Xorij safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Misrda ta’lim olayotgan talaba-yoshlar bilan dildan suhbat qildilar.
Muftiy hazratlari O‘zbekiston va Misr o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdilar. Ayniqsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Misrning diniy muassasalari – Azhari sharif, Vaqflar vazirligi va Dorul ifto o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlangani, xususan, diniy ta’lim yo‘nalishida malakali kadrlarni jalb qilish, imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro anjuman-ko‘rgazmalarda ikki tomonlama faol ishtirok va hamkorlik qilinayotgani kabilarga to‘xtaldilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi yangilik va o‘zgarishlar, mo‘min-musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati, masjid-madrasalar ochilishi, mavjudlari obod qilinishi, o‘lkamizda faoliyat olib borayotgan Qur’oni karim va tajvid kurslari, madrasalar faoliyati va ta’lim sifati tubdan yaxshilayotgani haqida so‘zlab, mana shunday xayrli ishlarda al-Azhar kabi dorulfununlarni tamomlagan ahli ilmlar ham kamarbasta bo‘lishlari zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, oxirgi yillarda diniy soha xodimlariga e’tibor tubdan yaxshilangani, kasbiy salohiyatni oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga katta e’tibor qaratilayotganini qo‘shimcha qildilar.
O‘z navbatida ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sodiqlik, e’tiqod mustahkamligini saqlash va belgilangan tartib-qoidalarga rioya etish zarurligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar mana shunday samimiy muloqotlar, davlatimizning doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik izhor etib, kelajakda yurt rivoji va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilishlarini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati