Inson hayoti doimiy harakat, qaror va tanlovlardan iborat. Bu yo‘lda inson o‘zini oqlab yashashi ham, o‘zini tarbiyalab, kamolga intilishi ham mumkin. Shuning uchun ham aql egalari har kuni o‘zini taftish qilib turishni hayot qoidasiga aylantirgan. O‘zingizni taftish qilish — bu o‘zgani ayblash emas, balki o‘z qalbingizga rost qarashdir. Nima ish qildim? Qanday so‘z aytdim? Birovning haqqiga xiyonat qilmadimmi? Birovning ko‘nglini og‘ritmadimmi? Mana shu savollar insonni to‘g‘ri yo‘lda ushlab turadi.
Islom ta’limotida ham nafsni hisobga tortish ulug‘ amal sifatida ta’kidlangan. Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisobga tortilmasdan oldin o‘zingizni hisobga torting», deganlar. Bu gap tasodifiy emas. Chunki o‘zini taftish qilgan inson xatosini vaqtida anglaydi, pushaymon bo‘ladi va tuzatishga harakat qiladi.
Agar inson o‘zini tekshirmasa, kamchilikni faqat boshqalardan qidiradi. Bunday holat esa kibr, g‘urur va adovatga olib boradi. Holbuki, jamiyatdagi ko‘p muammolarning ildizi ham aynan o‘z-o‘zini nazorat qilmaslikdan kelib chiqadi.
O‘zingizni taftish qilishning eng qulay payti — kun oxiri. Kechqurun bir oz to‘xtab, uxlashga shoshilmasdan, o‘tgan kunni taftishdan o‘tkazing. Yaxshi amallar uchun shukr qiling, xato va kamchiliklar uchun istig‘for ayting. Shu oddiy odat insonni ma’nan poklaydi, qalbni yumshatadi.
Shuningdek, o‘zingizni taftish qilish atrofdagilarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki o‘zini nazorat qilgan odam so‘ziga ehtiyot bo‘ladi, adolatli ish tutadi, mas’uliyatni his qiladi. Bunday inson oilada ham, jamoada ham ishonchli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zingizni taftish qilib turish — o‘zingizdan kamchilik izlash emas, balki kamolga, xatolarni kamaytirishga intilishdir. Bu odat insonni xato yo‘ldan qaytaradi, vijdonni uyg‘oq qiladi va oxirat uchun ham, dunyo uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Polsha Musulmonlar diniy ittifoqi raisi, muftiy Tomash Mishkevichning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrif doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Hamidjon Ishmatbekov va rais o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov muftiy Tomash Mishkevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, din peshvolari o‘rtasida tajriba almashish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda “halol” standartlari borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Polsha delegatsiyasiga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy hayot, Musulmonlar idorasi, masjidlar, madrasalar va Fatvo markazi faoliyati, diniy ta’lim tizimidagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurib, u yerda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari va noyob qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdi.
Muftiy Tomash Mishkevichning Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham uchrashdi. Ishtirokchilar markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy makondagi o‘rni va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Suhbatdan so‘ng Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonning tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov bilan ham ko‘rishdi. Muloqotda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy va islomiy merosi, ziyorat turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Tomonlar buyuk islom allomalari – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosini, Toshkent, Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalar hamda muqaddas qadamjolarni Polsha musulmon jamoalari orasida keng targ‘ib qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatini Polshada yanada keng namoyon etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida Polsha delegatsiyasi Samarqand va Buxoroda bo‘lib, u yerdagi tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati