Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ominaning homilasi oddiy homila emas edi. Bu homila xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Ka’bani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi.
Omina esa o‘zida homilador ayollarda bo‘ladigan mashaqqatlarni mutlaqo sezmas edi. Tushida g‘oyibdan kelgan ovoz unga «Albatta, sen ushbu ummatning ulug‘iga homilador bo‘lding», der edi.
Alloh taolo fil egalarini halok etganidan ellik kun o‘tib, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq oddiy to‘lg‘oq emas edi. Ominaning homilasi odatdagi holatlardan tamoman o‘zgacha bir holatda yorug‘ dunyoga keldi. Uning qornidan go‘yo bir nur – go‘dak xuddi sajda qilayotgandek holda yerga tushdi.
Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxtga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, dushanba kuni (milodiy 570 yil, 20 aprel) edi.
U Zot sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlariga bog‘liq ajoyibotlar
O‘sha kuni odamlar ko‘pgina odatdan tashqari hodisalarning shohidi bo‘ldilar:
1. Butlar larzaga tushib, qimirlab ketdi. Ba’zilari yuztuban yerga yiqildi. Chunki ularni yo‘q qiluvchi zot dunyoga kelgan edi.
2. Makkadan bir nur zohir bo‘lib, Shomdagi qasrlarni yoritib yubordi. Chunki butun dunyoga iymon nurini eltuvchi zot dunyoga kelgan edi.
3. Hishom ibn Urvaning ta’kidlashicha, o‘sha kuni Makkada tojirlik qiluvchi bir yahudiy qurayshliklar to‘planib o‘tirgan joyga kelib:
«Ey qurayshliklar jamoasi, bugun sizlarda biror bola tug‘ildimi?», degan. Ular:
«Bilmadik», deyishgan. Shunda haligi yahudiy:
«Allohu Akbar! Ammo bilmagan bo‘lsangiz, biling! Sizga aytadigan gapimni yaxshilab yodlab oling! Bugun ushbu oxirgi ummatning nabiysi tug‘ildi. Uning ikki kuragi orasida alomat bor. Alomatning ustida tuklar bor», dedi.
4. Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Yetti-sakkiz yoshdagi bola edim. Ko‘rgan-eshitgan narsamga aqlim yetar edi. Bir kuni ertalab Yasribda bir yahudiy:
«Ey yahudiylar jamoasi!» deb baqirib qoldi. Uning oldiga to‘planishdi. Men eshitib turibman. Ular:
«Sho‘ring qurg‘ur, senga nima bo‘ldi?» dedilar.
«Batahqiq, bu kecha tug‘iladigan Ahmadning yulduzi chiqdi!» dedi».
5. Maxzum ibn Hone’ al-Maxzumiyning aytishicha, o‘sha kuni Fors podshohi Kisroning ayvoni larzaga kelib, o‘n ikkita bolaxonasi qulab tushgan. Majusiylarning ming yildan buyon o‘chmay turgan olovlari o‘chib qolgan.
Ba’zi bir kishilarga bu gaplar g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Lekin bor haqiqat shu. Bu hodisalar turli tarixchilar tomonidan, jumladan, musulmon emaslari tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Ularning barchasi mazkur hodisalar mubolag‘a emasligini tasdiqlaganlar.
Bularning hammasi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning kelajakda kim bo‘lishlariga ishorat edi.
Omina yangi tug‘ilgan go‘dakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttolibga odam yuborib, «Sizga bir g‘ulom tug‘ildi, kelib, unga bir nazar soling», dedi.
Ehtimol, u kishi bu bilan yangi kuyovlik chog‘idayoq vafot etgan o‘g‘lining ko‘yida o‘rtanib yurgan keksa otaning ko‘ngliga bir oz quvonch kirishini istagandirlar.
Abdulmuttolib quvonchga to‘lgan holida shoshib, yetib keldi. Murg‘ak nabirasini qo‘liga olib, o‘pdi. Uni avaylab ko‘tarib, Ka’bai Muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoi xayrlar qildi. So‘ngra nabirasiga Muhammad degan ism qo‘ydi. Arablar ichida bu ism hali tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi...
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mening beshta ismim bor. Men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur. Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur. Men Oqibman», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining asosiy ismlariga qo‘shib, yana to‘rtta sifatlaridan kelib chiqadigan ismlarini ham tilga olmoqdalar:
1. Muhammad.
Bu muborak ismning lug‘aviy ma’nosi «hamd-maqtov aytilgan»dir. Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar «Ayni shu siyg‘adan, ya’ni Muhammad siyg‘asidan «Maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’no chiqadi», deydilar.
Tarixchilarning rivoyat qilishlaricha, Omina onamiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga homiladorlik vaqtlarida ko‘rgan tushlarida bolalari tug‘ilganda uni Muhammad deb nomlashlari kerakligi aytilgan ekan.
Shuningdek, Abdulmuttolib ham tushida o‘z sulbidan odatdagidan boshqa ulug‘ maqomga sazovor bo‘ladigan farzand tug‘ilishiga ishora qiluvchi holatni ko‘rgan ekan. Ikki tushning ta’sirida va kelinning gapiga binoan, Abdulmuttolib nabirasini Muhammad deb atagan.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, o‘sha vaqtgacha arablarning ichida faqat uch kishiga Muhammad ismi qo‘yilgan ekan.
Bir guruh kishilar bir podshohning huzurida bo‘lishibdi. U avvalgi kitoblardan xabardor ekan. Podshoh suhbat davomida Hijoz tomondan Muhammad nomli payg‘ambar chiqishining xabarini aytibdi.
Mehmonlar ichidan uch kishining xotinlari homilador ekan. Uchovlari ham «Xotinim o‘g‘il tug‘sa, ismini Muhammad qo‘yaman», deb niyat qilibdilar. Ularning xotinlari o‘g‘il tug‘ibdi. Farzandlarni yaxshi niyat bilan Muhammad deb nomlabdilar.
Ular quyidagi kishilar ekanlar: Muhammad ibn Sulaymon ibn Mujoshe’, Muhammad ibn Uhayha ibn al-Julaah va Muhammad ibn Himron ibn Robiy’alar.
2. Ahmad.
Bu muborak ismning ma’nosi «Ko‘p hamd aytuvchi» bo‘lib, bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa ko‘p hamd aytishlariga ishoradir. Avvalgi samoviy kitoblardagi bashoratlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning faqat Ahmad ismlari kelgan.
3. Mohiy.
Bu ismning ma’nosini Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari «Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur» deb bayon qilib bermoqdalar.
Biz mahv etishning hozirgi paytdagi ko‘proq ishlatiladigan ma’nosini oladigan bo‘lsak, «o‘chirib tashlash» ma’nosi to‘g‘riroq kelsa kerak. Ya’ni Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ila kufrni o‘chirib tashlaydi.
4. «Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur».
Ya’ni Alloh taolo qiyomat kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qadamlari oldiga hashr maydonida xaloyiqni to‘playdi.
5. Oqib.
Bu muborak ismning ma’nosi «ortdan keluvchi» deganidir. Chunki Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam hamma payg‘ambarlarning ortidan oxirgi payg‘ambar bo‘lib kelganlar, u kishidan keyin boshqa payg‘ambar kelmaydi.
«Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘zlarini bir necha ismlar ila nomlar edilar: Men Muhammadman, Ahmadman, Muqaffiyman, Hoshirman, Nabiyyuttavbaman, Nabiyyurrohmaman», der edilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Bu rivoyatda avval zikr qilinmagan uchta ism zikr qilinmoqda:
1. Muqaffiy.
Bu muborak ismning ma’nosi ham «orqadan keluvchi» bo‘lib, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanliklarini anglatadi.
2. Nabiyyuttavba.
Bu muborak ismning ma’nosi «tavba payg‘ambari» deganidir.
3. Nabiyyurrohma.
Bu muborak ismning ma’nosi «rahmat payg‘ambari» degani.
"Hadis va hayot" kitobidan
(“Al-E’timod fil e’tiqod” asari asosida)
Qazo va qadar – Allohning azaliy sifatlari bo‘lib, ularning mohiyati bandasiga ma’lum emas. Alloh barcha narsalarning qazo va qadarini belgilab qo‘ygan. Dunyo va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul mahfuzga yozib qo‘yilishiga ko‘ra bo‘ladi. Lekin yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya’ni majburiy emas. Qazo va qadar Alloh taoloning oldindan bilib, bilganiga ko‘ra Lavhul mahfuzda bitib qo‘yishidir.
Qazodan turli ma’nolar iroda qilinadi. Quroni karim oyatlarida ko‘p o‘rinlarda qazo kalimasi turli ma’nolarda qo‘llangan. Masalan, Alloh taolo: ﴿وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ﴾ “Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni amr etdi”[1], deb marhamat qiladi. Bu o‘rinda “qazo” so‘zi “amr qilish” ma’nosida kelgan. Ba’zida qazodan “hukm” iroda qilinadi. Alloh taolo: ﴿فَاقْضِ مَا أَنْتَ قَاضٍ﴾ “Bas, nima hukm qilsang, qilaver”[2], deydi. Ba’zan esa “mukammal barpo qilish” ma’nosida keladi. Bunga Alloh taoloning ﴿فَقَضَاهُنَّ سَبْعَ سَمَوَاتٍ﴾ “Bas, yetti osmonni barpo qildi”[3], degan so‘zi misol bo‘ladi. Ya’ni bekamu-ko‘st, mukammallik bilan yaratdi.
Qadarga kelsak, u – har bir narsani qanday bo‘lishi lozim bo‘lsa, shunday qilib belgilashdir: u yaxshilik yoki yomonlik, go‘zallik yoki xunuklik, hikmat yoki bema’nilik bo‘lishidan qat’i nazar. Shuningdek, har bir narsaning qaysi zamon va makonda voqe bo‘lishini, unga qanday savob yoki jazo bo‘lishini bayon qilish ham qadarga kiradi.
Qadar deganda Alloh taoloning har bir narsani o‘z o‘rni, vaqti, makoni va holatiga mos ravishda belgilab qo‘yishi nazarda tutiladi. Ya’ni, dunyoda sodir bo‘ladigan har bir narsa – yaxshilik yoki yomonlik, go‘zallik yoki xunuklik, hikmatli ish yoki inson nazarida bema’nidek ko‘ringan ish – Allohning ilmi va belgilashi doirasidadir. Shuningdek, narsaning qachon, qayerda va qanday tarzda sodir bo‘lishi ham qadarga taalluqli.
Bandalarning barcha fe’l (ish-harakat)larini Alloh taolo yaratadi. Demak, ularning gunohu ma’siyatlari ham Allohning qazo va qadari, ya’ni yaratishi bilan bo‘ladi.
Shuning uchun ulamolarimiz: “Kufrni yaratish nodonlik emas”, deydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ﴾ “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov bilan yaratdik”[4], degan. Demak, bularning barchasi Allohdan ekani sobit bo‘lgach, bizning barcha fe’llarimiz ham Alloh taoloning qazosi va qadari bilan bo‘lishi sobit bo‘ladi. Banda esa o‘z fe’lida, garchi bu Allohning qazosi va qadari bilan bo‘lsa ham, ixtiyorli bo‘ladi, majburlangan emas.
Mo‘tazilalar: “Ma’siyatlar Allohning qazosi va qadari emas. Chunki Alloh taolo qazosiga rozilikni vojib qilgan. Agar kufr ham U Zotning qazosi bilan bo‘lganda, albatta, kufrga rozi bo‘lish bizga vojib bo‘lardi”, degan.
Ahli sunna olimlari esa bunga quyidagicha javob beradi: “Kufr bizning nazdimizda Alloh taoloning qazosi emas, maqziysidir[5]. Ya’ni, kufr – Alloh tomonidan qazo qilingan (ya’ni taqdir etilgan) narsadir, lekin uning o‘zi Allohning qazosi (amri, hukmi) emas. Biz Allohning qazosiga va kufrni botil qilganiga rozi bo‘lamiz. Ammo maqziy, ya’ni kufr insonga sifat bo‘lishiga rozi bo‘lmaymiz. Shuni bilish kerakki, haqiqiy majburlanish kasalliklar va musibatlarda bo‘ladi. Chunki inson boshiga qazo qilingan kasallik va musibatlarni yoqtirmaydi. Ammo kufrga duchor bo‘lgan kishi undan batamom rozi bo‘ladi”.
Yanada kengroq bayon qiladigan bo‘lsak, kasallik va musibat insonga majburan keladi. Inson ularni xohlamaydi. Ammo kufrda inson uni o‘z ixtiyori bilan qabul qiladi va undan rozi bo‘ladi. Kufr – insonning ixtiyoriy fe’li bo‘lib, u kufrni tanlagani uchun mas’ul bo‘ladi.
Masalan, Alloh taolo bir insonning kufrni o‘z ixtiyori bilan tanlashini azaldan bilgan va uning voqe bo‘lishini taqdir qilgan. Shunda kufr Allohning maqziysi bo‘ladi. Lekin bu “Alloh kufrga buyurdi” yoki “Alloh kufrdan rozi” degani emas.
Mo‘min banda Alloh taoloning qazo va taqdiriga e’tiroz qilmaydi. Biz Alloh taolo bir narsaning voqe bo‘lishini taqdir qilgan bo‘lsa, uning Alloh tomonidan taqdir qilinganiga rozi bo‘lamiz. Ammo bu yerda juda muhim farq bor. Qazoning Allohdan ekanligiga rozi bo‘lish – qazo qilingan har bir narsaning o‘zidan rozi bo‘lish degani emas. Masalan, zulm ham Allohning ilmi va taqdiridan tashqarida sodir bo‘lmaydi. Lekin Alloh zulmni buyurmagan va undan rozi ham emas.
Alloh taolo kufrni botil deb hukm qilgan. Qur’onda ham kufr, shirk va zulm kabi narsalar maqtalgan emas, aksincha rad etilgan. Shuning uchun: “Kufr Allohning qazosi bilan sodir bo‘lgan” degan gap “Alloh kufrni ma’qullagan” degani emas.
Biz qazo qilingan narsa, ya’ni kufr bizning sifatimiz bo‘lishiga rozi bo‘lmaymiz. Ya’ni inson: “Alloh mening kofir bo‘lishimni taqdir qilgan ekan, demak, men kufrga rozi bo‘lishim kerak”, deb ayta olmaydi. Allohning taqdiri bir masala, bandaning kufrni tanlashi va unga munosabati boshqa masala. Shuning uchun mo‘min: “Allohning taqdiriga roziman, lekin kufrga rozi emasman”, deydi.
Yuqorida aytilganidek, haqiqiy jabr kasallik va musibatlarda bo‘ladi. Nima uchun? Chunki inson kasal bo‘lishni o‘zi tanlamaydi. Masalan, insonga isitma kelishi, og‘rib qolishi, musibatga uchrashi, tabiiy ofatdan zarar ko‘rishi insonning ixtiyoriga bog‘liq emas. Shuning uchun bu yerda haqiqiy ma’noda majburlik bor. Chunki boshiga shunday narsa qazo qilingan kishi undan rozi bo‘lmaydi. Masalan, odam kasal bo‘lsa: “Men kasal bo‘lishni xohlayman”, deb kasallikni tanlamagan. U shifo topishga harakat qiladi. Demak, kasallik insonga majburan kelgan. Bu holatda mo‘min inson unga sabr qilib, Allohdan savob umidida bo‘ladi.
Ammo kufrga kelsak, unga qazo qilingan kishining o‘zi undan juda qattiq rozi bo‘ladi. Ya’ni, inson uni qabul qiladi, so‘ng unga e’tiqod qiladi va uni ma’qul deb biladi.
Demak, inson majburmi yoki ixtiyorlimi? Insonda ixtiyor va kasb bor. Masalan, inson oldida ikki yo‘l bor: imon yoki kufr. U qaysi yo‘lni tanlashni o‘z ixtiyori bilan qiladi. Lekin uning ixtiyori, qudrati va fe’lining voqe bo‘lishi ham Allohning yaratishi va taqdiri doirasida. Shuning uchun ikki haqiqat bir vaqtda to‘g‘ri bo‘ladi: “Alloh taqdir qildi” va “Banda o‘z ixtiyori bilan qildi”. Bu ikkalasi bir-biriga zid emas.
Yana ham soddaroq misol keltiradigan bo‘lsak, masalan, bir kishi qo‘li bilan birovni urdi. Bu ish – Allohning ilmida bor, Allohning qudratidan tashqarida emas va Alloh uning voqe bo‘lishini taqdir qilgan. Lekin kishi: “Meni Alloh majbur qildi, shuning uchun men aybdor emasman”, deb bahona qila olmaydi. Chunki u qo‘lini o‘z ixtiyori bilan ko‘tardi. Agar qo‘li kasallik sababli beixtiyor harakatlanib, birovga tegib ketsa, bu boshqa masala. Bu yerda qasd va ixtiyor yo‘q. Shu farq jabr va kasb masalasining mohiyatini tushunishga yordam beradi.
Mo‘tazilalarning yomon ishlar Allohning qazo va qadari emas, degan qarashlari mashhur hadisga ziddir. Mashhur xabarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qadarning yaxshi-yu, yomoni Alloh taolodandir”, deganlar. Bu hadis biz uchun dalildir.
Yana bir dalil quyidagi hadis: “Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda to‘rt narsa bo‘lsa, u mo‘mindir, kim ulardan uchtasini keltirib, bittasini berkitsa, u kofirdir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, meni Allohning rasuli ekanimga, o‘lgandan keyin qayta tirilishiga guvohlik berish va qadarning yaxshi-yu, yomoniga imon keltirish. Kim ulardan uchtasini keltirib, bittasini berkitsa, u kofirdir”, dedilar”.
Xulosa qilganda, qazoyu qadar masalasi o‘ta nozik masalalardan sanaladi. Basharning aqli ilohiy hikmatlar mohiyatini qamrab olishdan nuqsonli va ko‘zlar rabboniy sirlarni idrok etishdan yiroqdadir.
Imom Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabir “Ar-Raddu ala ahlil ahvo” asarida keltiradi: “Bir kishi Ali ibn Abu Tolibga: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir chuqur dengizdir, unga sho‘ng‘ima”, dedi. U yana: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir qorong‘u yo‘ldir, unga qadam bosma”, dedi. U yana: “Menga taqdir haqida xabar ber”, dedi. Ali: “Taqdir Allohning siridir, uni bilishga urinma”, dedi”. Ba’zi rivoyatlarda “uni taftish qilma” deyilgan. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning qazo va qadar masalasida haqni qanday ochiqlab berganiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u kishi: “Taqdir Allohning siridir. Uni bilishga urinma”, deb chuqur ketishdan qaytardi. Eng asosiy narsa – bizga qazo-yu qadrning yaxshi-yu, yomoniga imon keltirish buyurilgandir.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi