من صام رمضان ثم أتبعه بست من شوال كان كصوم الدهر
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om” surasi, 160-oyat).
عن ابن عمر رضي الله عنهما أن رسول الله صلَّ الله عليه وسلم قال من صام رمضان واتبعه ستاً من شوال خرج من ذنوبه كيوم ولدته
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar: "Shavvol oyi ro‘zasini oy boshida ketma-ket olti kun yoki oy davomida bo‘lib-bo‘lib tutish ham joiz", deganlar. Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Shavvol oyi ro‘zasi ketma-ket olti kun tutilsa ham, bo‘lib-bo‘lib tutilsa ham fazilati tengdir”.
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashimizga tavfiq ato et!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi