Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namangan viloyatiga safarlari davomida vakillikning yangi binosida tuman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Muftiy hazratlari yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar hamda soha xodimlari oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, imom-xatiblarning din peshvosi sifatidagi ish faoliyatlarini jadallashtirishlari zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, soha xodimlarini moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imomlarning ilmiy salohiyatini oshirish va xorijda kasb-mahoratini yuksaltirish borasidagi ishlar alohida e’tirof etildi.
Tahliliy majlisda joriy yilning birinchi yarmida viloyat imom-xatiblari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Xususan, 40 mingta ma’rifiy tadbir, OAVlarda 9 mingta chiqishlar qilinib, 5 500 nafar fuqaroning murojaati hal etilgani, 5 300 ta migrant oilalari bilan muloqot qilingani hamda ehtiyojmand oilalarga 5 mlrd so‘m, madrasalarga esa 800 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilgani yuqori baholandi.
Yig‘ilishda Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan hamda "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida masjidlarni obodonlashtirish, tozalik va texnik xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, Fatvo markazi faoliyati, o‘z ustida ishlash, imom-xatiblar faoliyatini raqamlashtirish hamda muftiy.uz mobil ilovasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish ta’kidlandi.
Muftiy hazratlari so‘zlari nihoyasida har bir bosh imom-xatib o‘z hududida faoliyat yuritayotgan din peshvolarining faoliyatlarini tahliliy o‘rganib, mas’uliyat, sadoqat, fidoiylik va tashabbuskorlik bilan xizmat qilishlarini ta’minlashi lozimligi aytildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati