Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zining rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam orqali ayollarning qadr-qimmatini yuksaklarga ko‘tarib, Qur’oni karimda ular uchun alohida sura nozil qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin.
O‘zining hadisi shariflarida ayollarning hukmlarini batafsil bayon qilgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga mukammal durudu salavotlar bo‘lsin.
Hozirgi kunda zamonaviy fiqhiy masalalar deganda, asosan, uch xil tur nazarda tutiladi:
1) Ilgari mavjud bo‘lmagan va hukmni aniqlashtirishni talab qiladigan zamonaviy masalalar;
2) O‘tmishda hukmi bo‘lgan, lekin ular bo‘yicha hukm chiqarilish sababi o‘zgargan holatlar, shartlar va odatlar tufayli o‘zgargan, qayta ko‘rib chiqish va sinchkovlik bilan qarashni talab qiladigan masalalar;
3) Eski hukmlarning yangi suratlari, masalan: “Samolyotda kelayotganlar uchun Jiddadan ehrom”, “Ro‘za va hajni davom ettirish uchun dori ichish” va boshqalar. Oldingi hukmga tegishli bo‘lgan, lekin o‘tmishda bo‘lmagan, uni fatvoning mohiyatiga mos keladigan yangi tarzda ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan masalalar.
Hozirgi kunimizda ham ayollarga doir zamonaviy fiqhiy masalalar atroflicha ko‘p. Dunyoda aloqa vositalarining rivojlanishi, globallashuv, moda olami va shu kabi boshqa omillar sababli ayollar o‘rtasida axborotlar almashinib, ularning birlari boshqalari bilan muloqotlashib, ularning orasida boshqalarga taqlid kabi harakatlar ham avj olib bormoqda. Turli din dushmanlari insonlarning soddaligi, yetarli diniy bilimga ega emasligidan foydalanib, ularga halolni harom, haromni esa halol ko‘rsatyaptilar. Muslima ayol bu kabi murakkab zamonimizda fitnalarga tushib aldanib qolmasligi uchum ham shariy bilimlarni, ayniqsa o‘zlariga xos fiqhiy ilmlardan xabardor bo‘lishi kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir”.
Ayollar tilga olinganda birinchi navbatda ularning zeb-u ziynatlarga moyilliklari esga tushadi. Ziynat deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o‘zlarini chiroyli ko‘rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko‘zda tutiladi.
Islomda ayol kishiga zebu ziynat halol qilingan. Chunki chiroyli bo‘lishga urinish har bir ayolning tabiatida bor. Alloh ularni shunday qilib yaratgan. Zamon o‘tishi bilan ziynat o‘zgarishi mumkin, ammo ayol kishining ziynatga bo‘lgan rag‘bati o‘zgarmaydi. Islom ayol kishidagi ushbu rag‘batni e’tiborga oladi va ayol kishiga ziynatlanishga ruxsat beradi. Shu ma’noda erkaklarga harom qilingan tilla, kumush va shoyi ipaklar ayollar uchun haloldir. Lekin islomda ushbu zebu-ziynatning ta’sir doirasi tartibga solingan. Ayollar zebu ziynatlari bilan nomahram-begona erkaklarga ko‘rinishlari joiz emas.
Zeb-ziynatga o‘chlik, go‘zallikni sevish ayol kishining tabiatida bor.
«Zeb-u ziynat ichida o‘stiriladigan va xusumat paytida ochiq-oydin bo‘la olmaydigan kimsami?!» (Zuhruf surasi, 18-oyat).
Me’yorida bo‘lgan go‘zallik har bir ayolga zarurdir, bu narsa hech qachon qoralanmagan.
Hozirgi kunda hamma joyda ziynatlanish, pardoz-andoz qilishni targ‘ib qiluvchi hayqiriqlar yangramoqda. Ularni telekanallar va boshqa vositalar orqali qabul qilayotgan yosh qizlar ko‘pincha juda yomon holatlarga tushishmoqda, ko‘r-ko‘rona taqlid qilishga o‘tishmoqda. Misol uchun:
Quloqlarni teshtirish, bir marta emas, bir necha joyidan, turli ko‘rinishda teshtirish. Shuningdek, labni yoki qoshni, hatto kindikni va nihoyat, tilni ayri qilib teshtirishgacha borishadi.
Inson tanasida ortiqcha teshiklar paydo qilish diniy ulamolar tomonidan ham, tibbiyot sohasi mutaxasislari tomonidan ham birdek qoralanadi. Bunday amaliyotlar ko‘p hollarda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kuzatiladi. Shuningdek bunday amaliyotlar yuqumli kasalliklarni tarqatuvchi jigar yallig‘lanishi va uning ishdan chiqishi yoki teri kasalliklarining kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Dinimizda ayollar ochiq-oydin qaytarilgan ziynatlarning nojoiz turlari ko‘p. Misol uchun: Vashm. Ya’ni tananing biror joyiga igna yoki boshqa vosita bilan rasm yoki so‘zni o‘yib, naqsh solish (tatirovka), xol qo‘yish, qosh yoki qovoqni shu yo‘l bilan bo‘yash. Bu ham shariatimiz harom qilgan yana bir odatdir.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam vashm qiluvchi va vashm qildiruvchi ayolni la’natladilar».
La’nat o‘ta og‘ir gap, Allohning rahmatidan mahrumlik degani. Allohning Rasulidan la’nat olish esa juda ham dahshatli holatdir.
Johiliyat davrida vashm qilish nihoyatda avj olgan edi. Ayollar soxta chiroy ishtiyoqida o‘zlarining sog‘ badanlarini igna bilan teshtirib, qon chiqarib, jarohat o‘rniga surma yoki shunga o‘xshash biror modda sepib, yasama xol yoki turli belgilar qilar edilar. Bu ishni amalga oshiradigan usta ayollar bor edi. Kim vashm qildirmoqchi bo‘lsa o‘shalarga murojaat yetardi. So‘nggi paytlarda bu odat o‘zining turli ko‘rinishlari bilan yanada kengroq tarqaldi. Kishilar tanalarining yelka yoki bel qismiga, sonlariga, yuzlariga, qo‘llariga xullas duch kelgan joyiga o‘chib ketmaydigan qilib rasm soldirib, ko‘z-ko‘z qilib, bu xunuk odatni ommaga targ‘ib qilmoqdalar.
Qosh terish. Ha, qalbaki go‘zalliklardan yana biri – ayollar o‘rtasida keng tarqalgan qosh terish odatidir. Bu ham shariatimiz harom qilgan amallardandir. Bu aldash, qalbakilik va noshukrlikdir. Ammo badandagi (misol uchun, oyoq, qo‘l va yuzdagi) boshqa tuklarni terish, tozalash lozim. Hatto sahih qavlga ko‘ra ayol kishi bu amallarni eriga chiroyli ko‘rinish uchun qilishi mubohligi aytilgan.
Taflij. Ya’ni tishlarning orasini ochish yoki ularni qirish. Bu asosan katta yoshdagi ayollar tomonidan yosh ko‘rinish uchun qilinadigan ishlardan bo‘lib, bu ham haromdir. Bu odat bizning yurtimizda keng tarqalmaganini aytib o‘tishimiz lozim.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Alloh husn uchun vashm qiluvchi ayollarni, vashm qildiruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila teruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila terdiruvchi ayollarni va tish orasini ochuvchilarni – Allohning yaratganini o‘zgartiruvchilarni la’natlasin», dedi. Bu gap Banu Asadlik Qur’on qiroat qiladigan Ummu Ya’qub ismli ayolga yetdi. U kelib, bu haqida so‘radi. Shunda u: «Nima uchun Rasululloh sollalohu alayhi vasallam la’natlagan kimsani la’natlamas ekanman?! Holbuki, bu Allohning Kitobida bor», dedi. «Batahqiq, Mushafning ikki muqovasi ichidagi narsani o‘qidim. Lekin buni topmadim», dedi ayol. «Agar yaxshiroq o‘qiganingda uni topar eding. Alloh taolo: «Rasul sizga nimani bersa, olingiz va U sizni nimadan qaytarsa, qaytingiz» (Hashr surasi, 7-oyat) degan», dedi u.
Lekin tishni davolashga ehtiyoj bo‘lsa, masalan, tish qiyshiq bo‘lsa yoki uzun, yoki bo‘rtib chiqib qolgan bo‘lsa, u holda bunday muolajaga ruxsat bor.
Sochni g‘ayriodatiy qilib kesish. Ayol-qizlar o‘rtasida keng tarqalgan xunuk odatlardan yana biri sochni kesish yoki butunlay qirib tashlashdir.
Sochni qirish, rojih so‘zga ko‘ra, bunga ehtiyoj bo‘lmagani uchun ayollar uchun joiz emas. Ammo sochni kesib, qisqartirish ixtilofli masala. Rojih so‘zga ko‘ra, ayollar sochlarini kesishlari va uni ziynatlashlari joizdir. Shart shuki, erkaklarning sochiga o‘xshab qolmasligi, ya’ni o‘ta kalta bo‘lmasligi va ajnabiylarga taqlid uchun bo‘lmasligi kerak. Shu bilan birga, ayol kishining sochi avrat ekanini hech qachon esdan chiqarmaslik lozim.
«Sahihi Muslim»da kelishicha, mo‘minlarning onalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin ziynatni tark etish maqsadida sochlarini qisqartirishgan. Lekin bu masalada ham moda ortidan quvib, boshqalarga taqlid qilib ketishdan yiroq bo‘lish kerak.
Sochni bo‘yashga kelsak, bu ham ziynatga taalluqli masalalardan bo‘lib, aslida u joizdir. Faqat bunda ba’zi shartlar bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahih hadisda: «Manavi oq sochlarni bir narsa bilan o‘zgartiringlar», yana boshqa bir rivoyatda: «Uni o‘zgartiringlar. Qora rangdan chetlaninglar», deganlar («Sahihi Muslim»).
Shu bois, ba’zi fuqaholar qora rangga bo‘yashni man qilganlar. Bu bir qavldir. Boshqa bir qavlga ko‘ra, qoraga bo‘yash makruhdir. Bundan qoraga bo‘yash haromligini emas, balki odob-axloqqa zid ekanini tushunish mumkin. Ixtiyor qilingan qavl shudir.
Ba’zilar esa: «Qoradan chetlaninglar», degan qo‘shimcha gap Shozz rivoyatdir, sobit emas deydi. Bu muhaddis va muhaqqiqlardan bir jamoa tanlagan so‘zdir.
Igna bilan badanga turli suratlarni chizdirish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u zot: «Igna bilan badaniga sur’at chizuvchi ayol va chizdiruvchini, soch ulaydiganni va ulatadiganni, husn uchun tishlarining orasini ochuvchini va Alloh xalq qilgan narsani o‘zgartiruvchini la’natlagan», deb aytdilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatda keltirilishicha, soch ulovchi ayol va soch ulatuvchi ayol, igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdiruvchi, og‘riqsiz badaniga surat chizuvchini la’natlangan (Abu Dovud rivoyati).
Bundan ko‘rinib turibdiki, ayollarning fiqhiy masalalarida vaziyatlar, holatlarga ko‘ra hukmlar joriy bo‘lar ekan. Bundan maqsad har qanday holatda insonni mashaqqatdan xalos etishdir. Bu ham islom dinining naqadar mukammal din ekanidan dalolatdir.
Nodira MUROTOVA,
Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan manbalar:
1. Qur’oni Karim o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi.
2. Sahihi Buxoriy.
3. Sahihi Muslim.
4. Ayollarga xos fiqhiy masalar.
5. Kifoya.
6. www.savollar.muslimaat.uz.
Yurtimizda bayramlar ko‘p, shodiyonalar bisyor. Har bir ayyomning o‘z shukuhi bor. Illo, Qurbon hayitining fayzi, futuhi, shodligi, xursandligi o‘zgacha. Chunki bu bayram har yili muhtaram Prezidentimizning «Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorlari asosida butun yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi.
Shu yil 20 may kuni qabul qilingan qarorga binoan bu yilgi Qurbon hayiti «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ezgu g‘oyani chuqur qaror toptirishda, mehr-muruvvat, xayru saxovat ishlari yana ham keng ko‘lam kasb etishida muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Bu yilgi muborak Qurbon hayitini har yilgidan ko‘ra o‘zgacha, ko‘tarinki nishonlanyapmiz. Chunki bu yil hurmatli Yurtboshimiz tashabbuslari bilan yurtimizda turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilgan va qilayotgan 100 nafar yurtdoshimiz “Prezident hojisi” sifatida Islomning beshinchi ruknini mukammal ado etyapti. Bunday ezgu ish tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitiladi.
Qurbon hayiti butun islom ummati uchun juda katta bayram. Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qur’oni karimda marahamat qilinadi: «Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!» (Kavsar surasi, 2-oyat).
Shuningdek, qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz Qurbon hayiti namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kim hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Faqihlarimiz qurbonlikning istilohiy ma’nosini ta’riflab, “Qurbonlik bu – maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, deganlar. Qurbonlik shariatga ikkinchi hijriy sanada kiritilgan. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit kuni tong otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan tugaydi. Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingach qilinadi.
Qurbonlik go‘shtining uchdan birini oila ahliga, uchdan birini qo‘shnilariga, qolganini muhtojlarga tarqatish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi. Terisini sotish yoki qassobning xizmat haqiga berish joiz emas. Mabodo sotilsa, puli kambag‘allarga ehson qilinishi kerak.
Johiliyat davrida Makka mushriklari qurbonlik qilib, go‘shtini Ka’ba atrofiga osib, devorlariga qonini surtar va bu bilan Allohga yaqin bo‘lamiz, deb o‘ylar edilar. Islom kelib, ko‘plab insonlar hidoyat nuridan bahramand bo‘lganlaridan keyin, Alloh taolo musulmonlarni qurbonlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima ekaniga e’tiborlarini qaratib, quyidagi oyati karimasini nozil qildi: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (Haj surasi, 37-oyat).
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozim. Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.
Husayn ibn Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qurbonlikni chin ko‘ngildan va savob umidida qilsa, u (qurbonlik) uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Odam bolasi qurbonlik kuni qiladigan amallarining ichida qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal yo‘q. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushmay turib, Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, deyilgan (Imom Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).
Qurbon hayiti – katta bayram. Bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan solih amallar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Aksincha, bayramni azaga, musibatga, mahzunlikka aylantirmaslik zarur.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlarning boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta’minlangan kishilardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.
Biz ham har bir ko‘ngilga bayram shukuhini olib kiraylik.
Qurbon bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi.
Makkai mukarrama shahri, Arafot vodiysi,
Hijriy 1447 yil, 10 Zulhijja