Xotira
Buyuk vatandoshimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari musulmonlari, ayni paytda butun Islom olami yuksak ehtirom bilan tilga oladi. Misrlik olim, Qur’on hofizi “al-Azhar” universiteti mudarrisi Shayx Abdulloh Husayn Sha’lon marhum Shayx hazrat haqida maqola yozib, nashr ettirdi.
Bugun – 15 aprel Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ham tavallud topgan, ham boqiy duyonga rihlat qilgan kunlari. Shu munosabat bilan Shayx Abdulloh Husayn Sha’lon yozgan maqolani tarjima qilib, siz azizlarga ham ilindik.
***
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari umrini ilm o‘rganish va o‘rgatishga bag‘ishlagan mujtahid ulamolardan. U kishi ilm va taqvoda yuksak martabaga erishdi. Ilmni amal bilan, fikrni suluk bilan uyg‘unlashtirdi.
Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shaxsiyatiga oid muhim xususiyatlardan biriga men u zotning tarjimayi hol va faoliyatini o‘rganish asnosida amin bo‘ldim. Hazrat ruhiy tarbiyaga va nafsni poklashga juda katta ahamiyat bergan. Bu ustozning darslari, ma’ruzalari va kitoblarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Zero, inson ruhiy tarbiyasiz, nafsni yengmasdan turib to‘g‘ri yo‘lda bo‘lolmaydi, ulug‘ daraja hosil qilolmaydi.
Chunonchi, ruhiy tarbiya ruhni poklaydi, nafsni tozalaydi. Shu bois Islom muntazam ravishda ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘lishga buyurgan. Alloh taolo Shams surasida bunday marhamat qiladi: «(Mazkurlar bilan qasamyod etamanki) haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur va u (nafs)ni (gunohlar bilan) ko‘mib, xorlagan kimsa esa (Allohning rahmatidan) noumid bo‘lur!» (9–10-oyatlar).
Islomda ruhiy tarbiya – nafsni poklashdan maqsad sargardon ruhdan Alloh taoloni tanuvchi, U Zotga bandalikni bekamu ko‘st ado etuvchi ruhga aylanishdir. Shundan kelib chiqib, ruhiy tarbiya har bir shaxs kundalik amaliga aylanishi zarur.
Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq bu yo‘lda tinimsiz harakat qilib, xalqni, yurtdoshlarini ruhiy tarbiyaga da’vat qildi. U kishi Movarounnahrning har bir o‘lkasida shu ishni amalga oshirdi. Ko‘p yillar har jabhada – diniy, axloqiy, madaniy va mafkuraviy jihatdan – kommunistlar ta’siri ostida bo‘lgan, hozir istiqlol nashidasini surayotgan xalq uchun ruhiy tarbiya juda kerak bo‘lgan bir paytda yashab, dinga xizmat qilib o‘tdi.
Shayx hazratlari ruhiy tarbiya faqat ilm, so‘ngra amal bilan ro‘yobga chiqishini chuqur anglagan. U kishi jiddu jahd qilib, muborak da’vatlari asnosida Alloh taolo ato etgan ilm, hikmat va basirat bilan ilmni keng yoydi. Bu jarayon “diniy savodxonlikni oshirish” deb bildi. Chunki yaratilish (fitrat)ning go‘zalligi kamolotni, salohiyatni taqozo etadi. Uning yo‘llari najotga eltadi. Hazrat shu zahmatli yo‘lda tinim bilmadi.
Darslarida ham, ma’ruzalarida ham shariat ilmi va ruhiy tarbiya omuxtaligi uzilmay kelgan. Da’vati ta’sirli, yurish-turishi, xulq-atvori barchaga o‘rnak, mohir murabbiy, hassos mutafakkir, insonlar qalbidan joy olgan ulug‘ alloma edi.
Shayx rahimahulloh muallifligida bitilgan kitoblarga kelsak, u kishi uch jilddan iborat “Ruhiy tarbiya”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Zuhd va hayo”, besh jilddan iborat “Xislatli hikmatlar sharhi”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Islom va poklik” kabi asarlarni ta’lif etgan. Boshqa asarlari ham ruhiy tarbiyadan xoli bo‘lmagan holda shariat ishlari muolajasiga bag‘ishlangan.
Shayx hazrat bu xizmatlari bilan Markaziy Osiyo mintaqasidagi musulmonlarning ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksalishiga juda katta hissa qo‘shdi. Alloh taolodan u zotni buyuk mukofot bilan siylashini so‘raymiz. Omin!
Shayx Abdulloh Husayn SHA’LON,
“Al-Azhar” universitetining Qur’on,
qiroatlar va Qur’on ilmlari ustozi.
O‘zbek tiliga Tolibjon NIZOM o‘girdi.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi