Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2026   |   2 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2026, 2 Zulqa`da, 1447
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   10208   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Alloh kimni O‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlasa

17.04.2026   10439   2 min.
Alloh kimni O‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlasa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh kimnidir O‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib qo‘yadi.

Hadisda marhamat etilibdi: “Biror bir qavm yo‘qki oralariga dunyo aralashib qolguday bo‘lsayu Alloh taolo shu sabab o‘rtalariga bug‘zu adovat solmagan bo‘lsa”.

Butun dunyo boyliklari Haq subhanahu va taolo nazdida pashshaning qanoticha qiymatga ega emas. Buni tushungan kishi biror bir Allohni tanigan solih odamni dunyoni tark etganligi sababli maqtab yurmaydi. Chunki barcha zohidlar hissasiga o‘sha “qanotcha” bo‘lgan dunyoning bir ko‘zga ko‘rinmas qismidangina voz kechish majburiyati tushgan xolos. Shunday arzimas, qimmatsiz narsadan voz kechganni maqtash, aslida o‘sha voz kechilgan narsaning, ya’ni dunyoning bahosini oshirgan, qadrini ulug‘lagan bo‘ladi. Haqning xizmatida bo‘lgan sodiq va xos xodimlar go‘yo bunday deydilarki, “Biz biror bir dunyo ahlini to o‘sha o‘ziga yetgan pashsha qanoti bo‘lagini tashlab, oyoqosti qilmagunicha Haq taolo dargohiga yo‘latmaymiz!”. Lekin dunyoni sevuvchilarning hech biri bunga jur’at etolmaydi.

Imom Sha’roniy quddisa sirruhu deydilar: “Bizdan bu dunyoning arzimas va vafosiz ekanligini ko‘ra olishligimizni va undan kechib abadiy hayot obodligi uchun intilishligimiz lozimligi haqida  va’damizni olishgan. Ey, mening qadrdon do‘stim, sevimli og‘am, oladigan va chiqaradigan nafaslarimiz hammasi hisobli, uni endi oshishini va kamayishini hech iloji yuqdir. Bu dunyo abadiy hayotning ekinzoridir. Kim ekish vaqti yalqovlik qilsa, o‘rim (xirmon) vaqti qayg‘uda qoladi. Alloh taolo marhamat etadiki: “Har bir insonga o‘z qilganidan boshqa narsa yo‘q” (Najm surasi, 39-oyat).

Shuningdek, rizqu  nasiba  haqida ham Alloh bunday deydi: “Yer yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir”. (Hud surasi, 6-oyat).

Allohning biz uchun kafil va vakil bo‘lgan narsalarini qo‘lga kiritishda oshiqcha sa’yu harakat qilishimiz, aksincha buyurgan narsalarini talab qilish va bajarishda yalqovlik va beparvolik qilishimiz, ayni  nodonlik va bema’nilikdir. Senga shu narsa aniq ma’lum bo‘lsinki, nafsoniy xohish va dunyo ishlari haqida tashvish chekkan odam bamisoli bir ilon tarbiyat qiluvchidirki oqibat uning zahridan o‘zi halok bo‘ladi. O‘tkinchi dunyo hayotiga mukkasidan ketib, oxiratini esidan chiqargan banda go‘yo bir anqigan o‘laksaga tashlangan it kabidir!

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi