17 noyabr kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonovlar Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Mehmonlar mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar. Uchrashuvda Finlandiya delegatsiyasi Samarqandda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik sohasidagi faoliyatni yuqori baholadi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Shuningdek, mehmonlar shahrimizning ko‘hna qadamjolari va madaniy meros obyektlarini ko‘rishdan katta zavq olganliklarini ta’kidladilar. Uchrashuv samimiy va foydali ruhda o‘tdi, va tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati