Alloma Muhammad Avvoma hafizahulloh:
"Haqiqiy oqillar muxoliflari bilan bog‘lab turuvchi rishtalarga qaraydilar:
Birinchisi: Odamgarchilik,
Ikkinchisi: Islom,
Uchinchisi: Ilm rishtasi".
Bu hikmatda, aqlli va ixlosli insonlar hatto o‘zlariga qarshi fikrda bo‘lgan odamlar bilan ham umumiy bog‘liqliklarni ko‘radilar. Ular odamiylik jihatidan baribir bir inson ekanligini, agar musulmon bo‘lsa, Islom birodarligi birlashtirishini va ilm rishtasi bilan ham bog‘lanishini anglaydilar. Bu esa ixtiloflar chekinib, hurmat, bag‘rikenglik va ijobiy munosabatlar uchun asos bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Robbimiz zikri birla g‘amlaringni quv,
Dard olovin ustiga quygin undan suv.
Agar siz hayotni yuz foiz mukammal, hech qanday kamchiliksiz bo‘lishi kerak deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Bunday mukammallik faqatgina jannatda bo‘ladi. Bu dunyodagi ishlar esa nisbiy bo‘lib, siz o‘ylagan barcha narsa ham ro‘yobga chiqavermaydi. Unda siz turli xil balo va ofatlar, musibat va imtihonlarga duch kelishingiz mumkin. Shunday vaqtlarda boriga shukr qiladigan, yo‘g‘iga sabr qila oladigan inson bo‘lishingiz kerak.
Umuman kasal bo‘lmay yashash, hech qanday qiyinchiliksiz boy bo‘lish, og‘irligi yo‘q saodat, salbiy jihatlari yo‘q er va kamchiliksiz do‘st izlab xayolingizda ideal olamni orzu qilmang. Barcha narsada kamchilik bo‘ladi. Buning o‘rniga siz salbiy jihatlar va xatolardan ko‘z yuming, ijobiy va go‘zal narsalarni ko‘ra oling. Doimo chiroyli gumon qiling, xatolarga uzr topishga intiling. Faqatgina Allohga suyaning, insonlarga suyanmang. Ular suyanishingiz va ishingizni topshirib qo‘yishingizga loyiq emas, chunki ular sizga yordam qila olishmaydi. Alloh taolo aytadi:
﴿إِنَّهُمْ لَنْ يُغْنُوا عَنْكَ مِنَ اللَّهِ شَيْئًا﴾
“Albatta, ular sendan Alloh tomonidan bo‘ladigan hech bir narsani arita olmaslar” (Josiya surasi, 19-oyat).
Shu’la: Hayotingiz zulmatli bo‘lishiga aslo rozi bo‘lmang. Nur mavjud, faqat siz uning porlashi uchun yoqish tugmasini bosishingiz kerak.