Ko'pchilik bolalikda aka-ukalari bilan janjallashadi. Bunga turli narsalar sabab bo'ladi. Ba'zida uy ishlarining taqsimoti borasida nizo chiqsa, boshqa payt televizor ko'rish navbati talashiladi, yo bo'lmasa yana nimadir muammo chiqib, aka-ukalar va opa singillar orasida o'zaro shovqin ko'tarilishiga sabab bo'ladi. Barcha ota-onalar bunday vaziyatlarda bolalarni tinchlantirishga, kattaga sen kattasan, kichikka sen kichiksan, deb o'zaro murosaga chaqirishga urinishadi.
Biz ham opa-singillarim bilan ko'p urishardik. Onamizni bir-birimizdan qizg'onardik. Shunda marhum onam bizlarni bir xonaga to'plab, bu ishimiz yaxshi emasligini muloyim ohangda tushuntirardilar. Keyin bizga Yusuf alayhissalom qissalarini so'zlab berardilar. U kishining akalari bilan bo'lgan hodisalar, akalari tarafidan qanday nohaqliklar ko'rganlari, akalari otalarini rashk qilib Yusuf alayhissalomni hatto quduqqa tashlab kelganlari, Yusuf alayhisalom boshlaridan o'tgan ko'plab qiyinchiliklar, shuncha zahmat chekkanlariga qaramay akalarini kechirib yuborganlarini ta'sirli qilib aytib berardilar.
Qissa oxirida Yusuf alayhissalom otalariga “Otajon, bu avval ko'rgan tushimning ta'biridir” degan joylarida doim ko'zimizda yosh bo'lardi. Qissani eshitib bo'lganimizdan so'ng o'zimizga kelardik. G'azabimiz bosilib, qarshimizda talashib tortishayotganimiz bir qorindan talashib tushgan jigarlarimiz ekanini anglab, bir-birimizni bag'rimizga bosar edik, aytgan dilozor gaplarimiz uchun bir-birimizdan uzr so'rardik.
Lekin oradan yana bir qancha vaqt o'tgach, onamning nasihatlari yodimizdan chiqib qolardi. Keyin onam bizga yana o'sha uslubda o'sha muloyimlik va sabr bilan Yusuf alayhissalom qissalarini so'zlab berardilar.
Bir necha yillar onam sabr-toqat bilan bizga mana shu uslubni qo'lladilar. Yusuf alayhissalom qissalarini har eshitganimizda qissaning o'zimiz uchun yangi bo'lgan jihatlarini kashf qilardik. Bora-bora bu qissa bizga yod bo'lib ketdi. Qachon opa-singilalar o'zaro nizolashib qoladigan bo'lsak, o'z-o'zidan shu qissa yodimizga keladigan bo'lib qoldi. Qissa yodimizga kelishi bilan darrov jahlimizdan tushib, janjalning oldini olardik.
Oradan yillar o'tdi. Onam qeksayib omonatlarini topshiradigan payt barcha farzandlarini atroflariga to'pladilar. Hammamizga eshittirib shunday nasihat qildilar: “Sizlarga ikki narsani nasihat qilaman. Birinchisi, Yusuf alayhissalomning qissalarini unutmanglar, doimo bir-birlaringizga eslatib turinglar, ichlaringdan kimdir unutsa, boshqalari unga eslatsin. Ikkinchi nasihatim shuki, Alloh taolodan qo'rqinglar. Agar sizlar Alloh taolodan qo'rqsalaringiz, Alloh taolo sizlarga barcha qiyinchilik va tashvishlardan chiqish yo'lini ato qiladi, men ham sizlardan ana o'shanda rozi bo'laman va go'rimda tinch yotaman...”.
Onamning so'nggi nasihatlarini tinglarkanmiz qo'llarimiz ko'zlarimizdan oqayotgan yoshlarni artishga ulgurmasdi. Onam nasihatlarining so'nggida tez kunlarda Jannatda diydor ko'rishishni so'rab duo qildilar va shahodat kalimalarini aytib boqiy dunyoga ko'chib o'tdilar...
O'shandan beri qancha yillar o'tib ketdi. Lekin onamning o'sha kungi nasihatlari umrbod qalbimizga muhrlandi. Onamning bergan tarbiyalari va nasihatlari sharofatidan hayotimizda qanday muammoga yo'liqsak, Yusuf alayhissalom qissalarini eslaydigan, u zotni quduqda biror yordamchisiz bo'lgan paytlarida qutqargan Alloh bizni ham bu hayot qiyinchiliklaridan olib chiqib ketishiga ishonadigan bo'ldik. Jigarlar bilan o'zaro oqibatimiz ham go'zal bo'ldi. Alloh taolo onamizni O'zi rahmatiga olsin, bizlarni Yusuf alayhissalom va onamiz bilan jannatda uchrashtirsin.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida mazkur markazning Yaponiyadagi ilk keng qamrovli taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Yaponiya ta’lim va madaniyat muassasalari, xususiy kompaniyalar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatlari, tadqiqotchilar, OAV xodimlari, shuningdek, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek talabalari ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom ma’rifati, ilm-fani va madaniyatini o‘rganish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish uchun xalqaro maydonga aylanishi qayd etildi.
Anjumanda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniyat merosi, buyuk olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Amir Temur va uning avlodlarining jahon tarixidagi o‘rni haqidagi materiallar taqdim etildi.
Markaz direktorining maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev “Ma’rifat orqali kelajakka” mavzusida ma’ruza qilib, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va xalqaro muloqotni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans konsepsiyasining hamda turli sivilizatsiyalar, jumladan, Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot filmi, O‘zbekistonning buyuk olimlari to‘g‘risidagi videomateriallar hamda yurtimizning madaniy merosi va me’moriy obidalariga bag‘ishlangan fotolar namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati