Ona farzandini dunyoga keltirishi – hayotdagi eng og‘riqli sinovlardan biri sanaladi.
Maryam alayhassalom Iyso alayhissalomga homilador bo‘lganlarida shunday og‘riqni boshdan kechirayotganlarida Alloh taolo bir qancha oyatlarni nozil qilgan: «“Uning ostidan nido qildi: “Mahzun bo‘lma, batahqiq, Robbing ostingdan oqar suv qildi”» (Maryam surasi, 24-oyat).
Ayrim shifokorlar homilador ayollarga salqin suvga oyoqlarini tiqib o‘tirishni tavsiya qiladilar. Bu qon aylanishini yaxshilashga va tug‘ruqning oson kechishiga yordam beradi.
Keyin Alloh taolo xurmo daraxtini silkitishni buyuradi: “Xurmo tanasini o‘zingga silkit, senga yangi xurmo tushiradi” (Maryam surasi, 25-oyat).
Ba’zi tug‘ruqxonalarda homilador ayollarga nimadir ushlab turishni va uni orqaga tortishni tavsiya qiladilar. Bu tug‘ruq og‘rig‘i va mushaklarning kuchlanishini yengillashtiradi.
Xurmo tarkibida issiqlik va oson so‘riladigan qand – fruktoza bor. Shifokorlar homilador ayollarga tug‘ish arafasida va ko‘z yorigan kuni tarkibida fruktoza miqdori ko‘p bo‘lgan oziq moddalardan iste’mol qilishni tavsiya etadilar.
Davron NURMUHAMMAD
Muborak Qurbon hayiti arafasida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Farg‘ona viloyatida ham tashkil etildi. Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari Farg‘ona tumanida bo‘lib, ikki bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim bo‘lgan bolajonlar holidan xabar oldilar.
Samimiy muloqot davomida bemor bolalar va ularning ota-onalariga ma’naviy dalda berilib, shifo tilandi. Shuningdek, davolanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan xayriya mablag‘lari o‘z egalariga topshirildi.
Bu kabi tadbirlar jamiyatimizda mehr-shafqat va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, bemor farzand tarbiyalayotgan oilalarga xalqimizga xos g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati