Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2026   |   20 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:32
Quyosh
05:54
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2026, 20 Shavvol, 1447

Do'stimga ochiq xat

04.03.2024   855   5 min.
Do'stimga ochiq xat
 

Do'stim, senga xat yozishga bir necha marta chog'landim. Lekin jur'at qilolmadim. Seni oxirgi marta ko'rganimdan so'ng xat yozish qarorim qat'iylashdi va qo'limga qalam oldim.

Aziz do'stim, yoshlik davrimizni unutmagandirsan. Esingda bo'lsa, do'stlar bir das­turxon atrofida o'tirib gurung qilardik. Bugun esa hamma o'rtoqlar bor-u, sen kamnomasan. Oxirgi paytlarda do'stlar bilan seni to'g'ri yo'lga boshlashga harakat qilyapmiz. Ammo sen dinu diyonat haqida so'z borsa, gapni boshqa yoqqa burasan. Yoki solih kishilarga tosh otish, masxaralash payidan bo'lasan. Nahot, o'rtoqlarimizning qanchasi hidoyat topganini ko'rib turib ham tan olging kelmaydi?!

Yoshligimizni bir esla. Hammamiz bir dasturxon atrofida jamlanib, ne-ne sho'xligi, to'polonlarni qilardik. Bugun-chi? O'sha yigitlarning aksari to'g'ri yo'lda. Faqat sengina ulardan ajralib qolyapsan.

Er kishi qirqqa kirsa, aqli komil bo'ladi deyishadi. Sen esa yoshing qirqdan oshib ham farzandlaring ulg'ayib bo'ylari senga tenglashsa-da, kayfu safodan tiyilmayapsan. Bu holda ularning oldida qanday ota bo'lding?! Ota bolalariga namuna, ro'zg'origa bosh bo'lmaydimi?! Sening nazdingda ular uchun faqat pul kerak. Ammo unday emasligini anglaganingda kech bo'lmasaydi! Axir ularga sening mehring, shirin so'zlaring kerak emasmi?!

Sen bilan do'stlashganimga 15–20 yil bo'libdiki, hanuz boylik ortidan quvasan. Mana mol-dunyo, hashamatli uy-joylarga ham erishding. Lekin qalbing taskin topdimi?! Bu boyliging oxiratda, umringning so'nggi daqiqalarida yordam bera olarmikin? Unga qul bo'lish yomon. Chunki boylikka qul bo'lgan kishi o'zligini unutadi. O'zlikni, aslini unutish kishini tug'yonga boshlaydi. Qorun qissasini bilsang kerak.

Sening: “Nafaqaga chiqib o'qiymiz-da, o'sha namozni” deyishing goh jahlimni chiqaradi, goh rahmimni keltiradi. Nafaqa yoshiga etishingga biror kafolat bormi? Ertaga nima bo'lishini bilmaymizku, bunday deyishing to'g'rimikin?! Bilsang, biz insonlar bandamiz, bizni Yaratgan Zotga “qul”miz. “Qul”ning vazifasi xojasiga bo'ysunish, unga itoat qilishdir. Bilasanmi, “qul” xojasiga “falon yoshga kirsam, Senga itoat qilaman”, demaydi. U umrining so'ngiga qadar xojasiga itoat qiladi.

Do'stim, gapning indallosini aytganda, bu yurish endi senga yarashmaydi. Yoshing ulg'aydi. Hademay qiz chiqarib, o'g'il uylaysan. Ammo hali ham bir og'iz duo qilishni bilmaysan. Nahot Allohdan shunchalar behojat bo'lsang. Hech bo'lmasa, farzandlaring kamoli, oxirating uchun duo qil. Bilmasang o'rgan. O'sha choyxonaga ketadigan vaqtingni, yaxshiliklarga, ilmga, ibodatga sarfla.

Shu yoshga kirib qo'lingga biror marta kitob oldingmi? Ertaga Alloh sendan: “Qur'ondan bir oyat o'qidingmi? Umringni nimaga sarf etding? Besh mahal namozni o'z vaqtida ado etdingmi?” deya so'roqqa tutsa, nima deysan?! Shunday ekan, umring qancha qolganini Allohdan o'zga hech kim bilmaydi. U tugab qolmasidan tezroq o'zingni isloh qil. Tavba eshiklarini och. Gunohlaringga istig'for ayt. Zora, to'g'ri yo'lni topsang. Buni ortga surma. Vaqt – g'animat, har soniya bizni so'nggi manzil sari etaklamoqda. Shular haqida bir mushohada qil.

Do'stim, senga bu satrlarni do'stlik bur­chidan kelib chiqib yozyapman. Istasang, qulog'ingga ol, istasang malollan. Niyatim seni solihlar qatorida ko'rish, boshqa narsa emas.

So'zim so'ngida bir oyatni keltirdim. Uni qayta-qayta o'qib, tafakkur qil. «Alloh O'zining roziligini istaganlarni u (Qur'on) bilan salom yo'llariga boshlar va ularni O'z izni ila zulmatlardan nur­ga chiqarur. Hamda siroti mustaqimga hi­doyat qilur» (Moida surasi, 16-oyat).

Senda ma'rifat yo'liga ishtiyoq uyg'ongan bo'lsa, bu yo'lda sen bilan birgaman, do'st! 

Mo'min QOBIL

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi

08.04.2026   2284   1 min.
Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida milliy sport turi – kurash bo‘yicha Samarqand viloyati bosqichi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
 

Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari B.Karimov va viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari N.Abdumannonov ishtirok etib, bu kabi musobaqalar soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

 

G‘oliblar va sovrindorlar: 

 

Murosasiz kechgan bahslarda quyidagi polvonlar o‘z vazn toifalarida tengsiz deb topildi va respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar:

  • 80 kg vaznda: 1-o‘rin – M.Hidoyatov (Bulung‘ur t.), 2-o‘rin – A.Yangiboyev (Qo‘shrabot t.), 3-o‘rin – Yu.Shodiyev (Tayloq t.).

  • +80 kg vaznda: 1-o‘rin – O.Saydullayev (Payariq t.), 2-o‘rin – H.Xudoyorov (Nurobod t.), 3-o‘rin – M.Toshpo‘latov (Ishtixon t.).

  • 90 kg vaznda: 1-o‘rin – I.Xidirov (Jomboy t.), 2-o‘rin – O.Jumayev (Samarqand sh.), 3-o‘rin – R.Tursunov (Samarqand t.).

  • +90 kg vaznda: 1-o‘rin – M.Valiyev (Kattaqo‘rg‘on t.), 2-o‘rin – L.Xojiqurbonov (Pastdarg‘om t.), 3-o‘rin – J.Rajabov (Nurobod t.).


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi. Bu kabi tadbirlar nafaqat jismoniy chiniqish, balki milliy qadriyatlarimiz va sport an’analarimizga bo‘lgan hurmatning yaqqol ifodasi bo‘ldi. 

Sammuslim.uz

Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi Samarqand imomlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari