Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taoloning biz, bandalarga ato etgan ne’matlari behisob, ularning sanog‘iga yetish ham qiyin. Ammo Parvardigorning bir ne’mati ham borki, uning naqadar muhimligini har bir musulmon juda yaxshi biladi. Bu ne’mat insonlarning hayot kechirish va ibodat qilish vaqtlarini aniqlab-belgilashga xizmat qiluvchi yil va oy hisobining joriy etganidir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa, Robbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz” (Isro surasi, 12-oyat); “Alloh quyoshni ziyo (taratuvchi) va oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun (oyni) manzillarga o‘lchab qo‘ygan Zotdir” (Yunus surasi, 5-oyat).
Musulmon olami Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Makkadan Madinaga ko‘chishlari, ya’ni hijrat qilishlaridan hisobi yuritiluvchi hijriy-qamariy taqvimga ko‘ra yil hisobini yuritadi. Ana shu taqvimning o‘ninchi oyi shavvoldir. Ma’lumki, muborak Ramazon oyi bilan xayrlashib, mana shavvol oyini ham boshlab yubordik. Bu oy dinimizdagi fazilatli oylardan hisoblanadi. Shavvol oyi ham zulqa’da va zulhijja oylari kabi haj ibodatini qilish mavsumi sanaladi.
Shavvol oyining fazilatlaridan eng muhimi va e’tiborlisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyda olti kun ro‘za tutishni biz, ummatlariga sunnat qilib qoldirganlar. Yuqorida aytganimizdek, shavvol oyi hijriy sananing o‘ninchi oyi hisoblanadi. Bu oyda sog‘lig‘i va imkoni bo‘lgan kishi nafl ro‘zasini tutsa, Alloh taolo bu bandasiga ko‘p ajru mukofotlarlarni berishini va’da qilgan. Haq taolo bunday marhamat qiladi: “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” (An’om surasi, 160-oyat).
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” (Imom Muslim, Ahmad, Termiziy rivoyati).
Yuqoridagi hadis Alloh taoloning oyatidagi: “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” so‘zining izohidir. Chunki bir hijriy sana deyarli 360 kundan iborat. Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kun bo‘lib, buning o‘n baravari uch yuz kunga to‘g‘ri keladi. Bu yog‘iga yana oltmish kun qoladi. Agar shavvol oyida ham olti kun ro‘za tutilsa, bu oltmish kunga teng bo‘lib, bir yil to‘liq bo‘ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, degan ekanlar (“At-Targ‘ib vat-tarhib” kitobidan).
Shavvol oyi ro‘zasini tutish borasida boshqacha fatvolar ham mavjud. Ba’zi ulamolar: “Uzluksiz olti kun ketma-ket tutish kerak”, deyishgan. Ammo “Olamgiriya”, “Zahiriya” va “Xulosa” nomli fatvo kitoblarida keltirilishicha: “Ikki hayit kunlari, tashriq kunlari (qurbon hayiti arafasidan boshlab besh kun davomida) nafl ro‘za tutish makruhdir. Ro‘za hayitidan keyin olti kun shavvol oyida ro‘za tutish mustahab amallardandir. Lekin paydar-pay emas, balki har haftada ikki kundan tutish lozim bo‘ladi”.
Qolaversa, nafl ro‘zaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslik ekani to‘g‘risidagi fatvolar ham bor.
Qo‘shimcha qilib shuni ham aytib o‘tish joizki, agar bir kishi Ramazon ro‘zasidan ayrim kunlarni tutolmagan bo‘lsa, avval uning qazosini o‘taydi, keyin naflga kirishadi. Zero, farzlar mukammal bo‘lmasdan, nafl ibodatlarini qilish maqbul emasdir.
Ramazon oyidan keyin keladigan shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilishning o‘ziga yarasha hikmati va ahamiyati bor. Avvalo, dinimizda hamisha turli nafl ibodatlarga, xususan hamisha nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilinadi. Qolaversa, butun Ramazon oyi mobaynida ro‘za tutib yurib, shavvolda birdan o‘zini ovqatga urish ham ruhiy, ham salomatlik jihatidan uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Tabiblar ham ochlikdan chiqqan kishilarga ovqat iste’molini asta-sekin ko‘paytirishni tavsiya qilishadi.
Shavvol oyi yana Islom tarixida payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida toifliklarni Islomga da’vat qilish uchun borib katta mashaqqat va xo‘rliklarga uchragan oy sifatida ham ma’lumdir. Payg‘ambar alayhissalomning Toif safarlari aynan shavvol oyida bo‘lgan edi. Toif hozirgi Saudiya Arabistonidagi bir shahar bo‘lib, u Makkadan 60 mil (115 km.) uzoqlikda joylashgan. Islom kelganida Toifda yashovchi Saqif qabilasi butparast bo‘lgan. Payg‘ambar alayhissalom toifliklarni Islomga da’vat qilish maqsadida Makka davrining o‘ninchi yili shavvolida (milodiy 609 yili) Toifga safar qiladilar. Shahar ahli o‘n kun mobaynida qilingan da’vatga quloq solmadi, aksincha Rasululloh va u zotning sheriklarini toshbo‘ron-haqoratlar bilan Toifdan quvib chiqaradi.
Sarvari olam Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z mavlolari Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning hamrohliklarida o‘zlari go‘dakliklarida emizish, ko‘ksilarini yorib tozalash voqealarini va shundan keyingi bir muddatni o‘tkazgan Bani Sa’d qabilasi yerlari orqali Toif tomonga ketmoqdalar. Ular shoyad Toifdan biror yorug‘lik chiqsa, mahzunlik arisa, da’vat ishlari yurishib ketsa, degan umiddalar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Toifga yetib borganlaridan keyin diyor aholisi asosini tashkil qiluvchi Saqif qabilasi ahyonlari bilan uchrashdilar. Ular bilan majlis qurib, Islomga da’vat qildilar. Ammo ularning javobi eng yomon javob bo‘ldi. Ular u zot alayhissalomni masxara qilishdi. Bu ham yetmaganidek o‘zlarining esi pastlari, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni so‘kishga, ortlaridan qichqirishga va tosh otishga chorlashdi. Toifliklar yo‘lning ikki chetiga turib olib, u zot oldilaridan o‘tayotganda ayovsiz toshbo‘ron qilishdi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlari qonga, qalblari esa dardu alamga to‘ldi. Ammo bag‘ri keng, komil xulq egasi bo‘lmish Payg‘ambar alayhissalom shunda ham toifliklarni badduo qilmadilar, imkonlari bo‘lib keyin ham o‘ch olib o‘tirmadilar. Aksincha tillari Alloh taologa iltijoga-duoga to‘ldi: «Ey bor Xudoyo! O‘zingga quvvatim zaifligidan, hiylam ozligidan, odamlar oldida ojizligimdan shikoyat qilurman! Ey rahmlilarning rahmlisi, Sen zaifhollarning Parvardigorisan! Sen Parvardigorimsan! Meni kimlarga topshirib qo‘yding?! Meni yoqtirmaydigan notanishlargami?! Yoki ishimni dushmanga topshirdingmi?! Agar menga g‘azab qilmagan bo‘lsang, bularga e’tibor bermayman! Faqat Sening ofiyating men uchun kengdir. Zulmatlarni yoritgan hamda dunyo va oxirat ishini salohiyatli qilgan yuzing nuri ila, menga g‘azabing nozil bo‘lishidan va qahring tushishidan panoh tilayman. Toki rozi bo‘lguningcha uzrimni aytaman. Faqat Allohdagina imkon va quvvat bordir».
Alloh taolo O‘z payg‘ambarining bu duolarini darhol qabul qildi. Shu ondan ishlar asta-sekin yurisha boshladi. Shunda Alloh taolo u zotning huzurlariga tog‘ farishtasini yubordi. U kelib, ikki tog‘ni bir-biriga urishtirish bilan Toif ahlini halok qilib yuborishga izn so‘radi.
Lekin Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot bu ishga izn bermadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam tog‘ farishtasiga: “Ularning pushti kamaridan Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qiladigan, Unga hech narsani sherik qilmaydigan odamlar chiqishini umid qilaman”, dedilar. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni bunday holda ko‘rgan Utba ibn Robi’a va Shayba ibn Robi’alarning rahmlari keldi. O‘zlarining Addos ismli nasroniy qullarini chaqirib: Uzilgan uzumdan olib, manavi tovoqqa solgin-da anavi odamga olib bor, undan yesin”, deyishdi. Addos uzumni olib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qo‘ydi va “Yeng!” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Bismillah” dedilar-da qo‘llarini uzatib, uzumdan olib yedilar. Shunda Addos ajablanib: “Allohga qasamki, ushbu diyor ahli bu gapni aytmaydi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan “Sen qaysi yurtdansan, qaysi dindansan?” deb so‘radilar. “Nasroniyman, Naynavo degan yurtdanman”, dedi u. “Solih kishi Yunus ibn Mattoning qishlog‘idanmisan?” dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. “Yunus ibn Matto kim bo‘ldi?” dedi Addos. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “U birodarim, nabiylardan edi, men ham Nabiyman”, dedilar. Shunda Addos o‘zini u zotga otib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari, oyoq-qo‘llaridan o‘pa boshladi. U musulmon bo‘ldi.
Makka fathidan keyin Hunayn va Avtos g‘azotlarida mag‘lubiyatga uchragan butparast Havozin qabilasi raisi Malik Toifga qochib borgan edi. Chunki shahar butparastlikning oxirgi uyasi bo‘lib turardi. Shuning uchun musulmonlar Toifni qamalga olishdi. Bir oylik qurshov va hujumlardan keyin ular shaharni tashlab ketishdi. Toifliklar bir qancha vaqt o‘tib musulmonlikni qabul qilishdi va butlarni parchalab tashlashdi.
Mana, shavvol oyidagi birgina voqeaning tafsiloti bilan tanishdingiz. Ushbu oyda bunday voqea-hodisalardan juda ko‘pi sodir bo‘lgan. Hijriy birinchi yili shavvol oyida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrati Oisha roziyallohu anhoga uylanganlar. Ikkinchi hijriy sana shavvol oyida Bani Qaynuqo’ g‘azoti bo‘lgan. Xuddi shu paytda Suvayq urushi ham bo‘lgan. Uchinchi hijriy yilning 15 shavvol kuni Islom tarixida chuqur iz qoldirgan Uhud jangi bo‘lib o‘tdi. Beshinchi hijriy yilning shu oyida Handaq urushi bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamniing mo‘minlar onasi Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanishlari hijriy to‘rtinchi yilning shavvol oyida bo‘lib o‘tdi.
Shuning uchun ushbu oyning fazlidan olti kun nafl ro‘zalarni ixlos va ehtimom bilan tutib, savobli ishlarimizni yanada ko‘paytiraylik. Allohning Rasuli bashorat berganlariday ushbu oyda olti kun nafl ro‘za tutib, bir yil mobaynida ro‘zador yurganlik savobiga erishaylik. Alloh taolo qilgan ibodatlarimizni va tutgan nafl ro‘zalarimizni husni qabul aylasin, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!
"Hilol" elektron jurnalidan
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi