Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448

Men Muhammadman...

08.10.2025   6595   8 min.
Men Muhammadman...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ominaning homilasi oddiy homila emas edi. Bu homila xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Ka’bani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi.

Omina esa o‘zida homilador ayollarda bo‘ladigan mashaqqatlarni mutlaqo sezmas edi. Tushida g‘oyibdan kelgan ovoz unga «Albatta, sen ushbu ummatning ulug‘iga homilador bo‘lding», der edi.

Alloh taolo fil egalarini halok etganidan ellik kun o‘tib, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq oddiy to‘lg‘oq emas edi. Ominaning homilasi odatdagi holatlardan tamoman o‘zgacha bir holatda yorug‘ dunyo­ga keldi. Uning qornidan go‘yo bir nur – go‘dak xuddi sajda qilayotgandek holda yerga tushdi.

Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxt­ga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni, dushanba kuni (milodiy 570 yil, 20 aprel) edi.


U Zot sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlariga bog‘liq ajoyibotlar

O‘sha kuni odamlar ko‘pgina odatdan tashqari hodisalarning shohidi bo‘ldilar:


1. Butlar larzaga tushib, qimirlab ketdi. Ba’zilari yuztuban yerga yiqildi. Chunki ularni yo‘q qiluvchi zot dunyoga kelgan edi.


2. Makkadan bir nur zohir bo‘lib, Shomdagi qasrlarni yoritib yubordi. Chunki butun dunyoga iymon nurini eltuvchi zot dunyoga kelgan edi.


3. Hishom ibn Urvaning ta’kidlashicha, o‘sha kuni Makkada tojirlik qiluvchi bir yahudiy qurayshliklar to‘planib o‘tirgan joyga kelib:

«Ey qurayshliklar jamoasi, bugun sizlarda biror bola tug‘ildimi?», degan. Ular:

«Bilmadik», deyishgan. Shunda haligi yahudiy:

«Allohu Akbar! Ammo bilmagan bo‘lsangiz, biling! Sizga aytadigan gapimni yaxshilab yodlab oling! Bugun ushbu oxirgi ummatning nabiysi tug‘ildi. Uning ikki kuragi orasida alomat bor. Alomatning ustida tuklar bor», dedi.


4. Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:

«Yetti-sakkiz yoshdagi bola edim. Ko‘rgan-eshitgan narsamga aqlim yetar edi. Bir kuni ertalab Yasribda bir yahudiy:

«Ey yahudiylar jamoasi!» deb baqirib qoldi. Uning oldiga to‘planishdi. Men eshitib turibman. Ular:

«Sho‘ring qurg‘ur, senga nima bo‘ldi?» dedilar.

«Batahqiq, bu kecha tug‘iladigan Ahmadning yulduzi chiqdi!» dedi».


5. Maxzum ibn Hone’ al-Maxzumiyning aytishicha, o‘sha kuni Fors podshohi Kisroning ayvoni larzaga kelib, o‘n ikkita bolaxonasi qulab tushgan. Majusiylarning ming yildan buyon o‘chmay turgan olovlari o‘chib qolgan.

Ba’zi bir kishilarga bu gaplar g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Lekin bor haqiqat shu. Bu hodisalar turli tarixchilar tomonidan, jumladan, musulmon emaslari tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Ularning barchasi mazkur hodisalar mubolag‘a emasligini tasdiqlaganlar.

Bularning hammasi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning kelajakda kim bo‘lishlariga ishorat edi.

Omina yangi tug‘ilgan go‘dakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttolibga odam yuborib, «Sizga bir g‘ulom tug‘ildi, kelib, unga bir nazar soling», dedi.

Ehtimol, u kishi bu bilan yangi kuyovlik chog‘idayoq vafot etgan o‘g‘lining ko‘yida o‘rtanib yurgan keksa otaning ko‘ngliga bir oz quvonch kirishini istagandirlar.

Abdulmuttolib quvonchga to‘lgan holida shoshib, yetib keldi. Murg‘ak nabirasini qo‘liga olib, o‘pdi. Uni avaylab ko‘tarib, Ka’bai Muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoi xayrlar qildi. So‘ngra nabirasiga Muhammad degan ism qo‘ydi. Arablar ichida bu ism hali tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi...


Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Mening beshta ismim bor. Men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman, Alloh men ila kufrni mahv etur. Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur. Men Oqibman», dedilar».

Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.

Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining asosiy ismlariga qo‘shib, yana to‘rtta sifatlaridan kelib chiqadigan ismlarini ham tilga olmoqdalar:


1. Muhammad.

Bu muborak ismning lug‘aviy ma’nosi «hamd-maqtov aytilgan»dir. Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar «Ayni shu siyg‘adan, ya’ni Muhammad siyg‘asidan «Maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’no chiqadi», deydilar.

Tarixchilarning rivoyat qilishlaricha, Omina onamiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga homiladorlik vaqtlarida ko‘rgan tushlarida bolalari tug‘ilganda uni Muhammad deb nomlashlari kerakligi aytilgan ekan.

Shuningdek, Abdulmuttolib ham tushida o‘z sulbidan odatdagidan boshqa ulug‘ maqomga sazovor bo‘ladigan farzand tug‘ilishiga ishora qiluvchi holatni ko‘rgan ekan. Ikki tushning ta’sirida va kelinning gapiga binoan, Abdulmuttolib nabirasini Muhammad deb atagan.

Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, o‘sha vaqtgacha arablarning ichida faqat uch kishiga Muhammad ismi qo‘yilgan ekan.

Bir guruh kishilar bir podshohning huzurida bo‘lishibdi. U avvalgi kitoblardan xabardor ekan. Podshoh suhbat davomida Hijoz tomondan Muhammad nomli payg‘ambar chiqishining xabarini aytibdi.

Mehmonlar ichidan uch kishining xotinlari homilador ekan. Uchovlari ham «Xotinim o‘g‘il tug‘sa, ismini Muhammad qo‘yaman», deb niyat qilibdilar. Ularning xotinlari o‘g‘il tug‘ibdi. Farzandlarni yaxshi niyat bilan Muhammad deb nomlabdilar.

Ular quyidagi kishilar ekanlar: Muhammad ibn Sulaymon ibn Mujoshe’, Muhammad ibn Uhayha ibn al-Julaah va Muhammad ibn Himron ibn Robiy’alar.


2. Ahmad.

Bu muborak ismning ma’nosi «Ko‘p hamd aytuvchi» bo‘lib, bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa ko‘p hamd aytishlariga ishoradir. Avvalgi samoviy kitoblardagi bashoratlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning faqat Ahmad ismlari kelgan.


3. Mohiy.

Bu ismning ma’nosini Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari «Men Mohiyman, Alloh men ila kufr­ni mahv etur» deb bayon qilib bermoqdalar.

Biz mahv etishning hozirgi paytdagi ko‘proq ishlatiladigan ma’nosini oladigan bo‘lsak, «o‘chirib tashlash» ma’nosi to‘g‘riroq kelsa kerak. Ya’ni Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ila kufrni o‘chirib tashlaydi.


4. «Men Hoshirman, Alloh mening ikki qadamim oldiga odamlarni hashr etur».

Ya’ni Alloh taolo qiyomat kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qadamlari oldiga hashr maydonida xaloyiqni to‘playdi.

5. Oqib.

Bu muborak ismning ma’nosi «ortdan keluvchi» deganidir. Chunki Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam hamma payg‘ambarlarning ortidan oxirgi payg‘ambar bo‘lib kelganlar, u kishidan ke­yin boshqa payg‘ambar kelmaydi.

 

«Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘zlarini bir necha ismlar ila nomlar edilar: Men Muhammadman, Ahmadman, Muqaffiyman, Hoshirman, Nabiyyuttavbaman, Nabiyyurrohmaman», der edilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Sharh: Bu rivoyatda avval zikr qilinmagan uchta ism zikr qilinmoqda:

1. Muqaffiy.

Bu muborak ismning ma’nosi ham «orqadan keluvchi» bo‘lib, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanliklarini ang­latadi.

2. Nabiyyuttavba.

Bu muborak ismning ma’nosi «tavba payg‘ambari» deganidir.

3. Nabiyyurrohma.

Bu muborak ismning ma’nosi «rahmat payg‘ambari» degani.

 

"Hadis va hayot" kitobidan

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelidagi o‘rni

02.10.2026   13840   7 min.
Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelidagi o‘rni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi globallashuv va axborot almashinuvi nihoyatda tezlashgan sharoitda jamiyatning barqarorligi nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy omillar, balki insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va ishonchga ham bevosita bog‘liq. Ayniqsa, turli millat, elat va diniy konfessiyalar vakillari istiqomat qiladigan jamiyatlarda totuvlikni ta’minlash ijtimoiy barqarorlikning muhim shartlaridan biridir.

O‘zbekiston uchun millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tarixiy tajriba bilan birga, bugungi taraqqiyot jarayonining ham muhim omilidir. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi siyosat faqat ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan cheklanmay, huquqiy kafolatlar, institutsional mexanizmlar, ta’lim, mahalla va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni qamrab olmoqda.

Totuvlikning huquqiy asosi. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning eng muhim kafolati Konstitutsiyada belgilangan inson huquqlari va tenglik tamoyillaridir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlashi hamda ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi belgilangan. Shuningdek, vijdon erkinligi kafolatlanib, insonning istalgan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi e’tirof etilgan.

Bu normalarning ahamiyati shundaki, milliy yoki diniy mansublik insonning jamiyatdagi huquqiy maqomini belgilovchi mezonga aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Demak, bag‘rikenglik faqat axloqiy fazilat emas, balki fuqarolarning teng huquqliligiga asoslangan konstitutsiyaviy tamoyildir.

Millatlararo munosabatlarda yangi institutsional yondashuv. 2025-yil 19-martdagi PF-52-son Farmon bilan umummilliy totuvlik, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga teng huquq va imkoniyatlar yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hamda yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirishga qaratilgan vazifalar belgilandi. Hujjat asosida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi.

Mazkur yondashuv millatlararo munosabatlarni faqat madaniy tadbirlar doirasida emas, balki jamiyatning umumiy taraqqiyoti, fuqarolarning daxldorligi va teng imkoniyatlari bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi.

Milliy madaniy markazlar, ta’lim muassasalari, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati ham shu jarayonning amaliy tarkibiy qismidir. Turli millat va elatlarning tili, madaniyati va an’analariga hurmatni saqlash esa umumiy fuqarolik birdamligini mustahkamlash bilan uyg‘unlashadi.

Diniy bag‘rikenglik — vijdon erkinligi va o‘zaro hurmat. Diniy bag‘rikenglikning mazmuni faqat turli e’tiqod vakillariga sabr-toqat bilan munosabatda bo‘lishdan iborat emas. U vijdon erkinligini hurmat qilish, fuqarolarning diniy mansubligidan qat’i nazar teng huquqliligini ta’minlash, diniy kamsitish va adovatning oldini olish kabi tamoyillarni ham qamrab oladi.

2025-yilda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan hujjatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, aholi orasida birdamlik va o‘zaro hurmatni kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Unda “Bag‘rikeng jamiyat — barqaror davlat” tamoyili asosida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish mexanizmi ham nazarda tutilgan.

Bu yondashuvning muhim jihati — diniy bag‘rikenglikni faqat diniy tashkilotlarning vazifasi sifatida emas, balki davlat idoralari, mahalla, yoshlar tashkilotlari, oila va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini talab qiladigan ijtimoiy jarayon sifatida ko‘rishdir.

2026-yil: ma’rifat va amaliy profilaktika. Diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy totuvlikni ta’minlashda amaliy ma’rifiy ishlar muhim o‘rin tutadi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026-yil 16-iyuldagi rasmiy brifingida qayd etilishicha, yilning birinchi yarim yilligida respublika bo‘yicha 223 mingdan ortiq ma’rifiy va profilaktik tadbir o‘tkazilgan.

Ularning 32 873 tasi “Jaholatga qarshi ma’rifat” yo‘nalishida, 22 571 tasi yoshlar bilan ochiq muloqot, 35 072 tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, 21 706 tasi notinch va ajrim yoqasidagi oilalar, 35 295 tasi esa mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etgan. Shu davrda diniy-ma’rifiy soha xodimlaridan 3 575 nafari malaka oshirish kurslarini tamomlagan.

Bu raqamlar diniy-ma’rifiy faoliyatning tobora ko‘proq bevosita muloqot, profilaktika va ijtimoiy muammolar bilan ishlashga yo‘naltirilayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, rasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonda 199 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. 2026-yilning birinchi yarmida turli konfessiyalar vakillarining ilmiy-amaliy va madaniy tadbirlardagi ishtiroki ham ta’minlangan. Bu konfessiyalararo muloqotning amaliy shakllaridan biridir.

Bag‘rikenglik va raqamli axborot makoni. Bugungi kunda millatlararo va diniy munosabatlarga ta’sir qiluvchi omillardan biri — raqamli axborot makonidir. Ijtimoiy tarmoqlarda foydali ma’rifiy materiallar bilan bir qatorda noto‘g‘ri, kontekstdan uzilgan yoki manipulyativ axborotlar ham tez tarqalishi mumkin.

Shu sababli bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish media savodxonlik bilan ham chambarchas bog‘liq. Fuqaro axborotning manbasini tekshira olishi, faktni fikrdan ajrata bilishi, hissiy va provokatsion materiallarga tanqidiy yondashishi zarur.

Bu masalaning dolzarbligi 2026-yil 8-iyulda o‘tkazilgan “Raqamli dunyoda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik barqarorligining dolzarb masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ham alohida muhokama qilingan. Unda raqamli makondagi zamonaviy tahdidlar, media savodxonlikni oshirish, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoya qilish va ijtimoiy tarmoqlarda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Demak, bugungi sharoitda bag‘rikenglikni ta’minlash masalasi mahalla yoki real ijtimoiy muhit bilangina chegaralanmaydi. U internetdagi muloqot madaniyatini ham qamrab oladi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik O‘zbekiston jamiyatining tarixiy tajribasiga tayangan holda, bugungi taraqqiyot jarayonida ham muhim ijtimoiy qadriyat sifatida namoyon bo‘lmoqda. 2025–2026-yillarda qabul qilingan hujjatlar va amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bu yo‘nalishda huquqiy, institutsional va ma’rifiy mexanizmlarning takomillashib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, bag‘rikenglikni faqat davlat siyosati yoki alohida tadbirlar natijasi sifatida emas, balki har bir fuqaroning kundalik muloqot madaniyati bilan bog‘liq jarayon sifatida tushunish muhim. Qo‘shniga hurmat, boshqa millat vakilining tili va madaniyatiga e’tibor, turli e’tiqodlarga nisbatan qonuniy va xolis munosabat, internetdagi axborotni tekshirib qabul qilish — bularning barchasi jamiyatdagi totuvlikning amaliy ko‘rinishlaridir.

Bugungi vazifa millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarda mavjud ijobiy tajribani saqlash bilan birga, yangi axborot muhiti va globallashuv sharoitida yuzaga kelayotgan muammolarga ham zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat. Zero, jamiyatdagi o‘zaro hurmat va ishonch qanchalik mustahkam bo‘lsa, fuqarolarning umumiy taraqqiyot jarayonidagi ishtiroki va daxldorligi uchun shunchalik keng imkoniyatlar yaratiladi.

Shu ma’noda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik — nafaqat ma’naviy qadriyat, balki barqaror ijtimoiy taraqqiyotning muhim shartidir.

 

 

Sultonov Lochinbek Jaloliddin o‘g‘li

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi

Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti

Namangan mintaqaviy filiali

2026-2027- o‘quv yili

imom-xatib va imom-noiblari uchun

tashkil etilgan malaka oshirish kursi I davra tinglovchisi

 

MAQOLA