Odatda odam bir natija ko‘rsatsa, nimagadir erishsa bunda o‘zining kuch va imkoniyatlari, harakatlarini birlamchi sanay boshlaydi va shunda xatoga yo‘l qo‘yadi. Holbuki, Allohning fazlisiz hech kim hech bir narsaga ega bo‘la olmaydi.
UFC chempioni Joze Aldo 10 yil mobaynida hecham yengilmagan. Lekin Ligada yangi jangchi bilan urushganida esa 13 sekundda nokautga uchragan.
Krishtianu Ronaldo eng cho‘qqiga chiqqan edi. Lekin Liga chempionatida gol ura olmadi.
Yugurish bo‘yicha rekordchi Useyn Bolt finalda oyog‘i qayrilib, finishga yetib bora olmagan.
Mashhur Mixael Shumaxer esa oyog‘ini sindirib olib, chempionatni o‘tkazib yuborgan.
Afsonaviy shaxmatchi Robert Fisher hayotidagi eng muhim o‘yinda yosh bola qiladigan xatoga yo‘l qo‘yib, yutqazgan...
Demak, hayotda nima bo‘lishidan qat’iy nazar esda tuting: nasibada borini olasiz. Harakat va urinishlar sabablar, xolos.
Shunday ekan, har ishga siqilmang. Allohga suyaning. Hammasini Uning amridan, deb biling! Adashib, uloqib ketishdan panoh tilang. Zotan, inson baribir ojizdir.
Alloh taolo Haj surasining 73-oyatida bunday misol keltiradi: “...bir pashshani yarata olmaslar, agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar”. Rostdan ham, bir pashsha chaqsa, uni tutishga, bizdan olganini qaytarib olishga qodir emasmiz. Bas, Rabbimizga tayanib, o‘zimizni, ishlarimizni havola qilib yashaylik, azizlar! Ishoning, bu eng ulug‘ saodatdir.
Akbarshoh Rasulov
“Xalqaro Qur’oni karim mukofoti” Shayx Mahmud Xalil al-Husariyni dunyo miqyosidagi Qur’on shaxsiyati sifatida tanladi
“IQNA” sayti xabariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi raisi, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum janoblari misrlik mashhur qori, Shayx Mahmud Xalil al-Husariy rahimahullohni “Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” ning g‘olibi sifatida e’lon qildi.
Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum o‘zining X (sobiq Twitter) akkauntida shunday deb yozdi:
“Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” Qur’oni karim kitobiga xizmat qilish, hofizlar va qorilarni taqdirlash, Qur’oni karim ilmlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan fidoiylarga ehtirom ko‘rsatish maqsadida 28 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Bugun biz buyuk bir ulug‘ islomiy shaxsni dunyo miqyosidagi “Qur’oni karim shaxsiyati” sifatida taqdirlashimizni e’lon qilamiz: “Shayx Mahmud Xalil al-Husriy... Zamonamizning tilovat ulamolaridan biri... Birinchi bo‘lib Qur’oni karimni to‘liq murattal (tartil) uslubida yozib qoldirgan... Sharqu g‘arbda eng ko‘p tarqalgan yetuk qorilardan biri sifatida e’tirof etilgan. Alloh taolo u kishini rahmatiga olsin va ushbu buyuk ishlarini hasanot tarozisiga qo‘shsin”.
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum qo‘shimcha qildi: "Shuningdek, bu yil “Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” doirasida dunyoning turli burchaklaridan tanlangan oltita ajoyib qori ovozini tanladik. Ular 2026 yil uchun “Qur’oni karim tilovati bo‘yicha eng xushovoz qori” unvoni uchun musobaqalashadi. Yuraklarni titratadigan ovozlar... Respublika ovoz berish eshigini ochib, jamoatchilikni 2026 yilning eng go‘zal Qur’on ovozini tanlash tadbirida qatnashishga taklif etamiz. G‘oliblarni shu yilning 2 mart kuni Qur’oni karim va uning ahlini ulug‘laydigan tantanali marosimda mukofotlaymiz”.
Ilyos AHMЕDOV