O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Joriy yilning 17 yanvar kuni Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar islom ta’lim muassasasida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Orif domla Amonov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchi Rizvon Baxromova hamda mas’ullar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda talabalarning ta’lim jarayoni va yashash sharoitlari ko‘zdan kechirilib, ularning ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlari muhokama qilindi. Shuningdek, talabalar bilim va salohiyatini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Homiylar ko‘magida muassasaning ayrim moddiy ehtiyojlarini qoplash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tadbir talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati