O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.
Jakarta shahridagi Sharif Hidoyatullah universiteti hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida nufuzli xalqaro anjuman tashkil etildi.
Mazkur anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Indoneziya o‘zining diniy bag‘rikengligi, ilmiy salohiyati va madaniy xilma-xilligi misollarda ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, Indoneziya Din ishlari vazirligi vakili, doktor A.Salim:
"Islom ilmi birgina jumla orqali cheksiz ma’nolarni ochib bera oladi. Bu uning hayotiyligi va doimo rivojlanib borishidagi kuchidir," – deya ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda Indoneziya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, jumladan, Prezident Sokarnoning Imom Buxoriy maqbarasini qayta kashf etishdagi roli, Valisongo orqali islomning tarqalishi kabi mavzular keng yoritildi.