Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

Ular fajr ahlidir

03.09.2025   16350   5 min.
Ular fajr ahlidir

Bir jamoa borki, Alloh taolo ularni O‘z tavfiqi ila qo‘llagan va ularni dunyoning o‘zidayoq izzat-ikrom qilgan. Ularning yuzlari nurli, peshonalari yaltiragan va vaqtlari barakalidir. Siz ham ana o‘sha jamoaning bir a’zosi bo‘ling va Allohga ko‘p hamd ayting. Allohdan sizni ham o‘sha jamoaning bir vakiliga aylantirishini so‘rab duoyu iltijolar qiling.

Ular fajr ahlidir... Ular bomdod namozini masjidda jamoat bilan ado etishga ishtiyoqlari baland bo‘lganlardir. Ularning tong-saharlab qiladigan amallari qanday ham go‘zal! Ularga farishtalar guvoh bo‘ladi. Bomdodni jamoat bilan o‘qigan kishi go‘yo tunning barini ibodat bilan o‘tkazgan hisobidadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xuftonni jamoat bilan o‘qisa, tunnig yarmida ibodat qilganday bo‘ladi. Bomdodni ham jamoat bilan ado etsa, tunning barini ibodat bilan o‘tkazgan kabidir”[1], deganlar. 

Bu ishga shoshilish, harakatda bo‘lish jannat sari yetak­laydi. Bomdoddan keyingi vaqtga baraka yog‘iladi. Nabiy alayhissalom: “Yo Alloh! Ummatimning sahargi vaqtiga baraka ber”[2], deya duo qilganlar.

Fajr ahli – ular Alloh tomon chorlayotgan jarchining: “Namozga keling... Najotga keling...” degan chaqirig‘iga “Lab­bay” deyayotgan kishilardir. “Namoz uyqudan yaxshiroqdir...” degan iborani eshitganlari zamon hushyor tortgan va bandalik hissini anglab yetganlarga Allohning salomi bo‘lsin! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qorong‘u paytlari masjid tomon yurib boradigan kishilarga qiyomat kunidagi mukammal nurning xushxabarini beringlar”[3], deganlar.

Ey fajr ahli! Ulkan ajr ila musobaqada o‘zib ketdingiz. Dunyo matohlariga, nafsiga ergashganlarga havas ko‘zi bilan boqmang. Chunki ularda havas qilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Undan ko‘ra sizlarga beriladigan Allohning fazli va rahmatidan suyuninglar, xursand bo‘linglar.

Ey fajr ahli! Jannatda Allohning jamolini ko‘rish baxti muborak bo‘lsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yaqinda sizlar shu oyni ko‘rganlaringiz kabi Robbingizni tiqilinchsiz ko‘rasizlar. Quyosh chiqishidan oldingi va botganidan keyingi namozni qo‘ldan boy bermaslikni uddalay olsangiz, shunday qilinglar!” dedilar. Keyin esa: “Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Robbingizga hamd bilan (Unga) tasbeh ayting (namoz o‘qing)!..»[4] oyatini o‘qidilar[5].

Ey fajr ahli! Odamlar mol-dunyo, xotinlar bilan chalg‘iganda, siz vaqtda baraka, tetiklik hamda jannat mukofoti ila uyga qaytishga rozi bo‘lasizmi?!

Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Quyosh chiqishi va botishidan avval namoz o‘qigan kishi hech qachon jahannamga kirmaydi”[6], deganlar. Bu hadisda aytilgan vaqtlardagi namoz bomdod va asrdir.

Ey fajr ahli! Sizlar Allohning hifzu himoyasidasiz. Jonlaringiz xush, jasadlaringiz bardam... Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bomdod namozini o‘qisa, u Allohning himoyasidadir”[7].

Boshqa bir hadisda esa ushbu ma’nolar mujassam: “Kim g‘aflat uyqusida bo‘lsa, shayton uning gardaniga uchta tugun tugadi va har bir tugunga: “Hali tun uzoq, yotaver!” deya dam uradi. Kishi uyqudan tursa va Allohni yodga olsa, bitta tugun yechiladi. Tahorat olganida yana bitta tugun yechiladi. Namoz o‘qisa, oxirgi tugun ham yechiladi. Keyin boyagi odam tetik bo‘lib qoladi. Tugunlar yechilmay shu holda qolsa, odam tuban bo‘lib, dangasaga aylanadi”[8].

Fajr ahlining safiga qo‘shiling! Allohning zimmasida bo‘lasiz. Yaxshi kishilar daftariga nomingiz bitib qo‘­yiladi. Saodatni qo‘lga kiritasiz va munofiqlikdan omonda bo‘lasiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Munofiq kimsalarga xufton va bomdoddan-da og‘irroq namoz yo‘q. Agar ular bu namozlar o‘z ichiga nimalarni yashirganini bilishganida edi, emaklab bo‘lsa ham kelishgan bo‘lishardi”[9],  deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Muslim rivoyati.
[2]  Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati.
[3]  Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[4]  Toho surasi, 130-oyat.
[5]  Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.
[6]  Imom Muslim rivoyati.
[7]  Imom Muslim rivoyati.
[8]  Muttafaqun alayh.
[9]  Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

09.11.2026   8884   2 min.
Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

8 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2027” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, elchi Nodirjon Turg‘unov, attashe Shuhrat Amoniy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.

Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi va ziyoratchilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.

Haj va umra vaziri o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ziyoratchilarga yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuksak baholadi. Doktor Tavfiq ar-Robia yurtimizga amalga oshirgan avvalgi ikki tashrifi davomida guvohi bo‘lgan jadal taraqqiyotni e’tirof etib, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Muloqot davomida “Haj-2027” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuqori sifat nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Jumladan, hojilarga eng munosib sharoitlarni hozirlash, haj arkonlari ado etiladigan makonlarda sharoitlarni yaxshilash, transport, tibbiy va oshxona xizmatlari sifatini takomillashtirish kabilarga urg‘u qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari