Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.
Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrofdagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.
Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.
Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mutoffifun surasi, 14-oyat.
Ustozlik maqomi qanchalik yuksak daraja ekanini Rasululloh alayhissalomning birgina hadis shariflari orqali bilib olishimiz mumkin. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“إنما بُعِثْتُ مُعَلِّمًا” ya’ni “men muallim – ustoz qilib yuborildim”. Ushbu rivoyatdan ustozlarning darajasi eng oliy martaba ekani namoyon bo‘ladi. Buyuk sahobalardan Ali roziyallohu anhu ustoz haqida: “menga bir harf o‘rgatgan kimsaning quliman, u xohlasa meni sotib yuboradi, xohlasa qul qilib ishlatadi”, - deganlar. Navoiy bobomiz ham ustozlar haqida o‘z baytlarida dedilar: “Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qutmish ranj ila, aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganj ila”. Dunyodagi barcha mol-u mulkni bir qilib ilm bergan ustozga o‘qitgan ilmi evaziga deyilsa, o‘rgatgan ilmi tugul ustozning ta’lim jarayonida chekkan zahmatining o‘ziga ham arzimas va yetarli bo‘lmas ekan. Alloh taolo ustozning etagini tutib unga ergashish vojib amal ekanini O‘z oyatida bayon yetib, shunday marhamat qiladi: “Menga yo‘nalganlarning yo‘liga ergash…” (Luqmon surasi 15-oyat). Ya’ni: Alloh taolo O‘z oyatlarida menga yo‘nalgan, ya’ni to‘g‘ri yo‘lda yurgan va Rasullarning haqiqiy izdoshlari bo‘lmish ustozlarga ergashib ularning etagini mahkam tut demoqda. Demak, biz ustozga ehtirom ko‘rsatsak to‘g‘ridan to‘g‘ri eng birinchi muallim Rasululloh alayhissalomga hurmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. Insonning ilmga yetishi va olim bo‘lishidagi asosiy yo‘l bu – ustozdir!. Talaba ustozining kamchiliklarini izlashi yoki uni yonida bo‘lganida hurmat qilishi uyoqda tursin, hatto ustoz haqida yomon gumonda bo‘lish ham zarardir. Bunga Imom Rabboniyning hayotidan “At-Tasavvuf vas-suluk” asarida kelgan bir misolni keltirsak: Talaba ustozini, o‘ziga eng manfaatli zot deb bilishi kerak. Chunki, botiniy salohiyat va ma’rifat mana shu ustoz tarafidan hosil bo‘ladi. Agar boshqa jihatlarga e’tibor qaratsa, ustozning fayzu barakasidan mahrum bo‘ladi. Ustoz alloma bo‘lmasligi mumkin. Lekin, talaba uchun eng foydali insondir. Yosh bolaga o‘z onasi boshqalarga nisbatan mehr-shafqatli bo‘ladi. Shu bilan birga boshqa ayollar aql va fazlda undan afzal bo‘lishi mumkin. Ana shu kabi talaba ham o‘z ustozidan boshqalardan olmagan manfaatni oladi. Talaba uchun ustozi haqidagi chiroyli gumoni miqdoricha fayzu futuhlar eshigi ochiladi. Shayx Mujaddid Alfis-Soniy rahimahulloh juda ham kam gap edilar. Bir kishi U zotga bir marta: “Bizga nasihat qiling manfaat olaylik, ey sayyidim!” — dedi. Shunda u zot: “Bizning sukutimizdan foyda olmagan inson, suhbatimizdan aslo manfaat olmas” — dedilar. Hazrat Mujaddid Alfis-Soniy rahimahulloh aytadilar: “Biz bir yo‘ldagi uch birodar talaba yedik. Ammo, ustozimiz haqidagi gumonlarimiz turlicha edi. Bir sherigim: “Ustoz komil zot. Lekin, o‘zgani kamolotga yetkazolmaydi” — deb o‘ylardi. Ikkinchisi yesa: “Ustoz komil. Lekin, sohibi irshod emas” — deb o‘ylardi. Men: “Agar bu ummatdan biror kishi uchun muvaffaqiyat bo‘lsa, u komil shayxdir” — deb o‘ylardim, mana shu chiroyli gumonim sabab, Alloh taolo meni Mujaddid Alfis-Soniy (Ikkinchi ming yillikning avliyosi) darajasiga tanlab oldi!”.
Ba’zan ustozlarimiz bizga qattiqqo‘llik qilsalar bu aslida yomon ko‘rish emas, balki bu muhabbatdir. Bu haqida Shayxul-mashoyix Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy rahimahulloh o‘zlarining “At-Tasavvuf vas-suluk” asarida shunday keltiradilar: Ustozning qattiqqo‘lligi va koyishi sabab, talaba ranjimasin va ustoz haqida noo‘rin fikrlarga borib, ustozni tark etmasin. Chunki, ustozning tanbehlari shogirdni sayqallab, jilo beradi. Bog‘bon o‘z bog‘idagi daraxtlarning ortiqcha shoxlarini kesadi, natijada unib-o‘sishi go‘zal, ko‘rinishi chiroyli bo‘ladi. Tabib ham, bemorning jarohatini yorib, kasal tekkan a’zoni davolab, so‘ng inson tuzalishi uchun jarohatni tikib qo‘yadi. Huddi shu kabi ustoz ham o‘z shogirdiga mehr va rahmat ila muomala qiladi. Gohida koyib beradi, goh qattiqqo‘llik qiladi. Talaba maqtovga sazovor sifatlar bilan bezanishi uchun. Ustozning botiniy kasallik ila bemor bo‘lgan shogirdni koyishi, zaharga qarshi dori kabidir. Chunki, ustoz ixlos bilan tarbiya berish maqsadida talabalarni koyiydi.
Xulosa qilib aytganda, ustozlarni ulug‘lash bevosita Rasululloh alayhissalomni ikrom qilishdir. Bu esa talabaning ilmi yanada ziyoda bo‘lishi yo‘lidagi muhim omil sanaladi. Ustozlarning koyishi esa, ruhimizning islohi, unib-ulg‘ayishimiz yo‘lidagi haqiqiy shifobaxsh malhamdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Qur’oni karim.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri hilol”, Hilol nashr, Toshkent. 2008.
3. Imom Burhoniddin Zarnujiy, “Ta’lim ul-muta’allim tariq at-ta’allum”, Ramadon, Indoneziya. 2009.
4. Muhammadbobur Muhiddinov va Muhammadyunus Muhammadmuso, “Har mo‘minning orzusi”, Muruvvatli-dil press, 2026.
"Hasanxon qori" jome masjidi
imom-xatibi
Najmiddin domla Hasanov