Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Til shunchaki muomala va muloqot vositasi emas. U insonga Alloh taboraka va taoloning ato etgan eng ulug‘ ilohiy ne’matlaridan biridir. Qur’oni karimda insonning yaratilishi va unga bayon, ya’ni so‘zlash, fikr, ifodalash ta’lim berilganini alohida ta’kidlanadi: «Ar-Rohman. Qur’onni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi» («Ar-Rohman» surasi, 1–4-oyatlar).
Islom aqidasiga ko‘ra, dunyodagi rang-barang tillar va lahjalar Alloh taoloning cheksiz qudrati va hikmatini ko‘rsatuvchi oyat-dalillardir. Yer yuzida turli millat va elatlarning mavjudligi, ularning o‘z tiliga ega ekani tasodif emas, balki Ilohiy irodaning go‘zal ifodasidir. Bu haqda ilohiy kalomda bunday marhamat qilinadi: «Va Uning oyatlaridan (qudrati dalillaridan) osmonlar va yerning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishidir...» («Rum» surasi, 22-oyat).
Ona tili har bir xalqning o‘zligi, ma’naviy qiyofasi va ruhiy dunyosini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Har bir payg‘ambar o‘z qavmiga tushunarli bo‘lishi uchun aynan o‘z xalqining tilida yuborilgan. Bu haqda ham Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Biz har bir payg‘ambarni o‘z qavmi tili bilan yubordik, toki ularga (ilohiy hukmlarni) bayon qilib bersin» («Ibrohim» surasi, 4-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinadiki, til – dinni, ezgulikni va haqiqatni yetkazishning eng muhim vositasidir. Tilni asrash va uni rivojlantirish – Alloh bergan omonatni asrash bilan tengdir.
Islom dini nafaqat tilning kelib chiqishi va qadriga, balki undan foydalanish odobiga ham juda katta e’tibor beradi. Musulmon kishining tili faqat yaxshilik va ezgulik taratadigan vosita bo‘lishi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, faqat xayrli (yaxshi) so‘zlarni so‘zlasin yoki sukut saqlasin» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tili asrlar davomida Islom ma’rifati, tasavvuf hikmatlari va yuksak axloq bilan sug‘orilgan. Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ allomalarimiz bu tilni eng yuksak maqomlarga ko‘targanlar. Navoiy hazratlari ta’kidlaganlaridek: «Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz», o‘z ona tilini hurmat qilmaydigan, uni e’zozlamaydigan kishilar eliga, millatiga e’tiborsiz bo‘ladilar. Bunday kimsalar til, millat, vatan tushunchalarining asl mohiyatini, qadr-qimmatini hech qachon anglab yetolmaydilar. Shu o‘rinda Islom nuqtayi nazaridan tilni toza saqlash qanday odoblarni talab etishi masalasiga to‘xtalib o‘tsak. Zero, bu odoblar barchamiz uchun juda zarur, chunki ularning zamirida ona tiliga hurmat-e’tibor masalasi yotadi. Bu odoblarning asosiylari quyidagilardir:
1. So‘zni poklash, ya’ni tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, so‘kinish va behayo so‘zlardan asrash.
2. Til sofligini saqlash – millat tilini begona, axloqqa zid va mazmunsiz iboralar bilan buzmaslik.
3. Payg‘ambar sunnatiga ergashish: Nabiy alayhissalom so‘zlaganda juda aniq, tushunarli va shirinso‘zlik bilan, tinglovchiga ozor bermay so‘zlar edilar.
Shuni unutmaslik kerakki, milliy o‘zlikni anglash ona tili va kelajak oldidagi mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi. Ona tilini sevish, uni e’zozlash va keyingi avlodlarga sof holida yetkazish – har bir insonning vatanparvarlik va ma’naviy burchidir. Islom ta’limotida Vatanni sevish va uning qadriyatlarini asrash iymonning go‘zal ko‘rinishlaridan sanaladi. Til esa Vatanning ma’naviy chegarasidir. Bu chegarani qo‘riqlash Vatan sarhadlarini qo‘riqlash kabi muhim va sharafli ishdir.
Bizning o‘zbek tilimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi dunyoga mashhur allomalar yurtida shakllangan va boyigan tildir. Bu tilda qanchadan-qancha ilmiy va diniy asarlar bitgan, hikmatlar aytilgan. Agar biz o‘z tilimizni unutsak yoki unga beparvo bo‘lsak, o‘z milliy ildizlarimizdan va boy ma’naviy merosimizdan uzilib qolamiz. Tilni asrash, uni yosh avlodga pok, mukammal va go‘zal ko‘rinishda meros qoldirishimiz uchun quyidagi harakatlarni qilishimiz zarur.
Oilada ona tili muhitini mustahkamlash, ya’ni farzandlarimizga yoshligidan ona tilimizning nafosatini, boyligini va go‘zalligini singdirish.
Ilm va ma’rifat tiliga aylantirish, ya’ni zamonaviy fan, texnologiya va Islom ma’rifatini ona tilimizda keng targ‘ib qilish va asarlar tarjima qilish.
So‘z mas’uliyatini his qilish, ya’ni har bir yozilgan va aytilgan so‘z uchun Parvardigor oldida javobgar ekanimizni unutmaslik.
Biz bugun shunga ahamiyat bermog‘imiz lozimki, til bayrami – bu shunchaki bayram sanasi emas, balki Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’matdir. Unga shukronalik bildirish va o‘zlikni anglash kunidir. Ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligi va jozibadorligini saqlash, tilimizda ezgu va xayrli so‘zlarni so‘zlash har birimizning insoniy va diniy burchimizdir.
Alloh taolo ona tilimizning qadri va maqomini hamisha baland qilsin, yurtimizni ma’rifat va tinchlik nuri bilan munavvar aylasin!
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari,
Ulamolar kengashi a’zosi.