O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan Ramazon oyida o‘tkaziladigan Xatmi Qur’on tadbirlarida ishtirok etadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur an’anani davom ettirish maqsadida 2026/1447-hijriy yil Ramazon oyida respublikamiz bo‘ylab o‘tkaziladigan Xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashadigan qorilarni saralash uchun barcha viloyat vakilliklarida suhbatlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Jumladan, bugun — 2026 yil 2 fevral kuni Toshkent viloyati, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi masjidlarda xatm o‘qiydigan qorilar ishtirokida suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida ustoz qorilardan iborat hay’at tomonidan ishtirokchilarning Ramazon oyiga tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazilib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Al-Quran.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni izchil tashkil etish orqali ularning muammolarini hal qilishda samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul ham ana shu ezgu ishlarning izchil davomi bo‘ldi. Unda murojaat qilgan har bir fuqaroning masalasi alohida diqqat bilan tinglanib, yechimlari yuzasidan choralar ko‘rildi.
Qabul davomida oilaviy munosabatlar, haj va umra ibodatlarini ado etish, shuningdek, masjidlar faoliyatiga oid savollar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi ishonchini mustahkamlash, ularning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati