Kecha, 13 may kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilarimizning ilk guruhlarini Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj – 2025” ishchi guruhi vakillari, mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashesi Shuhrat Amoniy va boshqa mutasaddilar tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, gullar ila ikrom qilindi.
Ayni damda ziyoratchilarimiz mehmonxonalarga joylashib bo‘lganidan so‘ng ixlosu imon bilan ibodatlarni ado etish, xususan, Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga oshiqmoqdalar.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilib, ibodatu duolarini ijobat aylasin, Ravzai sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati