Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.
Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.
Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
Savol: Yaqinda bir do‘stim bilan inson vafotidan keyin ruh yerga qaytib kelishi haqida tortishib qoldik. Savolim shuki, ruh yerga qaytib keladimi yoki barzaxda qiyomatgacha kutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ruhning asl haqiqati nima ekanligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu borada Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُم مِّنَ الْعِلْمِ إِلَّا قَلِيلًا
“Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, – deb ayt” (Isro surasi, 85-oyat).
Inson ruhi vafot topishi bilan qabr hayotida (barzaxda) bo‘ladi. Kitoblarda zikr qilinishicha, jasadni qabrga dafn qilingandan so‘ng, savol-javob qilinishi uchun unga ruhi qayta kirgiziladi.
Shuningdek, qabr ahliga salom berilgan vaqtda ham ruh qabr atrofiga qaytarilib, salomga alik oladi.
Mo‘minlarning ruhi “Illiyyin” (yettinchi osmondagi joy)da, kofirlarning ruhi esa “Sijjiyn” (yetti qavat yerning ostidagi joy)da bo‘lishi ham bayon qilingan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.