Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.
Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.
Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Abduvahob Yaqubboyev,
Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi
@SOFTALIMOTLAR
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gohida insonga balo ham bir ne’mat bo‘lar,
Va goho Robbim ne’mat bilan imtihon etar.
Ibodatli, yaxshi bir ibodatli do‘stimning ayoli saraton kasaliga chalindi, ularning uch farzandi bor edi. Do‘stimga dunyo tor kelib, yer zulmatga aylanib qoldi. Shunda ulamolarning biri unga saharlari turib ibodat qilib, ayoli uchun istig‘for aytib, zamzam suviga qiroat qilib unga ichirishini maslahat berdi. Alloh taolo uning yo‘lini duo qilishga ochib qo‘ydi. Ayoli Qur’on o‘qilgan zamzam suvi bilan jismini tozalar, u esa ayoli bilan tong sahardan quyosh chiqquncha, shom namozidan keyin xuftongacha o‘tirib birgalikda istig‘for aytib duo qilishardi. Shunday qilib Alloh taolo uning kasaliga shifo berdi, unga go‘zal teri va chiroyli sochlar ato qildi. Ular esa istig‘for va tungi namozga bog‘lanib qolishdi.
Singlim, agar siz kasal bo‘lsangiz Alloh tomonga yuring, istig‘for, tavba va duoni ko‘paytiring. Shunda tez orada sizni xursand qiladigan xushxabar keladi. Chunki duoni faqatgina Alloh taolo ijobat qiladi, qiyinchilik va yomonliklarni U Zotgina aritadi.
Shu’la: O‘tgan va bugungi kunlaringizni hisob-kitob qiling. Chunki hayot ketma-ket sinovlardan iborat, inson bu sinovlardan g‘olib bo‘lib chiqishi lozim.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan