Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Mehmonni hurmat qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim bo‘lsin”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
2. Mehmonni ochiq yuz va shirin so‘zlar bilan kutib olish.
Ummu Hone’ roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganimda: “Marhabo! Xush kelibsiz! Ey Ummu Hone’”, deb qarshi oldilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Avzo’iy rahimahulloh: “Mehmonning hurmati unga ochiq yuz bilan xizmat qilishdir”, degan.
3. Mehmondorchilikka taqvodor, dinu-diyonatli iinsonlarni taklif qilish.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faqat mo‘min bilan birga (yo‘ldosh) bo‘l. Taomingdan faqat taqvodorgina tanovul qilsin”, dedilar.
4. Mehmonlarni dasturxon oldida yolg‘iz qoldirmay, yonida gaplashib o‘tirish, birga yeb-ichish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anho onamizga: “Mehmoning bilan o‘zing ham ovqat yegin, chunki mehmon yolg‘iz o‘zi yeyishdan hayo qiladi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
5. Taomni avval yoshi ulug‘lardan boshlash, keyin o‘ng tomondagilarga uzatish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlarga suv uzatsalar: “Kattalardan boshlang”, der edilar.
Agar mehmonlar yoshda barobar bo‘lsalar, o‘ng tomondan uzatiladi.
6. Mehmon bir luqma taom yeganidan so‘ng, hadeb “oling”, “oling” deb uni yeyishga majburlanmaslik.
7. Mehmonni eshik oldigacha kuzatib qo‘yish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mehmonni eshik oldigacha kuzatib borish sunnatdir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
8. Mezbonning haqqiga duo qilish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mehmon qilgan kishining haqiga duo qilardilar:
اللهم بارك لهم فيما رزقتهم واغفر لهم وارحمهم
“Allohumma baarik lahum fiyma rozaqtahum vag‘fir lahum varhamhum”.
“Allohim, bu xonadon ahlining rizqiga baraka ber, ularning gunohlarini mag‘firat qil va ularga rahm ayla!” (Imom Muslim rivoyati).
أللهم أطعم من أطعمني واسق من سقاني
“Allohumma at’im man at’amaniy, vasqi man saqoniy”.
“Allohim, meni taomlantirgan kishilarni Sen ham taomlantirgin, meni suv bilan sug‘organ kishilarni sen ham serob qilgin!”.
أفطر عندكم الصائمون وأكل طعامكم الأبرار وصلت عليكم الملائكة
“Aftara indakumus sooimuna va akala toa’makumul abror va sollat alaykumul malaaika”.
“Xonadoningizda ro‘zadorlar og‘iz ochsin, taomingizni yaxshilar yesin va sizlarga farishtalar salavot aytib, haqingizga duo va istig‘for aytsin!” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz