Bugun, 8 dekabr kuni Makka shahridagi “Marmara” mehmonxonasida Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan ayni kunlarda Makkai mukarramada toatu ibodatlar bilan bo‘lib turgan 240 nafardan ziyod ziyoratchilarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Mutasaddi vakillarimiz umra safarida bo‘lib turgan hamyurtlarimizni qomusimiz qabul qilingan kun bilan muborakbod etib, yurtimizda so‘nggi yillarda bo‘y ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erkinlik ne’mati, uni asrab-avaylash va qadrlash barcha yurt farzandlarining burchi ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda keyingi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani, jumladan, umra ziyorati bir necha yuz ming nafarga, Haj kvotasi esa 15 ming nafargacha oshirilgani, ularga xizmat ko‘rsatish, mavjud sharoitlar havas qiladigan darajaga ko‘tarilgani, bunga hozirda umra amalini ado etayotgan hamyurtlarimiz bevosita guvoh bo‘layotgani qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarni yaxshi tilak va duolar bilan qutlash barobarida bayram shirinliklari ham ulashildi. Ko‘taringki va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.
Alloh taolo yurtimizni tinch va farovon, xalqimizni xotirjam va baxtiyor aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mahmud ibn Labid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichik shirk”, dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, kichik shirk nima?” deyishdi. U zot: “(Kichik shirk) Riyodir, insonlar amallariga yarasha jazo yoki mukofot oladigan kunda Alloh taolo riyokorlarga: “Dunyoda kimlar uchun riyo qilgan bo‘lsangiz, o‘shalarga boringlar. Qaranglar-chi, ularning huzurida biron mukofot toparmikansizlar?!” deydi”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyat qilgan. Shu’ayb Arnaut isnodi sahih degan).
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining
“Rabboniy nidolar” kitobidan