Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi hisoblanadi. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy taqvimlar mavjud.
Ko‘p Islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.
Qur’oni karimdagi Tavba surasining 36-oyatida Alloh taolo oylarni 12 ta qilib belgilagani qayd etilgan. Bu oylar insonga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozim bo‘ladi.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan.
Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy” degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Milodiy sana oylari 28 yoki 29 hamda 30 yo 31 kunlik bo‘lgani kabi hijriy oylar, jumladan, Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kunlik bo‘lishi mumkin. Hijriy oyning milodiy oydan farqi shuki, masalan, mart oyi doimiy ravishda 31 kunlik bo‘lsa, hijriy oylar hilolning yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qaysi oy necha kunlik bo‘lishi oyning ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.
Islom dini ta’limotlarida muborak Ramazon oyi va hayiti kunini belgilashda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxiratga rihlat qilgunlariga qadar to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shulardan aksarida yigirma to‘qqiz kunlik, ozrog‘ida o‘ttiz kunlik bo‘lgan.
Bu borada Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda zikr qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida 29 kun tutgan ro‘zamiz 30 kun tutganimizdan ko‘proq edi” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyi necha kun bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutiladi va o‘sha mukammal ro‘za hisoblanadi.
Hijriy oylarning yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kunlik bo‘lishini quyidagi hadisi sharifda ham ko‘rish mumkin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga: “Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?” deyildi. U zot: “Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunga ko‘ra, hech kim o‘zicha Ramazon doim o‘ttiz kun bo‘ladi, deb hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emasdir. Bunday deyish sahih hadislar va ulamolar ijmosi (ittifoqi)ga ziddir.
Demak Ramazon oyi 29 kunlik bo‘lib kelgan taqdirda ham biz oyat va hadislarga muvofiq bir oy mukammal ro‘za tutgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi