O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimiz islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va butun dunyoda keng targ‘ib qilishni davom ettirishini ta’kidladi.
"Biz jamiyatimizdagi bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettiramiz!", - dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi.
"Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatidamiz", - ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati