Qizim sen katta bo‘layotganingdan emas, balki tezda ulg‘ayib, boshqa bir xonadonga kelin bo‘lib ketishingdan, seni har kuni ko‘ra olmaslikdan ichimda bir xavotirmi, sog‘inchmi – nimadir bor. Axir kechagina go‘dak eding, bugun qizaloqqa aylanding. Ertaga...
Har kuni so‘zlaring ravonlashib, fikrlashing teran bo‘lmoqda. Qizim, sen ulg‘ayganing sayin mening ko‘nglim kichrayib bormoqda. Sen bilan ko‘proq vaqtimni o‘tkaza olmayapman...
Qizim, men o‘rgatolmaganimni hayotdan o‘rganasan. Shuni bilginki, ota qiziga tanbeh bersa, bu uning qizini yomon ko‘rishini anglatmaydi. Otalar qizlarini juda yaxshi ko‘rishadi. Jim turganida ham qizining kelajagi haqida o‘ylayotgan bo‘ladi.
Ota shodlansa, buning sababi ko‘proq farzandlarining yutug‘i bo‘ladi. Otaning sha’ni – borlig‘i qizi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Balog‘atga yetishing, munosib juftingni topib, ummatga, millatga xizmat qiladigan farzandlarga ona bo‘lishingni tilayman!
Bilginki, necha yoshga kirsang ham men seni xuddi hozirgiday yaxshi ko‘raman! Menga seni ne’mat qilib bergan Zotga omonat bo‘l, qizim.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Beqaror taqdir sabab bizga ta’na etganlarga ayting:
Qo‘rquvga qalbi to‘lgangina qismatga qarshi chiqmasmi?!
Doimo savob umidida bo‘ling. Chunki g‘am-tashvish yoki mahzunlik yetsa bilingki, u gunohlaringizga kafforot bo‘lmoqda. Agar siz biror farzandingizni yo‘qotsangiz, bilingki, u Qiyomat kuni sizga shafoatchi bo‘ladi. Agar sizga biror kamchilik yoki biror kasallik yetsa, bilingki, u Allohning huzurida ajr-mukofotga aylanib turibdi. Ochlik o‘z evazi bo‘lgan ajri, kasallik o‘z savobi va faqirlik esa o‘z mukofoti bilan U zotning huzurida saqlanib turibdi. Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmaydi, barchasini saqlaydi. Bu xuddi omonatni saqlab uni oxiratda egasiga qaytarish kabi amalga oshadi.
Shu’la: Namoz – ko‘ngilni xotirjam qilish va g‘amlarni daf etish kafilidir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan