Savol: Uzrli (orqa avratdan operatsiya tufayli doimiy qon kelib turuvchi) kishi haj va umra safariga borsa bo‘ladimi? Borsalar, ularga qanday tavsiya beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Albatta, savolda tilga olingan uzrli odamlar sog‘ligi ko‘tarsa, haj va umra singari muborak safarlarga borishi durust. Faqatgina tavofda e’tiborli bo‘ladi. Sababi tavofda tahoratli bo‘lish tavofning vojiblaridan sanaladi. Betahorat tavof qilish qo‘y so‘yishni lozim qiladi.
Savolda aytilgan odamning orqa avratidan tinimsiz, ya’ni tahorat olib, vaqti kirgan namozni shu tahorati bilan o‘qiy olmaydigan darajada najosat chiqib tursa, bu odam “sohibi uzr” hisoblanadi. Namoz vaqti kirganda tahorat oladi va namozini o‘qiyveradi.
Shuningdek, shu namoz vaqti chiqib ketguniga qadar tavof ham qilaveradi. Chiqadigan najosat ehrom libosi va yerni nopok qilib qo‘ymaslik uchun biror mato yoki shu kabi narsa (pampers) bog‘lab oladi.
Masalan, asr vaqtida tahorat olgan bo‘lsa, shom namozi vaqti kirgunicha tavof qilaveradi. Shom vaqti kirgach, qayta tahorat oladi. Bu narsa unga qiyinchilik tug‘dirsa, xufton kabi vaqti uzoq davom etadigan namoz vaqtida tavof qilishi tavsiya etiladi. Sa’y uchun tahoratli bo‘lishi vojib emas.
Agar najosat tez-tez emas, uzoq vaqtda, masalan, taxminan 15 daqiqa va undan ko‘p vaqtda chiqib turadigan bo‘lsa, har najosat chiqqanda tahorat olib, tavof qiladi. Chunki bunday odam sohibi uzr bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda.
Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.
Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.
Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.
Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.
Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati