Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2026   |   9 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:21
Quyosh
06:40
Peshin
12:08
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:54
Bismillah
20 Oktabr, 2026, 9 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Hayitlik

25.03.2025   16883   2 min.
Hayitlik

Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.

Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.

So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.

Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
 

Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar. 

Akbarshoh Rasulov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qohirada O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdim etildi

15.10.2026   66145   2 min.
Qohirada O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdim etildi

Misr poytaxti Qohira shahrida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va misrlik sayyohlarni yurtimizga jalb etishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Umra Plyus turizmi: O‘zbekiston va Misr o‘rtasida strategik turizm hamkorligi” mavzusidagi tadbir “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Misr hukumati, turoperatorlar, sayyohlik agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonni misrlik sayyohlar uchun nafaqat ziyorat, balki tabiat, qishki dam olish, agroturizm va milliy taomlar bilan bog‘liq sayohatlar yo‘nalishi sifatida ham tanitishdan iborat. Shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish va sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “O‘zbekiston: tog‘lar, qor va ta’mlar” nomli taqdimot o‘tkazildi. Unda misrlik sayyohlar uchun o‘ziga xos bo‘lgan qishki dam olish va chang‘i sporti imkoniyatlari, Zomin milliy bog‘i, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining boy tabiiy merosi, milliy gastronomiya va hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning oilaviy sayohatlar uchun qulay turistik maskanlari va tashrif buyurishga arziydigan asosiy sayyohlik obyektlari haqida ma’lumot berildi.

Misrlik turoperatorlar e’tiboriga ikkita namunaviy sayyohlik yo‘nalishi ham havola etildi. Xususan, Toshkent, Chimyon–Chorvoq, Farg‘ona vodiysi va Samarqandni qamrab olgan sakkiz kunlik “Tog‘lar, ta’mlar va meros” hamda Amirsoy, Zomin, Aydarko‘l va Samarqand bo‘ylab tashkil etiladigan yetti kunlik “Tabiat va ta’mlar” turlari taqdim qilindi.

Tadbir yakunida misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun axborot safarlarini tashkil etish, qo‘shma marketing tadbirlarini o‘tkazish, O‘zbekistonning qabul qiluvchi turoperatorlari bilan biznes uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlarni arab tilidagi reklama va axborot materiallari bilan ta’minlash taklif etildi.

Shuningdek, Misrdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Misr Turizm federatsiyasi, “Dahab Grupp”, “Best Kontrol” tashkilotlari hamda “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari