#KUN_IMOMI
Yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun sarflangan mablag‘ kelajakka yotqizilgan sarmoyadir. O‘quvchilarning ta’lim olishlariga shart-sharoit yaratib berishning savobi ulug‘.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi rahbariyati tashabbusi bilan 2025 yil 18 avgust kuni poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidi imom-xatibi homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmand oilalarning 30 nafar o‘quvchi-yoshlariga qiymati 500.000 so‘m, jami 15 million so‘mlik zarur kiyim-kechak, o‘quv qurollari va maktab sumkalari hadya qildi.
Sovg‘alarni olgan bolalarning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rgan kishining kelajakka ishonchi yanada oshishi tayin.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin.
O‘quvchilarning o‘qishlariga muvafaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati