Hindiston mustaqillik harakatining yetakchisi Mahatma Gandi 1937 yil 27 iyulda chop etilgan “Harijan” nomli haftalik jurnalida ulug‘ sahobalar Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumni tavozeli va mas’uliyatli rahbarlar sifatida tilga olgan.
Islom tarixi haqidagi kamdan-kam gapiradigan Gandining ushbu maqolasida ikki xalifani kamtarin hayot kechirgani va halollik bilan mamlakatni boshqargani namuna qilib ko‘rsatgan.
Gandi mazkur e’tirofni jurnalda e’lon qilib, endigina davlat lavozimlarini egallay boshlagan Hind milliy kongressi a’zolariga axloqiy maslahatlar bergan.
Maqolada Gandi quyidagicha yozadi:
“Men sizlarga Ram Chandar yoki Krishnadan misol keltira olmayman, chunki ular tarixiy shaxs sifatida qabul qilinmagan. Shu bois men faqat sizlarga hazrat Abu Bakr va hazrat Umar Foruq roziyallohu anhumning nomlarini keltira olaman. Ular ulkan mamlakatning rahbarlari edilar, ammo o‘z hayotlarini juda oddiy va kamtarlik bilan o‘tkazgan edilar”
Bu so‘zlar Hindiston tarixidagi muhim bir pallada aytilgan edi. 1937 yilda Hind milliy kongressi ilk bor Buyuk Britaniya hukmronligi ostidagi bir necha viloyatlarda hukumat tuzish huquqiga ega bo‘ldi. Jarayonlar 1935 yilgi Hindiston boshqaruvi to‘g‘risidagi qonun asosida o‘tkazilgan saylovlar natijasida amalga oshdi.
Gandi har doim siyosatchilarning ma’naviy pokligi haqida qayg‘urardi. U Kongress rahbarlariga mansab va boylikka berilib ketmaslikni, halollik va xalq xizmatini ustuvor qo‘yish borasida o‘git berardi. Shuning uchun ham xalifalar Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumni misol qilib keltirdi va haqiqiy rahbar xalqqa xizmat qiluvchi, oddiy hayot kechiruvchi inson bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
“Harijan” jurnali Mahatma Gandi tomonidan 1933 yilda ta’sis etilgan haftalik nashr bo‘lib, asosan ijtimoiy islohotlar, ayniqsa kasta tizimini yo‘qotish va “past toifa”ning huquqlarini himoya qilish mavzulariga bag‘ishlangan edi.
Jurnalda Gandining din, siyosat va axloq haqidagi fikrlari muntazam chop etilgan.
Nashr ingliz tilida chiqarilar, shuningdek hind va gujarat tilida ham nashr etildi. Jurnal 1955 yilgacha faoliyat yuritgan.
Jurnaldagi e’tirof Gandining Islom qadriyatlariga nisbatan hurmatini namoyon etgan holatlardan biridir. U ko‘pincha o‘z nutq va maqolalarida Qur’on oyatlarini, Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning so‘zlarini keltirar, ularni insoniyat uchun axloqiy namuna sifatida ko‘rsatar edi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati