
( 2 mart 1992 yildan beri bayrog'imiz BMTda )
“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz
va shaytonning izidan ergashmangiz!
Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur'oni Karim
Baqara surasi 208 oyat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (ingliz.United Nations) BMT – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta'minlash, davlatlarning va millatlarning o'zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g'alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
BMT Ustavida ko'rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqlili bo'lishi va o'z taqdirini o'zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o'rtasida do'stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o'rtasida hamkorlik bo'lishini ta'minlashni ko'zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg'unlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti:
tashkil topgan sana: 1945 yil 24 oktyabr.
asosiy maqsadi: er yuzidagi tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta'minlash bo'lib, davlatlarning o'zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
qaysi davlatlar tomonidan barpo etilgan: BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSh, Angliya va Hitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi Kengashida 1943 yilda,
tashkilot Ustavi qachon va qayerda qilingan: Ustavi esa San-Frantsisko Konferentsiyasida 1945 yilda qabul qilingan. BMT Ustaviga dastavval 51 davlat imzo chekkan bo'lsa, hozirga kelib bu ko'rsatkich 193 tani tashkil qilmoqda.
tuzilmasi
rahbar: Bosh kotib
rahbarlik muddati: 5 yil
BMTning Bosh Assambleyasida mazkur tashkilotga a'zo bo'lgan barcha davlatlarning a'zolari ishtirok etadilar.

BMTning Havfsizlik kengashiga 15 davlat a'zodir. Shulardan 5 tasi – AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Hitoy – doimiy a'zo davlatlardir. Kengashning qolgan 10 a'zosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar.
Bosh Assambleya Kotibiyati quyidagi departament va boshqarmalarga bo'linadi:
-Siyosiy masalalar va Havfsizlik Kengashi ishlari departamenti,
-Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti,
-Vasiylik va o'z-o'zini boshqarmaydigan hududlar departamenti,
-Nazorat boshqarmasi,
-Hodimlar boshqarmasi,
-Bosh kotibning ma'muriy idorasi,
-Ijtimoiy axborot boshqarmasi,
-Konferentsiyalarga xizmat qilish boshqarmasi,
-Umumiy xizmat boshqarmasi,
-BMTning Jeneva bo'limi.
BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Havfsizlik Kengashining yoki BMT a'zolari ko'pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin.
BMTning rasmiy tillari — ingliz, frantsuz, rus, ispan, xitoy va arab tillari.
O'zbekiston BMTda
O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so'ng ko'p o'tmay – 1992 yilning 2 martida BMTga a'zo bo'ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i ko'tarildi. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Kotibiyat
Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Havfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari ko'rsatmalariga muvofiq tezkor va ma'muriy ishlarni amalga oshiradi. Uni umumiy ma'muriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi. N'yu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo'limlari mavjud.
BMTning muhim sanalari
1945 yil 24 oktyabr – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi: uning Nizomi Havfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi hamda uni imzolagan davlatlarning ko'pchiligi tomonidan ratifikatsiya qilindi va kuchga kirdi.
1947 yil 24 oktyabr – Bosh Assambleya o'zining 168-sonli Rezolyutsiyasi bilan «Birlashgan Millatlar kuni»ni rasmiy ravishda e'lon qildi.
1948 yil 10 dekabr – Bosh Assambleya Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasini qabul qildi.
1949 yil 24 oktyabr – N'yu-Yorkda BMT Markaziy muassasalari binosiga birinchi g'isht qo'yildi.
1965 yil – BMT Bolalar Fondi – UNICEF ga tinchlik uchun Nobel mukofoti berildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta'kidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat'iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta'sis qilishga rozilik berdik!”
Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo davlatlar “Barcha davlatlar o'rtasida do'stona munosabatlarni rivojlantirishni ta'minlash uchun zarur bo'lgan tinchlik adovat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o'z zimmalariga oldilar.
BMT Ustavi – barcha davlatlar rioya etilishi shart bo'lgan yagona xalqaro hujjatdir.
Bugungi kunda er yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo'lib, ulardan 193 tasi BMTga a'zo bo'lgan.
O'zbekiston Respublikasi 1992 yilning 2 martida BMTga a'zo bo'ldi. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo'lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko'tarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O'zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (N'yu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.
O'zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a'zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat'iy amal qilib kelmoqda.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini e'lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor o'z ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng ko'p tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat ko'plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo'lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi,” – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.
Ushbu deklaratsiya mustaqil O'zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir. 1991 yil 30 sentyabr'. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki bo'limi mazkur deklaratsiya talablariga to'la mos bo'lib, unda O'zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo'lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi ta'minlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me'yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo'l-yo'rig'i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo'shib ochib berildi. Hamda O'zbekistonning keng ko'lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.
Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz o'z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga etkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O'zbekiston tashqi siyosatining ma'naviy yo'nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, o'z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o'z taraqqiyot yo'liga ega bo'lishligini ta'kidlab, bayon qildilar.
Shuningdek, davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da'vat etishini alohida ta'kidlab o'tdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi».

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo'llab quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonni huquqlarini qo'llab quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini o'z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning ma'lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo'lgan masalalarga bag'ishlab qo'ygan.
“Dinlararo bag'rikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Halqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Halqaro ona tili kuni” fevral' oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol' kuni”, “Halqaro yovvoyi tabiat”, “Halqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Halqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Halqaro inson huquqlari poymol bo'lishida haqiqatni o'rnatish kuni”. Aprel' oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo'lida kuni”, “Yo'l harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok o'lganlarni xotiralash kuni”, iyun' oyida “Halqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Halqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Halqaro muruvvat kuni”, sentyabr' oyida “Halqaro tinchlik kuni” bo'lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini engillashtirishda, ba'zi muammolarni echilishida o'z samarasini bermoqda.
BMT o'z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va er yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko'plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo'shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham er yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo'g'irilgan.

BMT Ustavida ta'kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O'zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti va masjidu madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida hukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz ko'p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda...


Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi bosh mutaxassisi
Dinimizning ko‘zga ko‘ringan barcha ulamolari “jihod” so‘ziga quyidagicha ta’rif berganlar:
“Jihod” so‘zi lug‘atda inson tomonidan barcha imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.
Shundan kelib, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.
Ta’kidlash lozim, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol”, “harb” so‘zlari ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilm “mujtahid talaba” deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlar ham “mujtahid” deb atalgan. Unday kishilar shar’iy ilmlarni ravnaq toptirish va tarqatishda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, “jihod” so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ko‘p va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi joni, vatani va dinini saqlash uchun jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan.
Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur’on) bilan katta jihod qil!”.
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon va Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taolo uchun havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
“Jome’ul ahodis” kitobida (J. 4. B. 741) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَدِمْتُمْ مِنْ خَيْرِ مَقْدَمٍ نَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ مُجَاهَدَةَ الْعَبْدِ هَوَاهُ
“Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi-nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsi yo‘liga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekani, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani kelib chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddis olimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
جَاءَ رَجُلٌ إلى النبيِّ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ سْتَأْذِنُهُ في الجِهَادِ فَقالَ: أَحَيٌّ وَالِدَاكَ قالَ: نَعَمْ قالَ: فَفِيهِما فَجَاهِدْ
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
“Ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Unday bo‘lsa, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar».
Demak, ota-onaning xizmatini qilish ham jihod bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom har doim ishlarni tinch yo‘li bilan hal qilishga chaqirganlar. U zot doimo mojaroli holatlarni chiroyli hikmat bilan isloh qilganlari va o‘rtada tinchlik o‘rnatganlari bilan mashhurdirlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo insonlarni ozor berishdan, boshqalarga zarar yetkazishdan qaytarganlar.
Musulmonning qoni va moli haromligi, ya’ni tajovuz qilish mumkin emasligi, joni daxlsizligi haqida quyidagilarni aytganlar:
فإنَّ دِمَاءَكُمْ وأَمْوَالَكُمْ وأَعْرَاضَكُمْ وأَبْشَارَكُمْ علَيْكُم حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَومِكُمْ هذا في شَهْرِكُمْ هذا في بَلَدِكُمْ هذا
“Zero, sizlarning qonlaringiz, mol-mulklaringiz va obro‘laringiz bir-biringizga xuddi ushbu (arafa) kuningiz, ushbu (Zulhijja) oyingiz va ushbu (Makkai mukarrama) shahringiz hurmati kabi hurmatlidir (ya’ni, o‘zganing qonini to‘kish, norozi qilib molini olish va obro‘sini to‘kish haromdir)” (Imom Muslim rivoyati).
Nafaqat, musulmonni balki, boshqa dindagi kishilarni ham nohaq o‘ldirish Islomda katta gunoh va og‘ir jinoyat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
مَنْ قَتَلَ مُعَاهَدًا لَمْ يَرَحْ رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَد مِنْ مَسِيرَةِ أَرْبَعِينَ عَامًا
“Kim bir muohadni (musulmonlar bilan o‘rtalarida ahd bo‘lgan g‘ayridin kishini) nohaq o‘ldirsa, u jannatning hidini ham topolmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ
“Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan chetlangan inson haqiqiy hijrat qiluvchidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday keladi:
عَنْ أُمِّ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّهَا قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوْصِنِي قَالَ اُهْجُرِي الْمَعَاصِي فَإِنَّهَا أَفْضَلُ الْهِجْرَةِ وَحَافِظِي عَلَى الْفَرَائِضِ فَإِنَّهُ أَفْضَلُ الْجِهَادِ وَأَكْثِرِي مِنْ ذِكْرِ اللهِ فَإِنَّكِ لَا تَأْتِينَ لِلَّهِ بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ كَثْرَةِ ذِكْرِهِ.
“Ummu Anas roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mashhur alloma Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “jihod”ni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga raddiya sifatida yozgan “al-Jihod fil Islom” nomli kitobida bunday degan: “Men bu asrda ba’zi bir doiralar nazdida yangi Islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U Allohning huzuridan vahiy bo‘lib tushmaydi. Lekin ba’zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar’iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va shar’iy hujjatlarga bo‘ysunmaydi. U faqat ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsidan kelib chiqadi”.
Jang asosida olib boriladigan jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo‘qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki hozirda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tinchlik bitimi mavjud bo‘lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum.
Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Demak, hozirgi kunda mazkur ko‘rinishdagi jihodga chaqirayotganlarning chaqiriqlari hech qanday asosga ega emasligini anglab olmoq lozim bo‘ladi. Zero, men jihod qilaman deb o‘zga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning tinchligiga raxna solib, qotillik qilayotgan yoki o‘zi o‘lsa, shahid emas, balki johiliyat o‘limida o‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa, demak, u johiliyat o‘limini topibdi”, deganlar.
Kim noma’lum bayroq ostida, u bayroq kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va shu yo‘lda o‘lsa, u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman yerida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi juda achinarlidir.
Niso surasida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir” deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg‘unchi toifalar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilishi natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘layotgani achinarli hol, albatta.
Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarning ichida bo‘lgan va terrorchilar xususida bunday degan: «Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. U zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?!».
Dinimizda begunoh insonning qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng qabihi, katta qabohat hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Ba’zi olimlar jihodni uch turga bo‘ladilar:
1. Badan bilan, ya’ni har qanday harbiy vositalar bilan vatan, millat-din va xalq himoyasi uchun kofir-dushmanlarga qarshi jihod qilinadi. Bu jihodni faqat davlat rahbarlarigina amalga oshiradi, boshqarib boradi. Hozir, ming afsuski, ko‘plab musulmonlar jihod deganda faqat shu – davlat zimmasidagi vazifani tushunadi, xolos.
2. Ommaviy axborot vositalari oroqali Islomni insoniyatga yetkazish. Bu tur jihodni ulamolar qiladilar. Ulamolardan mahrum zamonlarda yashagan oddiy musulmonlarning, missionerlar va bid’at ahlining hujumlaridan himoyalanish uchun avval yashab o‘tgan ahli sunna olimlarining asarlarini, nasihatlarini kitoblar orqali, ommaviy axborot vositalari va nashrlar orqali butun dunyoga tarqatishlari, eshittirishlari kerak.
Islomning ichki va tashqi dushmanlarining buzg‘unchi, yolg‘on va soxta tashviqotlariga qarshi kurashishda ahli sunna val jamoa olimlari e’tirof etgan dinning sof ta’limotini yoyishdagi uslub bugungi kunda ham dolzarb hisoblanadi.
3. Duo bilan qilinadigan jihod. Bu jihod umumiy tarzda barcha musulmonlarga hamisha farzi ayndir. Yuqorida keltirilgan jihod turlari farzi kifoyadir. Shu uchinchi jihodga beparvo bo‘lish katta gunohdir.
Jihod – inqilob qilish, amirlarga, boshliqlarga qarshi chiqish va isyon qilish, buzish, sindirish-qiyratish, portlatish va vayron qilish degani emas. Bunday harakatlar fitna bo‘lib, Islom va boshqa musulmonlar uchun kulfat keltiradi. Musulmonlarning ezilishiga, hibsga tushishiga va din, iymon ilmlarining taqiqlanishiga yo‘l ochadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi