Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni dars qilish – tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.
Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:
Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.
Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.
“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.
O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.
O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.
Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Hibbon, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4] Ibn Moja rivoyati.
1-QISM
Da’vo: Hijrat va jang yo‘lini tanlaganlar haq yo‘lda.
Raddiya: Sahobalarning janglari: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rahbarligida davlat va jamoat hukmi bilan, aniq shar’iy qoidalar asosida bo‘lgan.
Bugungi kunda ayrim guruhlarning o‘zboshimchalik bilan qurol olishi, davlat, jamiyat va ulamolarga qarshi chiqishi sahobalar amaliga umuman o‘xshamaydi.
2. Hijrat – mutlaq va doimiy farzdek ko‘rsatilishi noto‘g‘ri.
Hanafiy–Moturidiy aqidasiga ko‘ra, hijrat sharoitga bog‘liq hukm; agar inson o‘z yurtida: dinini saqlab yashay olsa, farz-voҷiblarni ado etsa, fitna va kufrga majburlanmasa, unda hijrat farz emas.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ochiq aytganlar: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (ya’ni Makka hijrati kabi umumiy hijrat tugadi).
Demak, hijratni har zamon va har joyda barchaga majburiy qilib ko‘rsatish – fiqhga zid.
3. “Jang va xavf – haq yo‘l belgisi” degan tasavvur botil.
Islomda haq yo‘lning mezoni – Qur’on, sunnat va jamoat. Jang, urush, qon to‘kish va xavf esa, fazilat emas.
Abu Mansur Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, Alloh bandalari uchun omonlik, adolat va hayotni asrashni istaydi.
Jang: faqat zaruratda, qonunli hokimiyat ostida, fitnani to‘xtatish uchun bo‘ladi.
Zo‘ravonlikni “jihod ruhi” deb ko‘rsatish – jihod tushunchasini buzishdir.
4. “Mujohidlar” obrazini qahramonlashtirish – xavfli g‘oya
Ahli sunna manhajida: qahramon – shariatga itoat qilgan,jamiyatga zarar keltirmagan, qon to‘kishdan ehtiyot qilgan kishi.
O‘zboshimchalik bilan qurol ko‘targan, fitna chiqargan, musulmon yurtlarini vayron qilgan shaxslar mujohid deb emas, balki fitnachi deb baholanadi.
Xulosa, Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasiga ko‘ra:
1. Sahobalar hayotini zamonaviy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – botil.
2. Hijrat har kimga, har joyda farz, degan da’vo noto‘g‘ri.
3. Zo‘ravonlikni jihod deb oqlash – Islomga xiyonat.
4. Bunday ma’ruzalar ilmga emas, radikallashuv va fitnaga xizmat qiladi.
Raddiya: Islomda jihod ma’nosi avvalo urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsining kuyiga kirmaslik, uni yengib shariatga muvofiq yashash uchun jon jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekanligi, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda esa, quyidagilar aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Bas, ikkovlari(xizmati)da jihod qil!” dedilar.
Demak, ota-onaning xizmati ham jihod bo‘lishi mumkin.
Shariatga, zabardast Islom ulamolarining fatvolariga muvofiq tarix davomida butun xalq, mamlakat, davlat uchun kuchga ega qilich jihodini e’lon qilish huquqiga faqat musulmonlar rahbari yoki musulmonlar yashaydigan davlat rahbari ushbu mamlakatning yuqori darajadagi olimlari bilan maslahatlashgan xolda ega bo‘ladi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi