Bugun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida namunaviy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari va otinoyilar, shuningdek, «Haj – 2024» ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Dastlab Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakent» jome masjidida amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi belgilab olindi.
So‘ngra hududga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shundan so‘ng mahallalarga chiqilib, tumandagi har bir mahallada muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Arzimas sabablar bilan ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarga ham Islomnign sof ta’limoti tushuntirildi.
Peshin namozidan so‘ng Doniyor domla Ikromov tumandagi «Olimjon ota» masjidi qavmiga mav’iza qilib berdi.
Xullas, bu ma’rifiy tadbir ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir so‘ngida kun davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Xayrli duolar bilan tadbir o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida xayrli ishlar qilinmoqda. Xususan, har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Zero, jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarni har doim hurmatlashimiz zimmamizdagi burchlardan.
Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
Bir kishi Rumiyning oldiga ta’ma bilan kelib: "Shahrimizda Shams Tabriziyni ko‘rdim", dedi. Mavlono ustozi haqidagi xabardan suyunib, egnidagi xirqasini haligi kishining yelkasiga yopdi. Buni ko‘rganlar xabar beruvchining yolg‘onchi ekaniga shahodat berishdi. Mavlono ularga dedi: "Men xirqamni uning yolg‘oniga berdim. Agar xabari chin bo‘lsa, jonimni berardim".
Bir ustoz bunday hikoya qiladi: Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida menga: «Doktor, darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagidek ruhiyatni topmaymiz» dedi. Men unga: «Asalari asalni nimadan oladi?» dedim. U: «Gullar shirasidan», dedi. Men: «Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?» dedim. U: «Achchiq bo‘ladi», dedi. Shunda men dedim: «Ustozning vazifasi ham shunga o‘xshaydi. Ustozlar “achchiq gullar”dan shirin va foydali “asal” chiqarib, talabalari oldiga qo‘yishadi», dedim.
Darhaqiqat, ustoz va murabbiylarning maqomlari ana shunday ulug‘ sanaladi. Ular ummatga, millatga asalari misoli xizmat qiladi. Shunday ekan, ularni haqqi ila ehtirom qilishda Parvardigori olam barchamizni sobit qilsin.
Barcha ustozlarga yaqilashib kelayotgan kasb bayramlari muborak bo‘lsin!
Xo‘jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.