Alloma Muhammad Avvoma hafizahulloh:
"Haqiqiy oqillar muxoliflari bilan bog‘lab turuvchi rishtalarga qaraydilar:
Birinchisi: Odamgarchilik,
Ikkinchisi: Islom,
Uchinchisi: Ilm rishtasi".
Bu hikmatda, aqlli va ixlosli insonlar hatto o‘zlariga qarshi fikrda bo‘lgan odamlar bilan ham umumiy bog‘liqliklarni ko‘radilar. Ular odamiylik jihatidan baribir bir inson ekanligini, agar musulmon bo‘lsa, Islom birodarligi birlashtirishini va ilm rishtasi bilan ham bog‘lanishini anglaydilar. Bu esa ixtiloflar chekinib, hurmat, bag‘rikenglik va ijobiy munosabatlar uchun asos bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar muammolarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 5 avgust kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy, uy-joy va moddiy yordam kabi masalalardagi murojaatlarni ko‘rib chiqdi.
Mazkur jarayonda oilaviy masalalarda shar’iy yechim va zarur maslahatlar berildi, moddiy ko‘mak so‘raganlarga esa belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi. Imom Buxoriydan rivoyat qilingan "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", degan hadisi sharifga muvofiq xayrli duolar qilishdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yuzma-yuz muloqot va qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati