Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Boku shahrida yangi qurilib foydalanishga topshirilgan elchixonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif doirasida O‘zbekiston elchisi Baxrom Ashrafxonov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida shakllangan yaqin do‘stlik va samimiy qardoshlik munosabatlari ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining Bokudagi yangi elchixona binosining ochilish marosimida ishtirok etishi davlatlararo yaqin aloqalar ramzi sifatida muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘zining tabrik maktubi topshirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz ravnaqi, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida barqaror, ishonchli va qardoshlik munosabatlarini shakllantirishdagi beqiyos rolini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli O‘zbekiston ishonch bilan rivojlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Elchixonaning yangi binosi bilan tanishgan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda diplomatik missiya xodimlariga ezgu tilaklarini bildirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shuningdek, elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
"Dunyo" AA
Muborak Qurbon hayiti arafasida Qashqadaryo viloyatida aholini ijtimoiy va tibbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan bolalarning jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik xastaliklari bor bemorlarni davolash, shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘z egalariga topshirilmoqda.
Mazkur savobli ishlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar ishtirok etib, bemorlar xonadoniga tashrif buyurdilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand fuqarolarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning go‘zal namunasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati