16 may kuni “Haj – 2025” mavsumining ilk guruh ziyoratchilari Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi. Ularni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, mamlakatimizning Saudiyadagi Attashesi va ishchi guruhi tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Hamyurtlarimiz muhtasham “Al-Ayam Elite” va "Romance room" mehmonxonalariga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib ikrom qilindi.
Mana shunday iltifotlardan ko‘ngillari ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, ularga bo‘lgan katta e’tiborni nafaqat mamlakatimizda, balki olis Makka shahrida ham chin dildan his etishdi.
Zamonaviy mehmonxonada xonalari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz bu yerga diyorimizdan ularga xizmat ko‘rsatish uchun birmuncha oldinroq yetib kelib, mohir oshpazlarimiz pishirgan lazzatli taomlaridan bahramand bo‘ldilar.
Tamattu’ hajini niyat qilgan ziyoratchilarimiz umra amalini ado etmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, milliy merosni o‘rganish va keng targ‘ib qilish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.
Unda Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridan tashrif buyurgan 200 ga yaqin imom-xatib va imom noiblar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti tinglovchilari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy ekspozitsiyalari, zamonaviy kutubxonasi, nodir qo‘lyozmalar fondi va raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy platformasi bilan yaqindan tanishdilar.
Ekskursiya davomida ishtirokchilarga mamlakatimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar tarixi, islom dinining Markaziy Osiyodagi taraqqiyot bosqichlari, buyuk muhaddislar, mutafakkirlar va allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining boy ilmiy-ma’naviy merosi, ularning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi ahamiyati hamda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari Markazda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, boy ilmiy muhit va tadqiqotchilar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida yuqori fikr bildirdilar.
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi jome masjidi imom-xatibi Muzaffar Avezovning ta’kidlashicha, Markaz qurilishining dastlabki bosqichlaridanoq mazkur loyiha diniy va ilmiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan.
“Bu markaz qurilayotgan paytlarda ham bir necha bor tashrif buyurib, jarayonlarni kuzatganmiz. Bugun uning to‘liq shakllangan holatini ko‘rib, katta taassurot oldik. Ayniqsa, qadimgi sivilizatsiyalar tarixi, islom madaniyati taraqqiyoti, Renessans davrlari merosi va Yangi O‘zbekiston islohotlarining yagona konsepsiya asosida namoyon etilgani tahsinga sazovor. Bu yerdagi har bir ekspozitsiya insonni ilmga, izlanishga va tafakkurga chorlaydi”, — dedi u.
Muzaffar Avezov, ayniqsa, Markaz kutubxonasi imkoniyatlarini yuqori baholab, boy kitob fondi, nodir manbalar hamda raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan qulayliklar ilmiy tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar ochib berayotganini ta’kidladi.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Hazrati Usmon” jome masjidi imom-xatibi Xursandbek Kamolov ham Markazning xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida shakllanayotganiga e’tibor qaratdi.
“Ilgari mashhur xorijiy kutubxonalar va ilmiy markazlar haqida eshitar edik. Bugun esa shunday imkoniyatlar o‘z yurtimizda yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Nodir qo‘lyozmalarning raqamlashtirilgan shaklda taqdim etilishi, ulardan erkin foydalanish imkoniyatlari tadqiqotchilar uchun juda muhim. Bu markaz yoshlarda ilmga muhabbat, milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi u.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan ilmiy-ma’rifiy muhit, boy kitob fondi, nodir qo‘lyozmalar xazinasi va innovatsion texnologiyalar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ma’naviy merosni chuqur o‘rganish hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar.