Islom dini faqat diniy ahkomlarga chegaralanib qolgan din emas, balki, u jamiyatning ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi, kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, ba’zi bir insonlar diniy ilmsizligi sababli hayotida ko‘plab muammolarga duch kelishi tabiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblikdir.
Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, uning asl manbalari bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu bid’at ish juda qattiq qoralangan. Chunki, bu illat turli zamonlarda turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib bo‘lmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda. Biz ushbu yomon illatdan o‘zimizni himoya qilish uchun, avvalo, mutaassiblik nima ekanligi, dinimizda peshvo bo‘lgan ulamolar unga qanday ta’rif berganini quyida keltirib o‘tamiz.
Mutaassiblik – biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan buni “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib kishi ko‘r-ko‘rona xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.
“Kashshofu istilohotil funun” kitobida: “Mutaassiblik – garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir”, deb ta’riflangan. Ulamolardan Alloma Taftazoniy: “Mutaassiblik – haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir”, deb aytgan. Shayx Alovuddin Buxoriy: “Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi”, deb ta’rif bergan. Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy esa: “Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi; birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi”, deb aytgan ekan. Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida: “Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!”, deb aytgan. Shuningdek, mutaassib kishi jamiyat ichida tarafkashlik va bo‘linish yuzaga chiqishiga ham sababchi bo‘ladi. Bu ham muqaddas dinimizda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo Oli Imron surasining 103-oyatida aytadi: “Barchangiz Allohning arqoniga (Qur’onga) bog‘laningiz va bo‘linmangiz!”.
lamolar mutaassib kimsaning uchta belgisi bor deb aytishgan;
- doimo amallarning eng qiyinini oladi;
- o‘zi yurgan yo‘lni faqat shu haq yo‘l deb e’tiqod qiladi;
- unga qarshi chiqqan barchani zalolatda deb hisoblaydi.
Har bir iymon-e’tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmoqdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, e’tiqodda qay darajada bo‘lish zarurligini ko‘rsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning o‘rtachasidir”, degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar.
Azizbek Boqiyev,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.
Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.
«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.
Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati