Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448

Farishta javob qaytarib turgan edi!

24.11.2025   5106   3 min.
Farishta javob qaytarib turgan edi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir kishi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuni haqorat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘sha yerda edilar. Abu Bakr roziyallohu anhu u kishiga hech narsa demadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan ajablanib, tabassum qilib o‘tirdilar. Haligi kishi so‘kishni haddan oshirganidan so‘ng Abu Bakr roziyallohu anhu bir narsa deb unga javob qaytardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam achchiqlanib turib ketdilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan borib so‘radi:

- Ey Allohning Rasuli! U meni so‘kkanida o‘tirdingiz, ammo men javob qaytarganimda g‘azablanib turib ketdingiz?!

Nabiy alayhissalom dedilar:

- Bir farishta sen bilan birga bo‘lib, haligi so‘kkan kishiga javob qaytarib turgan edi. Sen javob qaytarishni boshlaganingda farishta ketib, shayton keldi. Men shayton bilan bir joyda o‘tirmayman!

So‘ngra yana dedilar:

- Uchta narsa haqdir: zulm ko‘rgan kishi zulmga sabr etsa, Alloh uning izzatini oshiradi; bir banda kishilarga saxovat qilsa, Alloh uning molini yanada ko‘paytiradi; kim tilanish eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi!

Agar bir kishini o‘z axloq darajangizga ko‘tarishga kuchingiz yetmasa, hech bo‘lmaganda uning axloqi darajasiga tushmang. Pastkash insonga qarshi uning quroli bilan kurashsangiz, u bilan teng bo‘lib qolasiz. Shallaqini shallaqilik bilan qaytarish ham shallaqilikdir. Agar fazilat sohibi janjal qilib pastkashlar kabi tubanlikka tushsa, bu zaminda fazilat sohiblari qolmagan bo‘lardi!


Mark Tven aytadi: «Ahmoqlar bilan tortishma. Chunki ular seni oldin o‘zlarining darajalariga tushirib olib, so‘ngra osonlik bilan yengishadi!».

Inglizlarning ham shunga yaqin maqoli bor: «Cho‘chqa bilan balchiqda olishma. Aks holda, sen rasvo bo‘lasan, u esa maza qiladi. Zero, ifloslik uning hayot uslubidir!».

Biz oldimizda bo‘layotgan har qanday janjalga aralashavermasligimiz lozim.

Birov chaqirsa, urushga qo‘shilib ketaverishimiz to‘g‘ri emas. Shunday janglar borki, faqat unga qo‘shilmagan odamgina g‘alaba qozonadi!

O‘zingizni bilmaslikka soling, ko‘z yuming. Zero, o‘zni bilmaslikka solish payg‘ambarlar xulqidandir.

«Yusuf buni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Ularga oshkor qilmadi!»


Imom Ahmad rohimahulloh aytadi:

«Ofiyatning o‘ndan to‘qqizi o‘zni bilmaslikka solishdadir».


Imom Shofi’iy rohimahullohning gapidan shoir Abu Tamom o‘zining quyidagi baytiga ilhom olgan:

«Ahmoq kishi qavmiga oqsoqol bo‘la olmaydi. Ammo qavmning oqsoqoli o‘zini ba’zan ahmoqlikka sola olishi kerak!».

 

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

02.10.2026   27052   3 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

2-QISM

 

Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq. Ushbu fitnachining go‘yoki “ushbu ummatga jihodsiz hayot yo‘q” kabi da’volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod” urush olib borish ekan” degan tor tasavvurlar bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilmoqda.

Ma’lumki, “jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g‘ayrat qilmoq” ma’nolarini anglatib, Islom ta’limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan. Arab tilida asli “urush” ma’nosini “qitol” so‘zini anglatadi.

Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (insonning o‘zining nafsi va yomon hulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo‘l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi e’tirof etiladi.

Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush kelingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o‘z nafsini yengishi ekani kelib chiqadi.

Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Jihodning afzali Alloh taoloning yo‘lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingda”, deyilgan.

Dunyo ulamolarining xulosalariga ko‘ra, islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta’kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo‘q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar hozirda o‘zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.

Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo‘lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo‘lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog‘iylarcha qurol ko‘tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo‘ladi. Kimki amirga itoat qilsa, demak menga itoat qilibdi va kimki amirga osiylik qilsa, demak menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya’ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ular dalil qilib keltirayotgan oyat va hadis qo‘rqitish ma’nosidagi matnlardandir. Bu kabi oyat va hadislardan hukm chiqarish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Asl hukm bo‘yicha, ahli tavhid do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.

Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniy o‘zining “Subulus salom” nomli mashhur kitobida yuqoridagi hadis va uning ma’nosidagi boshqa hadislarni sharhlab bo‘lganidan keyin, quyidagi hadisning sharhida aytadi:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

“Bu hadis umumiy va o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon bo‘lgan arablarni O‘zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o‘z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar”.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi