Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Aprel, 2026   |   16 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:39
Quyosh
06:00
Peshin
12:31
Asr
16:59
Shom
18:56
Xufton
20:11
Bismillah
05 Aprel, 2026, 16 Shavvol, 1447

Do'stimga ochiq xat

04.03.2024   813   5 min.
Do'stimga ochiq xat
 

Do'stim, senga xat yozishga bir necha marta chog'landim. Lekin jur'at qilolmadim. Seni oxirgi marta ko'rganimdan so'ng xat yozish qarorim qat'iylashdi va qo'limga qalam oldim.

Aziz do'stim, yoshlik davrimizni unutmagandirsan. Esingda bo'lsa, do'stlar bir das­turxon atrofida o'tirib gurung qilardik. Bugun esa hamma o'rtoqlar bor-u, sen kamnomasan. Oxirgi paytlarda do'stlar bilan seni to'g'ri yo'lga boshlashga harakat qilyapmiz. Ammo sen dinu diyonat haqida so'z borsa, gapni boshqa yoqqa burasan. Yoki solih kishilarga tosh otish, masxaralash payidan bo'lasan. Nahot, o'rtoqlarimizning qanchasi hidoyat topganini ko'rib turib ham tan olging kelmaydi?!

Yoshligimizni bir esla. Hammamiz bir dasturxon atrofida jamlanib, ne-ne sho'xligi, to'polonlarni qilardik. Bugun-chi? O'sha yigitlarning aksari to'g'ri yo'lda. Faqat sengina ulardan ajralib qolyapsan.

Er kishi qirqqa kirsa, aqli komil bo'ladi deyishadi. Sen esa yoshing qirqdan oshib ham farzandlaring ulg'ayib bo'ylari senga tenglashsa-da, kayfu safodan tiyilmayapsan. Bu holda ularning oldida qanday ota bo'lding?! Ota bolalariga namuna, ro'zg'origa bosh bo'lmaydimi?! Sening nazdingda ular uchun faqat pul kerak. Ammo unday emasligini anglaganingda kech bo'lmasaydi! Axir ularga sening mehring, shirin so'zlaring kerak emasmi?!

Sen bilan do'stlashganimga 15–20 yil bo'libdiki, hanuz boylik ortidan quvasan. Mana mol-dunyo, hashamatli uy-joylarga ham erishding. Lekin qalbing taskin topdimi?! Bu boyliging oxiratda, umringning so'nggi daqiqalarida yordam bera olarmikin? Unga qul bo'lish yomon. Chunki boylikka qul bo'lgan kishi o'zligini unutadi. O'zlikni, aslini unutish kishini tug'yonga boshlaydi. Qorun qissasini bilsang kerak.

Sening: “Nafaqaga chiqib o'qiymiz-da, o'sha namozni” deyishing goh jahlimni chiqaradi, goh rahmimni keltiradi. Nafaqa yoshiga etishingga biror kafolat bormi? Ertaga nima bo'lishini bilmaymizku, bunday deyishing to'g'rimikin?! Bilsang, biz insonlar bandamiz, bizni Yaratgan Zotga “qul”miz. “Qul”ning vazifasi xojasiga bo'ysunish, unga itoat qilishdir. Bilasanmi, “qul” xojasiga “falon yoshga kirsam, Senga itoat qilaman”, demaydi. U umrining so'ngiga qadar xojasiga itoat qiladi.

Do'stim, gapning indallosini aytganda, bu yurish endi senga yarashmaydi. Yoshing ulg'aydi. Hademay qiz chiqarib, o'g'il uylaysan. Ammo hali ham bir og'iz duo qilishni bilmaysan. Nahot Allohdan shunchalar behojat bo'lsang. Hech bo'lmasa, farzandlaring kamoli, oxirating uchun duo qil. Bilmasang o'rgan. O'sha choyxonaga ketadigan vaqtingni, yaxshiliklarga, ilmga, ibodatga sarfla.

Shu yoshga kirib qo'lingga biror marta kitob oldingmi? Ertaga Alloh sendan: “Qur'ondan bir oyat o'qidingmi? Umringni nimaga sarf etding? Besh mahal namozni o'z vaqtida ado etdingmi?” deya so'roqqa tutsa, nima deysan?! Shunday ekan, umring qancha qolganini Allohdan o'zga hech kim bilmaydi. U tugab qolmasidan tezroq o'zingni isloh qil. Tavba eshiklarini och. Gunohlaringga istig'for ayt. Zora, to'g'ri yo'lni topsang. Buni ortga surma. Vaqt – g'animat, har soniya bizni so'nggi manzil sari etaklamoqda. Shular haqida bir mushohada qil.

Do'stim, senga bu satrlarni do'stlik bur­chidan kelib chiqib yozyapman. Istasang, qulog'ingga ol, istasang malollan. Niyatim seni solihlar qatorida ko'rish, boshqa narsa emas.

So'zim so'ngida bir oyatni keltirdim. Uni qayta-qayta o'qib, tafakkur qil. «Alloh O'zining roziligini istaganlarni u (Qur'on) bilan salom yo'llariga boshlar va ularni O'z izni ila zulmatlardan nur­ga chiqarur. Hamda siroti mustaqimga hi­doyat qilur» (Moida surasi, 16-oyat).

Senda ma'rifat yo'liga ishtiyoq uyg'ongan bo'lsa, bu yo'lda sen bilan birgaman, do'st! 

Mo'min QOBIL

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ruh jismning qayerida bo‘ladi?

03.04.2026   7987   1 min.
Ruh jismning qayerida bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yaratganning borligini inkor qiladiganlar asosiy sabab qilib ko‘rmaganliklarini ko‘rsatadilar. Ular bu gapni aytishdan avval ushbu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar: “O‘zingizda ham (mo‘jizalar bor), ko‘rmaysizlarmi”.

Jismimiz ruhimiz tufayligina harakat qiladi. Agar ruh chiqib ketsa harakatdan to‘xtaymiz. Ruh degan so‘zni ko‘pchilik eshitgan. Lekin uni kim ko‘rgan? Uning qayerda bo‘lishini kim biladi? U yurakda bo‘ladimi yoki miyamizdami?

Olimlarning birortasi bunga aniq javob bera olmaydilar. Ruhning vazni bor deya jar solgan olim ham buni bilmaydi. Ruhning vazni bo‘lmaydi. Vazni bor degan olimni jasaddan chiqib ketgan havo yoki yurak urishi tufayli yuzaga keladigan bosim chalg‘itgan bo‘lishi mumkin.

Demak, ruhni hech kim ko‘rmagan. Uning qayerda joylashishi, jismni qanday harkatga keltirishini birota olim bilmaydi. Insonning bir qo‘li falokat tufayli uzilib tushsa, uni harakatga keltirgan ruh qayerga ketadi? Buni ham hech kim bilmaydi. Lekin dunyo olimlari ruhning borligini inkor etmaganlar.

Ruhning borligiga ko‘pchilik ishonadi. Tanamiz harakatga kelishi, tirikligimiz belgisi ham aynan ruh bilan bog‘liqdir. Bu narsa ham Alloh taoloning mo‘jizalaridan biridir. O‘zimizdagi mo‘jizalarni inkor etmagan holda koinotdagi ilohiy mo‘jizalarni qanday inkor eta olamiz?! Bu aqli bor kishining ishi emas-ku, axir.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan