bilan tanishtirishga qaratilgan.
YUNЕSKO, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar konsepsiyasi taqdim etildi.
YUNЕSKO Ijro etuvchi apparati rahbari Mariagratsiya Skvichcharini O‘zbekiston yetakchisining ushbu tashabbusini e’tirof etib, uning xalqlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi aytdi.
YUNЕSKOning “Ipak yo‘llari” dasturi rahbari Mehrdad Shabaxang O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi roli haqida to‘xtalib, bu borada konferensiya va ko‘rgazmani tayyorlash uchun dastur materiallarini taqdim etishini qayd etdi.
IHTning YUNЕSKOdagi vakili Salima Delibey diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yuqori baholab, o‘tkaziladigan tadbirlarni doim qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
ICESCOning YUNЕSKO huzuridagi doimiy kuzatuvchisi Somiya Jakta O‘zbekistonning ilmiy va madaniy merosining xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyatini ta’kidlab, tashkilot konferensiya va ko‘rgazmani tayyorlashda ishtirok etishini ta’kidladi.
Uchrashuvlar yakunida YUNЕSKO, IHT va ICESCO vakillari O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini hamda yuqori xalqaro darajadagi tadbirlarni o‘tkazishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati