Yurtimizda bo‘lib turgan yirik Qur’on olimi Shayx Ayman Rushdiy Suvayd hafizahulloh o‘zining “Suratli tajvid” kitobi asosida nazariy va amaliy darslar qizg‘in davom etmoqda. Unda yurtimiz qorilari va o‘qituvchilari tajvid hamda qiroat borasidagi bilimlarini mustahkamlamoqda.
Darslarning nazariy qismida harflarning maxraj va sifatlari, talaffuz qoidalari hamda ohang me’yorlari batafsil o‘rganilmoqda. Amaliy mashg‘ulotlarda esa ishtirokchilar “Baqara” va “Oli Imron” suralaridan navbat bilan tilovat qilib, Shayx hazratlaridan yakka tartibda xato-kamchiliklarni tuzatish, vaqf va ibtido qoidalari bo‘yicha jonli ko‘rsatmalar olishmoqda.
Shayx Ayman Suvayd tajvid qoidalari Kalomullohni to‘g‘ri yetkazish uchun vosita ekanini, asl maqsad esa oyatlarni tadabbur va tafakkur qilish ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, qorilar uchun kunlik muntazam takror hamda qorilarga xos yuksak axloq nihoyatda lozimligiga urg‘u qaratilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati