Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2025   |   16 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:35
Bismillah
11 Iyul, 2025, 16 Muharram, 1447
Maqolalar

Farzandingiz sizdan avval jannatga ketdi

21.04.2025   4990   9 min.
Farzandingiz sizdan avval jannatga ketdi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


«Jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash kimni quvontirsa, Urva ibn Zubayrga qarasin»

Abdulmalik ibn Marvon.

Urva ibn Zubayr hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaliklaridan bir yil qolganida, musulmon oilalar orasida eng hurmatli va oliy maqom xonadonda tavallud topdi. Otalari Zubayr ibn Avvom (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning fidoiy sahobalaridan, jannat bashorati berilgan o‘nta sahobaning biri edi. Onalari esa Asmo binti Abu Bakr «zun nitoqayn - ikki belbog‘ sohibasi» (Hijrat kuni belbog‘ini ikkiga bo‘lib, biri bilan Rasululloh sollallohu vasalamning yegulik idishlarini, boshqasi bilan suv idishlarini bog‘lagani uchun shunday sharafga erishgan) edi.

Ona tarafdan bobolari Abu Bakr Siddiq (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari va g‘ordagi hamrohlari bo‘lgan edi. Ota tarafdan momolari Sofiya binti Abdulmuttalib  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari va mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho u kishining xolasidir. Oisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) vafot etganlarida Urva ibn Zubayr o‘zlari  qabrga tushib, lahadga qo‘ygan. Iymon sharafi va Islom izzatidan boshqa, mana shunday nasabdan ko‘ra oliy nasab va shunday sharafdan ko‘ra buyuk sharaf bormikin?

Ka’bai Muazzama oldida akalari va hamrohlari bilan yaxshi orzuga erishishni tanlash xayol qilinganda, Urva ibn Zubayr men Rabbimdan amal qiluvchi olim bo‘lishni orzu qilaman. Mendan odamlar Allohning Kitobini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini va Islom dini ahkomlarini o‘rgansalar, dedi. Shu qilgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Urva ibn Zubayr ilm tahsiliga bel bog‘lab, qattiq kirishdi.

Hayot bo‘lgan sahobalarni g‘animat bilib, ularning uylariga qatnab, orqalarida toat-ibodat qilib, ilm majlislarida doimiy ishtirok etdi. U Ali ibn Abu Tolib, Abdurrahmon ibn Avf, Zayd ibn Sobit, Abu Ayyub Ansoriy, Usoma ibn Zayd, Sa’id ibn Zayd, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va No‘mon ibn Bashir (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) dan hadislar rivoyat qildi. Aksar ilmini xolasi Oisha roziyallohu anhodan oldi va odamlar ularga din ishlarida suyanadigan, solih hokimlar esa o‘zlari mas’ul bo‘lgan xalqlar va shaharlar masalasida ulardan yordam istaydigan, Madinaning o‘sha davrda ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lib yetishdi.

Buning dalili o‘laroq, Umar ibn Abdulaziz Valid ibn Abdulmalik tarafidan Madinaga voliy etib tayinlanganida, odamlar qutlash uchun uning huzuriga keldilar. Peshin namozini o‘qib bo‘lgach, Madina ulamolaridan o‘n kishini taklif qildi. Taklif qilingan olimlarning peshqadami esa Urva ibn Zubayr edi.

Umar ibn Abdulaziz ulamolarni yaxshi kutib olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgach, Allohga hamdu sano aytib shunday dedi: «Menga haq ustida yordamchi bo‘ladigan va ajr-savobga ham ega bo‘lib qoladigan bir ish uchun sizlarni taklif qildim. Men har bir ishni sizlarning fikringiz va maslahatingiz bilangina qilmoqchiman. Sizlardan iltimosim shuki, agar biron kimsani boshqa birovga zulm qilayotganini ko‘rsangiz yoki mening xodimlarim haddan oshib, zulmga qo‘l urgani sizlarga yetsa, shuni menga xabar bersangiz!». Bu gaplarni eshitgach, Urva ibn Zubayr uning haqqiga duoi xayrlar qilib, Allohdan unga haqda sobit turishi va rushdi hidoyat tilab qoldi.

Urva ibn Zubayr ilm bilan amalni jamlagan edi. U issiq kunlarda ro‘zador, uzun tunlarda bedor, tili esa doim Allohning zikri  bilan mashg‘ul edi. Bunga qo‘shimcha, u Allohning Kitobiga hamroh bo‘lib olgan, Qur’on o‘qishga shunday berilgan ediki, kunduzlari Qur’onning to‘rtdan birini mus'hafga qarab, tunlari shuncha qismini yoddan tilovat qilar, e’tiborli jihati shuki, imkon qadar mana shu odatini u yoshligidan boshlab to vafot topgunga qadar tark qilmagan, faqat bir marta boshiga tushgan musibat sababigina qoldirgan edi.

Urva ibn Zubayr saxovatda ham peshqadam bo‘lib, bag‘rikeng va nihoyatda qo‘li ochiq inson edi. Saxiyligi haqidagi rivoyatlardan biri shuki: «Uning Madinadagi eng katta bog‘lardan hisoblangan bir bog‘i bor edi. Bog‘ning ichi salqin, suvi shirin, xurmo daraxtlari baland va mevalari serhosil edi.

Hayvonlar va yosh bolalar kirib daraxtlarga shikast yetkazmasligi uchun yil davomida bog‘ning atrofini devor bilan o‘rab himoya qilar, qachonki xurmolar ishtahani ochadigan tarzda g‘arq pishganda odamlar bemalol kirib to‘ygunlaricha yeb va xohlaganlaricha olib ketishlari uchun, bog‘ning bir necha tarafidan darcha ochib qo‘yardi. Qachon bog‘iga kirsa Alloh taoloning ushbu so‘zini qayta-qayta o‘qir edi: «Sen bog‘ingga kirganingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», deganingda edi! ...» (Kahf surasi, 39-oyat).

Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Alloh taolo Urva ibn Zubayrni iymon va ishonch bilan sug‘orilgan qalb egalarigina chiday oladigan imtihon bilan sinashni hohladi.

Musulmonlar xalifasi Urva ibn Zubayrni Damashqqa kelib, mehmon bo‘lib ketishga taklif qildi. Taklifni qabul qilgan Urva ibn Zubayrga katta o‘g‘li hamroh bo‘ldi. Damashqqa yetib kelishganda xalifa ularni chiroyli kutib oldi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, hurmatlarini joyiga qo‘ydi. So‘ng ko‘ngillar istamaydigan bir ish bo‘lishini Alloh taolo iroda qildi. Avval Urva ibn Zubayrning o‘g‘li xalifaning zotli otlarini ko‘rish uchun  otxonaga kirganida, otlardan birining to‘satdan tepib yuborishi natijasida o‘sha yerda vafot etdi.

Musibatzada ota o‘g‘lini tuproqqa qo‘yishi ketidan, o‘zi ham qorason kasali bilan og‘rib qoldi. Boldiri shishib, og‘riq ham kundan-kun kuchaya bordi. Xalifa har taraflardan tabiblar chaqirib, aziz mehmonini davolashi uchun, turli vositalar bilan ularni rag‘batlantirdi. Lekin barcha tabiblar: «Kasallik jasadning hammasiga tarqab, halokatga olib bormasidan avval, oyoqni kesish kerak», degan yakdil xulosa bildirdilar. Bunga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.

Jarroh kelib oyoqni kesish uchun anjomlarini hozirlab, oyoqni kesguniga qadar Urva ibn Zubayr takbir va tahlil aytishdan to‘xtamadi va nihoyat oyoq jasaddan ajraldi. Qonni to‘xtatish va gazak olmay yara tez bitishi uchun qizdirib turilgan yog‘ga botirilganda Urva hushidan ketib, uzoq vaqt behush bo‘lib yotdi. Ana shundagina yuqorida aytganimiz, Qur’oni Karimdan o‘qiydigan kundalik odatini o‘qiy olmadi. Yoshligidan boshlagan bu xayrli odatini, mana shunda bir martagina tark qildi.

Urva ibn Zubayr Madinaga qaytib, oilasi huzuriga kirganida ularga: «Ey ahlim qayg‘urmanglar, Alloh taolo bizga to‘rt farzand bergan edi, bittasini olib, uchtasini o‘zimizda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Menga ikki qo‘l va ikki oyoq bergan edi, bittasini olib uchtasini o‘zimda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Alloh mendan ozini olib, ko‘pini o‘zimda qoldirdi. Bir marta balolagan bo‘lsa, ko‘p marta ofiyat berdi», deb ularga tasalli berdi.

Madina ahli o‘z imomlari va olimlari Urva ibn Zubayrning qaytganlarini bilgach, u zotga ta’ziya bildirish va hol-ahvol so‘rash uchun  har tarafdan kela boshladilar. Ta’ziya bildirganlar ichida eng chiroyli va ta’sirli so‘z Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhaning so‘zi bo‘ldi: «Xursand bo‘ling, ey Abu Abdulloh, a’zolaringiz va farzandlaringizdan biri, sizdan avval jannatga ketdi. Alloh xohlasa barchangiz bir-birlaringizga ergashasiz. Alloh taolo bizlarga biz muhtoj bo‘lgan, sizning ilmingiz va fikringizni qoldirdi. Alloh taolo ilmingizni sizga ham bizga ham manfaatli qilsin. Alloh ajru-savob beruvchi va go‘zal hisob qiluvchi Zotdir».

Urva ibn Zubayr butun hayoti mobaynida musulmonlar uchun hidoyat nuri, najotga yo‘llaguvchi va yaxshiliklarga chorlovchi bo‘lib qoldi. Eng katta ahamiyatni bolalarga, xususan, o‘zining farzandlari, shu bilan birga boshqa musulmonlarning farzandlari tarbiyasiga qaratib, hech bir fursatni qo‘ymay, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, nasihatlar qilib turardi.

Urva ibn Zubayr yetmish bir yil yaxshilik va ezguliklarga to‘la, taqvo bilan burkangan umr kechirdi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   4595   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar