Shu yil 26 fevral' yakshanba kuni Jazoir prezidenti Abdelmadjid Tebbun Afrikadagi eng katta 27 gektarlik “Buyuk Jazoir” masjidini rasman ochdi.
Mazkur masjid majuasi 12 ta qismdan iborat bo'lib, unda 120 ming o'rinli namozxona, Islom tsivilizatsiyasi muzeyi, anjumanlar zali va bir millionlik kutubxonaga ega madaniyat markazi, 1,5 ming o'quvchiga mo'ljallangan "Qur'on uyi" oliy islom fanlari maktabi, ilmiy tadqiqot va qadimiy qo'lyozmalarni qayta tiklash laboratoriyasi, shuningdek, vertolyot qo'nish maydonchasi, ko'p qavatli avtoturargoh, dam olish maskanlari mavjud.
Jazoir poytaxti, hatto qo'shni shaharlardan ham ko'rish mumkin bo'lgan minoraning balandligi 267 metrni tashkil etadi. Masjidning ichki qismi sakkiz burchakli ustunlar, marmar va 6 km ga yaqin kalligrafik yozuvlar bilan bezatilgan.
Masjidga ilk g'isht 2011 yilda qo'yilgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Misrning eng yirik kundalik “Al-Ahram” gazetasida Misr Bosh muftiysi katta maslahatchisi Ibrohim Najmning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning ta’kidlashicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida o‘tkazilgan ushbu forum u kutganidan-da yuksak saviyada tashkil etilgan. Olim, ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta’kidlagan.
Maqolada muallif markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, ming yillik Qur’on nusxalari va zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalaridan hayratlanganini yozgan. Uning fikricha, bu maskanda o‘tmish va tarix shunchaki namoyish etilmagan, balki har bir eksponat zamonaviy shaklda qayta “jonlantirilgan”.
Ibrohim Najm Harvard universitetidagi talabalik yillarini eslab, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” nazariyasi haqida fikr yuritgan. Bu nazariyada Islom G‘arb uchun asosiy raqib sifatida talqin etilgan bo‘lsa-da, muallif uning ilmiy asoslariga doimo shubha bilan qaraganini qayd etadi. Uning aytishicha, Islom sivilizatsiyasi hech qachon harakatsiz bo‘lmagan yoki taraqqiyotdan ortda qolmagan.
O‘zbekistonga tashrifi davomida Ibrohim Najm bu yerdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Hakim at-Termiziy maqbarasi va islom olamini ulug‘lovchi boshqa maskanlarni ko‘zdan kechirib, islom sivilizatsiyasi va uning ma’naviy-ilmiy merosi tobora rivojlanib, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini e’tirof etgan.
Muallif Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Usmon mus'hafi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom olamining eng qimmatli yozma meroslaridan biri ekani, Qur’on matnining ilk davrlarda saqlanish tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanishini ta’kidlagan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati