Har kuni dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlar Ka’baga nazar tashlar ekan, yopinchig‘ini bezab turgan oltin harfli yozuvlar ortida bir insonning amaliy merosi mujassam ekanligini bilavermaydi.
U kishi – Ka’ba yopinchig‘ini bezashga umrini bag‘ishlagan mashhur xattot Abdurahim Amin Buxoriydir.

Uning nomi, garchi Saudiyadan tashqarida unchalik mashhur bo‘lmasa-da, Ka’bani yopib turgan matoda abadiy yashab kelmoqda.

Ota-bobosi asli namanganlik bo‘lgan Abdurahim Amin Buxoriy 1917 yilda Makkada dunyoga kelgan. Bolaligidanoq xattotlikka qiziqib, yosh bo‘lishiga qaramay yuksak mahorati bilan tanildi. Podshoh Abdulaziz tomonidan 1927 yilda tashkil etilgan Kisva fabrikasida 15 yoshida ish boshladi va shu yerda xattotlik san’atining nozik jihatlarini o‘rgandi. 1930-yillarda bosh texnik, keyinchalik, 1960-yillarda fabrika rahbarining o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi.

Har yili yangilanadigan kisva qora ipak matodan tayyorlanib, unga Allohning kalomi oltin va kumush iplar bilan yoziladi. Abdurahim Amin Buxoriy mana shu sharafli vazifani o‘nlab yillar davomida bajardi. Uning “sulus” uslubidagi xati Ka’baning oltin yozuvli kamari – “hizam” uchun asosiy namunaga aylandi. Bugun ham u yozgan namuna asosida Kisva tikiladi. 658 kvadrat metrlik kisva 670 kg ipakdan tayyorlangan bo‘lib, maxsus dastgohlar yordamida bir-biriga tikilgan 47 qismdan iborat.

1944 yilda podshoh Abdulaziz Ka’ba uchun yangi eshik yasashni buyurdi. Eshikdagi yozuvlarni bitish ham aynan Abdurahim Aminga nasib etdi va 1947 yilda Ka’baga o‘rnatilgan yangi eshik Islom san’atining yuksak namunasiga aylandi. Keyinroq, 1979 yilda o‘rnatilgan hozirgi eshikda ham uning xattotlik ishlari aks etgan.
Abdurahim Amin Buxoriy mashhurlikdan yiroq, kamtar va fidokor inson edi. Saudiya Arabistoni Qirollik bayrog‘i uchun yozuv namunasini ham, Madinadagi Ravza pardasi va ko‘plab masjid bezaklarini ham Abdurahim Amin ishlagan.

Qirol Faysal uning xizmatlarini e’tirof etib, Abdurahim Amin Buxoriy ismini Kisvaga yozdirdi va bu sharafli in’om hanuz saqlanib turibdi.
Abdurahim Amin Buxoriy 1990-yillar oxirida vafot etgan bo‘lsa-da, uning san’ati har yili Ka’baga yangi Kisva osilishi bilan yana qayta akslanadi. Uning qalamidan chiqqan har bir yozuv go‘zallikka xizmat qiladi. Bugun har bir ziyoratchi Ka’baga qaraganda, aynan Buxoriy yozgan yozuvlarga nazar tashlaydi – bu esa uning Alloh kalomini go‘zal shaklda bitishga bag‘ishlagan umrining dalilidir.
T.Azimov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi delegatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Qatar, Afg‘oniston, Bolgariya, Somali, Mavritaniya, Yaman, Falastin, Suriya, Iroq, BAA, Qozog‘iston, Rossiya, Indoneziya, AQSH, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardan fatvo markazlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Somali vaqflar vaziri, Mavritaniya ta’lim va islom ishlari vaziri, Yaman vaqflar va irshod vaziri, Falastin oliy shar’iy qozisi, Suriya bosh muftiysi hamda boshqa diniy ulamolar nutq so‘zladi.
Tadbir fatvo kengashlarining ummat birligini mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlandi. Fatvolarni jamoaviy ishlab chiqish, ayni bir diniy masala bo‘yicha zid talqinlar tarqalishining oldini olish va yoshlarni qiziqtirgan e’tiqod masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Oila instituti muammolari, fatvo kengashlarining zo‘ravonlik va terrorizmga munosabati, migratsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza almashildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar arab tilida O‘zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida so‘z yuritib, bu boradagi asosiy yo‘nalishlar va rejalar haqida ma’ruza qildi.
Muftiyning ta’kidlashicha, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ummat hamjihatligi tinchlik va taraqqiyotning muhim omilidir. Fatvo kengashlari zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyili asosida yechim topishi lozim. Internet orqali tarqatilayotgan asossiz fatvolarning oldini olish zarur.
Shu bilan birga, Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Fatvo markazining faoliyati va tajribasi haqida ham alohida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma tashkil etish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqish, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan ilgari surgan takliflari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ziyorat turizmi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik hamda boshqa sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati